Avvalo, kashfiyot deb o‘rganganlarimizni ixtiro deb yozganimiz sababi haqida ikki og‘iz so‘z. Kashfiyot so‘zining ma’nosi bilganingizdek kashf etmoqdir. Masalan, Kolumb Amerika qit’asini kashf etdi deganda Kolumb Amerika qit’asini bir narsani bir narsaga qorishtirib yasagani emas, uni izlab topgani tushuniladi. Nyutonning butun olam tortishish qonuni va Eynishteynning nisbiylik nazariyasi ham shunga o‘xshash hodisa. Demak, kashfiyot – tabiatda oldindan mavjud bo‘lgan hodisaning sirini ochishdir. Inson aqli bilan yaratilgan yangi bir narsaga esa ixtiro deb ataladi. Masalan, kompyuter yasash uchun mavjud bo‘lgan ashyolarning har biri bir kashfiyot bo‘lishi mumkin, kompyuterning o‘zi esa o‘sha narsalar majmuasi bo‘lib inson zakosi tuhfasidir.
Alifbo
Insoniyat tarixidagi eng mashhur ixtirolar haqida turli millatlar orasida so‘rov o‘tkazilganda sayyoramiz aholisidan biror kishi butun dunyoni “larzaga” solgan ixtiro qaysi ekanini qat’iyatla aytib bera olmagan. Lekin ko‘pchilik alifboning yaratilishi dunyo sivilizatsiyasiga turtki bo‘lganini e’tirof etgan va xuddi ana shu ixtiro dunyoda birinchi o‘rinni egallagan. Ulardan harflar va so‘zlar tashkil topgan. Agar harflar, belgilar, so‘zlar, tillar bo‘lmaganda hech qanday ixtiro va texnologiyalar bo‘lmas edi.
Kitob
Yana bir so‘rovda inson zotining eng muhim ixtirosi deb raketa, chiroq, televideniye, radio, internet va hattoki irhone emas, kitob tan olingan. Chunki elektr yoki atom energiyasi yordamida harakatlanadigan kosmik kemalar, samolyotlar va shunga o‘xshash olamshumul kashfiyotlar va ixtirolarning asl sababchisi bu – kitobdir. Barchamiz guvohmiz, hattoki kompyuter, televideniya va boshqa eng ta’sirchan texnologiyalar ham kitob o‘rnini bosa olmadi. U qadimgi bilimlarning eng ishonchli tashuvchisi va unga hech qanday energiyaning ham keragi yo‘q. U hali ham insonlarni bilim va ma’rifat tomon yetaklashda peshqadamlik qilmoqda.
G‘ildirak
Ehtimol, g‘ildirakning ixtiro qilinishi ancha shov-shuvli nou-xau bo‘lgandir. Ba’zi g‘ildirakli texnikalar haqiqatan hayratlanarlidir. Masalan, eng tez yurar mototsikl 2.5 soniya ichida 100 kilometr soat tezlik oladi.
Kompyuter
Applening birinchi kompyuteri
Dunyoni o‘zgartirgan ixtirolardan biri bu – kompyuter. Olimlar o‘tgan asrning 50 yillarida yaratgan, dastlabki kezlarda bahaybat mashinaga o‘xshash bo‘lgan “kompyuter”ning asosiy vazifasi kosmik uchish trayektoriyasini aniq hisoblab borish edi. Bu ixtironi dastlab hisoblash mashinasi deb atashdi. Axborot texnologiyalari bo‘yicha 230 dan ortiq ixtiroga patent olgan Stiv Jobs kompyuter dahosi, afsonaviy odam degan nom oldi. Uning dahosi tufayli faqat portativ kompyuterlar emas, iPod pleyeri mobilnie iPhone mobil telefonlari ham yaratildi.
Kosmik korabllar va sun’iy yo‘ldoshlarning uchish trayektoriyasini, ularning kosmosga ko‘tarilish tezligini to‘g‘ri hisoblash, yer qa’ridagi dolg‘alarni o‘rganish, tabiiy falokatlar sodir bo‘lishini oldindan aniqlash va tabiatda sodir bo‘ladigan o‘zgarishlarni kuzatib borish, foydali konlarni izlab topish, atom stansiyalari ishini nazorat qilib borish – ana inson kompyuterni ixtiro qilgandan so‘ng qo‘lga kiritgan yutuqlarning arzimagan qismi.
Avtomobil
Atigi ikkisida haydovchilik guvohnomasi bo‘lgan injenerlar jamoasi yaratgan avtomobil
1937 yil Shvetsiyada tashkil topgan SAAB kompaniyasi dastavval faqat jangovor samolyotlar ishlab chiqargan. Ikkinchi jahon urushidan keyin kompaniya bozor talabiga mos avtomobil chiqarishga qaror qiladi. Ulardan birinchisi – Ursaab edi. Bu avtomobilni o‘n olti nafar injener yaratgan. Eng qizig‘i, ular ilgari mutlaqo avtomobil yig‘magan va ularning atigi ikkisida haydovchilik guvohnomasi bo‘lgan xolos.
Shapka – budilnik
Metrodagi shapkacha – uyqu ichida bekatdan o‘tib ketmaslikning ajoyib usuli
Yaponiyada patent olgan bu shapkachani boshga kiyib oling, ko‘zni yuming-da, poyezdda tebranib bemalol uxlab ketavering. Uyqu ichida bekatdan o‘tib ketib qolmaslik uchun uning kerak bekatni belgilab qo‘yadigan maxsus tablichkasi bor. Shapka kiygan kishi qattiq uxlab qolgan taqdirda ham budilnik bong urib uni uyg‘otadi. Bu ishga kechikib yuradigan kishilar uchun rosa asqatadi.
Ignali budilnik
Ignali budilnik – inson zotining bema’ni ixtirolaridan biri
Uning qiyofasi odatdagi budilniklardan sira ham farq qilmaydi. Ammo uning tepasiga g‘ujum qilib gugurt cho‘pidek kichkina ignalar qadab chiqilgan. Hatto uyg‘oq va sergak odam ham uni bexos bosib olishi hech gap emas.
Anesteziya
Anesteziyasiz oddiy jarrohlik amaliyotini o‘tkazishni tasavvur qilib bo‘lmaydi
«Anesteziya» atamasi aslida milodiy I asrda yashagan qadimgi rim farmakologlaridan biriga tegishli bo‘lgan. U mehrigiyohdan og‘riq qoldiruvchi ta’sirga ega bo‘lgan ekstraktni ajratib olishga muvofiq bo‘lgan. Uning bu ixtirosi unut bo‘lib ketganmi, oradan bir necha asr o‘tib, og‘riqni qoldiruvchi dorini ingliz ximigi Xemfri Devi ixtiro qilgan. Dietil efiri yordamida og‘riq sezish qobiliyatini yo‘qotish esa doktor Morton ixtirosidir. Aynan shu kundan boshlab xirurglar og‘riqni nazorat qilishni o‘zlashtirib olgan.
Antibiotik
Antibiotiklar ham tibbiyot taraqqiyotida muhim rol o‘ynadi. Antibiotiklar insoniyatni epidemiyalar va o‘limga olib boruvchi kasalliklardan himoya qildi. Birinchi antibiotik hisoblangan pensillinni Aleksandr Fleming yaratdi va ana shu mo‘jizaviy dorisiga 1928 yil patent oldi.
Abdumalik JO‘RAQUL tayyorladi.
Kibr, o‘zini boshqalardan yuqori deb hisoblash, ulardan ustun qo‘yish, o‘zini boshqalarga nisbatan yuksak ko‘rish va ularga nisbatan mag‘rurlik qilishdir. Bu, ko‘pincha odamlarning boshqa kishilarni pastga urish, ular bilan adolatli munosabatda bo‘lmaslik va o‘zini juda katta ko‘rsatish kabi xulq-atvorlarni o‘z ichiga oladi.
Saodat kaliti hushyorlik va fahmu farosatdadir. Badbaxtlik manbasi kibr va g‘aflatdadir.
Banda uchun Alloh taoloning ne’matlari ichida iymon va ma’rifatdan ulug‘i yo‘qdir. Unga erishish uchun bag‘rikenglik va qalb ko‘zi o‘tkirligidan boshqa vasila yo‘qdir.
Kufr va ma’siyatdan kattaroq balo va ofat yo‘qdir. Mazkur ikki narsaga chaqirishda qalb ko‘rligi va jaholat zulmatidan boshqa narsa yo‘qdir.
Ziyrak kishilar Alloh taolo ularni hidoyatini iroda qilgan va qalblarini Islomga keng qilib qo‘yganlardir.
Mutakabbirlar Alloh taolo ularni zalolatini iroda qilgan va qalblarini xuddi osmonga chiqayotgandagi kabi tor va tang qilib qo‘yganlardir. Mutakabbir o‘z hidoyatiga kafil bo‘lishi uchun qalb ko‘zi ochilmagan kishidir.
Alloh taolo: “Mo‘minlardan ixtiyoriy ehson qiluvchilarini va zo‘rg‘a topib-tutuvchilarini istehzo ila masxaralaydiganlarni Alloh “masxara” qiladi va ular uchun alamli azob (bor)dir” (Tavba surasi, 79-oyat), deb aytgan.
Yana: “Ey mo‘minlar! (Sizlardan) biror millat (boshqa) bir millatni masxara qilmasin! Ehtimolki, (masxara qilingan millat) ulardan yaxshiroq bo‘lsa. Yana (sizlardan) ayollar ham (boshqa) ayollarni (masxara qilmasin)! Ehtimolki, (masxara qilingan ayollar) ulardan yaxshiroq bo‘lsa. O‘zlaringizni (bir-birlaringizni) laqablar bilan atamangiz!” (Hujurot surasi, 11-oyat);
“(Kishilar ortidan) g‘iybat qiluvchi, (oldida) masxara qiluvchi har bir kimsaning holiga voy!” (Humaza surasi, 1-oyat).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bir-birlaringizga hasad qilmanglar va savdoda soxtalik bilan kelishib, narxlarni oshirmanglar. Bir-birlaringizga g‘azab qilmanglar hamda orqa o‘girib, munosabatlarni buzmanglar. Ba’zilaringiz ayrimlaringiz savdosi ustiga savdo qilmasin. Allohning bandalari, birodar bo‘linglar. Musulmon musulmonning birodaridir. Unga zulm ham qilmaydi, xo‘rlamaydi ham, past ham sanamaydi. Taqvo bu yerda”, deb, uch bora qalblariga ishora qildilar. “Musulmon birodarini past sanagan kishi yomon ekaniga dalolat qiladi. Har bir musulmonning boshqa musulmonga qoni, moli va obro‘sini (suiiste’mol) qilishi haromdir”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Imom Navaviy rahimahulloh: “Tadabbur qilgan kishiga bundan-da foydasi ko‘p, manfaati ulug‘ va yaxshiroq hadis bo‘lmasa kerak”, dedilar.
Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qalbida zarra miqdoricha kibri bor kishi jannatga kirmaydi”, dedilar. Shunda bir kishi: "Yo Rasululloh, kishi chiroyli kiyim va chiroyli poyabzal kiyadi (bu ham kibr bo‘ladimi?)" deganida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Alloh chiroylidir. Chiroylini yaxshi ko‘radi. Kibr esa haqni buzish va kishilarga past nazar bilan qarash”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Biz «yuz o‘girma» deb tarjima qilgan ma’no oyatda «tuso’’ir» deb kelgan. Bu ma’no, aslida, tuyada uchraydigan bir kasallikka nisbatan ishlatilar ekan. O‘sha kasallikka mubtalo bo‘lgan tuya doimo boshini pastdan-yuqoriga harakatlantirib, yonboshga siltab turar ekan. Mutakabbirlik bilan burnini jiyirib, yuzini odamlardan o‘giradigan kishilar ana o‘sha kasal tuyaga o‘xshatilmoqda.
«Odamlardan takabbur-la yuz o‘girma».
Ha, musulmon kishi uchun odamlarni kamsitish, ularni past sanash juda yomon illat. Hatto yurish-turishda ham kibru havodan, takabburlikdan saqlanish kerak.
«…va yer yuzida kibr-havo ila yurma».
Bu juda yomon narsa. Boshqalarga kibr og‘ir botadi. Eng muhimi: «Albatta, Alloh, xech bir mutakabbir va maqtanchoqni sevmas».
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan naql qilingan rivoyatda: «Kimning qalbida zarracha mutakabbirlik bo‘lsa, Alloh uni do‘zaxga yuztuban tashlaydi», deyilgan.
Shuningdek, ibn Abu Laylo rivoyat qilgan xadisda: «Kim kiyimini ko‘z-ko‘z qilib, maqtanchoqlik ila sudrab yursa, Alloh taolo unga nazar solmaydi», deyilgan.
Rasulullloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Ilm o‘rganing, ilm uchun sakinat va viqorni ham o‘rganing. Va sizlarga ilm o‘rgatayotganlarga tavoze’ bilan o‘zingizni past tuting!” (Imom Tabaroniy “al-Avsat”da rivoyat qilgan).
Muallimga kibr qilish, uni mensimaslik tuban xulq hamda nifoq alomatlaridan hisoblanadi. Imom Tabaroniy “Al-Kabir”da rivoyat qilgan hadisi sharifda bunday deyiladi: “Uch toifa inson borki, ularni faqat munofiqgina xorlaydi: Islomda mo‘ysafid bo‘lgan qariya, ilm sohibi va odil rahbar”.
Ustoz va muallimga o‘zni past tutib, hokisor bo‘lish najot eshigi, ilm tahsil qilishning asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Dinimiz shunga buyuradi, shunga o‘rgatadi. Bu ustozlarning shogirdlari ustidagi haqlaridandir.
Imom Navaviy rahimahulloh aytadilar: “O‘quvchi muallimiga itoatkor va royish bo‘lishi, uning so‘ziga quloq solib, o‘z ishlarida u bilan maslahatlashib turishi va oqil bemor samimiy va mohir tabib so‘zini qabul qilganidek u ham o‘z muallimining so‘zini qabul qilmog‘i lozim. Shuningdek, muallimiga ehtirom ko‘zi bilan boqishi, uning o‘z ishida komil iqtidor va malaka sohibi ekanligi va boshqa ustozlardan ustunligiga ishonishi lozim. Ana shunda undan manfaat olishi oson bo‘ladi”.
Olimlarimiz aytadilarki, talaba o‘z ustozining kamoli ahliyat va iqtidor sohibi ekanligiga, o‘z ishining mohir mutaxassisi ekanligiga e’tiqod qilib, ishonishi kerak. U haqda faqat yaxshi fikrda bo‘lishi lozim. Agarchi, ustozidan diyonatga ochiq-oydin ters keladigan xatti-harakatni ko‘rib qolsa ham uni faqat yaxshilikka yo‘yib, yaxshi gumonda bo‘lishi kerak. Aks holda uning barakasidan mahrum bo‘ladi.
Ibn Sinoning ustozi Kushyorning huzuriga bir kishi osmon ilmini o‘rganish maqsadida kelibdi. 2-3 oy o‘tsa hamki, ustozi ilm berishni boshlamaganidan so‘ng aytibdi:
– Hazrat, endi menga javob bersangiz. Uch oy bo‘ldi hamki dars bermadingiz. Vaqtingiz yo‘q shekilli…
Shunda ustoz:
– Men senga bajonidil dars berardim-u, lekin sen huzurimga kelganingdagi “bu ilmdan mening uncha-muncha xabarim bor”, degan kibr-havoying hali ham ketmadi. Men bir idishga qachonki u bo‘sh bo‘lsagina suv quyaman. Afsus, sening kallang havo bilan to‘lib qolgan ekan, – deb javob qilibdi.
Imom Qurtubiy rahimahulloh dedilarki: "Agar mutakabbir kishini ko‘rsang bilginki, uning namozi kam yoki undan butunlay mahrum bo‘lgan. Chunki kibr bilan ko‘p sajda qilish birga jamlanmaydi".
Rivoyat qilishlaricha: Bir kishinikiga mehmon kelib qoldi. Uyda mehmonga qo‘yadigan hech vaqo yo‘q edi. U bir litr qatiq olib kelib, besh litr suv qo‘shib, tuz va muz solib, ayron tayyorladi. Bir litr qatiq besh litr suvni qabul qilib, totli ichimlikka aylandi. Agar o‘sha qatiqqa bir tomchi benzin tushib ketganida uni ichib bo‘lmas edi.
Xuddi shuningdek, salgina takabburlik ham amalni buzib yuboradi. Mutakabbir kimsa Allohdan to‘siladi, xaloyiq tomonidan nafratga uchraydi. Alloh taolo bu haqda «Chunki ularga yolg‘iz Allohdan boshqa iloh yo‘q deyilgan vaqtda kibr-havo qilgan edilar», degan (Soffot surasi, 35 oyat).
Horisa ibn Vahb roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Javvaz ham, ja’zariy ham jannatga kirmaydi", dedilar.
* «Javvaz – muomalasi qo‘pol odam».
* Ja’zariy – mutakabbir, qilmagan ishi bilan faxrlanuvchi.
Ba’zi bir kishilar ibodat miqyosidagi ma’naviy va moddiy amallarni qilib, (haj, umra va masjid yoki yo‘l qurib) kibrlanib, maqtanib boshqa kishilarni bunday ishlarni amalga oshirmaganlikda ayblab, o‘zlarini ulardan yuqori olishadi. Aslida ana shu ishlar xalqni puliga bajarilgan bo‘ladi. Bunday kimsalar aslida eng razil va pastkashlardir.
Alloh taolo aytadi: “Boshqalar esa gunohlarini e’tirof qildilar…”. (Tavba surasi 102-oyat) Alloh taolo bizdan ma’sumlikni talab qilmadi. Aksincha, gunoh sodir bo‘lganida tavba va siniqlikni istadi.
Odam alayhissalom gunoh qilganida e’tirof qilib gunohiga istig‘for aytdi. Alloh uning tavbasini qabul qildi.
Iblis esa gunoh qilganida mutakabbirlik qildi, tavba qilmadi. Alloh undan yuz o‘girdi.
Kim gunoh qilib qo‘yib so‘ngra tavba qilsa qiyomatda Odam alayhissalom bilan tavba qiluvchilar karvonida bo‘ladi.
Kim gunoh qilib so‘ngra tavba qilmasdan mutakabbirlik qilsa Iblisning karvonida bo‘ladi.
Ortidan kibrni ergashtiruvchi bittagina gunoh, ortidan siniqlik, pushaymonlik va tavbani ergashtiruvchi mingta gunohdan og‘irroqdir.
Alloh taolo gunoh qilganida pushaymon bo‘lib tavba qiluvchilarga muhabbati o‘laroq O‘zini G‘ofur deya nomladi.
Bandalarini O‘z muhabbatiga targ‘ib qilish uchun O‘zini Vadud deya nomladi.
Sizni sindirib sizdagi ujbni ketkazadigan bitta gunoh, qalbingizni mag‘rurlanish va ujbga to‘ldiradigan toatdan yaxshidir, qaysidir ma’noda!
Ja’farxon SUFIYEV,
TII talabasi,
To‘raqo‘rg‘on tuman “Is'hoqxon to‘ra” jome masjidi imom-xatibi.