Sirdaryo tumanida "Ahmad ibn Malik" masjidi ochildi. U viloyatda rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan 74-masjid bo‘ldi.
Masjidning tantanali ochilish marosimida Sirdaryo viloyati hokimi G‘afurjon Mirzayev, Adliya boshqarmasi boshlig‘i Shokir Saidov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Ibrohim Inomov va Sirdaryo viloyati bosh imom-xatibi Mo‘minjon Usmonov ishtirok etib, yurtdoshlarimizni masjid ochilishi bilan qutlashdi.
Masjid ochilgani shukronasiga jonliq so‘yilib, muhtoj oilalarga tarqatildi.
Yangi masjidning imom-xatibi vazifasiga tayinlangan Ulug‘bek Qobilovga Adliya boshqarmasining guvohnomasi topshirildi.
Namozxonlar masjidda ikki rakat shukrona namozini o‘qib, bunday xayrli ishlarning boshida turgan yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev va mutasaddilar haqiga duolar qildilar.
O‘MI Matbuot xizmati
Cavol: Sajdai sahv qilish uchun salom berishda bir tomonga salom beriladimi yoki ikki tomongami?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Har ikkisi ham to‘g‘ri. Ya’ni namozxon sajdai sahv qilishda bir tomonga salom bersa ham, ikki tomonga salom bersa ham to‘g‘ri ish qilgan bo‘ladi. Chunki fuqaholarimiz har ikki holatni sahih — to‘g‘ri deb fatvo berishgan. Ayrim fuqaholar yolg‘iz namoz o‘qiyotgan kishi – ikki tomonga salom berishi, imom esa – bir tomonga salom berishi yaxshidir, deganlar. Chunki imom ikki tomonga salom bersa, ergashuvchilarning ba’zisi namoz tugallandi deb o‘ylab namozga zid hatti-harakat sodir etishi mumkin, deyishgan (“Durarul hukkam” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.