Xalqimizning “Hamal kirdi – amal kirdi” degan maqoli juda mashhur. Hijriy-shamsiy taqvim bo‘yicha Quyoshning birinchi burjga va oyning o‘n ikki burjdan biri – Hamalga (homilador qo‘y) kirishi bilan “Navro‘z”, “Yangi kun”, u bilan birga esa yangi yil va yangi fasl – bahor kirib keladi. Navro‘z kelishi bilanoq, bahor nafasidan borliq tanasiga qayta jon kiradi. Necha ming yillik tarixga ega bu bayram inson ichki olami va uning tabiat bilan uyg‘unligi ramzidir.
Ma’lumki, islom taqvimlari Oy kalendari va Quyosh kalendariga bo‘linadi. Alloh taolo biz bandalar hisob-kitobni, yil, oy va kunlar adadini bilmog‘imiz uchun Qur’oni karimda burjlarni zikr qilib, ular bilan qasam ichadi. Kalomullohda “Buruj” degan sura ham mavjud. Uning 1-oyatida Alloh aytadi: “Qasamyod etaman (o‘n ikkita) burjlarga ega osmon bilan...” Bu o‘rinda burjlardan murod – osmondagi Quyosh va Oy burjlaridir. Furqon surasining 61-oyatida esa Parvardigor bunday marhamat qiladi: “Osmonda burjlarni bunyod etgan va unda chiroq (Quyosh) va nurafshon Oyni paydo qilgan zot barakotli (buyuk)dir”.
Ushbu oyatlardan ma’lum bo‘ladiki, burjlar alohida hikmat bilan yaratilgan. Shuningdek, Alloh taoloning burjlar bilan, quyosh, oy va yulduzlar bilan qasam ichishida aql egalari uchun oyat-ibratlar bor. Zotan, Quyosh va Oyning yaratilganida, boshqa vazifalri bilan bir qatorda, biz bandalarning hayotiy, diniy, dehqonchilik ishlarimizni Alloh taqdir qilgan ilohiy taqsimot – 12 burj asosida belgilab olishimizga vosita qilingandir.
Yurtimizda azaldan uch xil taqvim, hijriy, milodiy va dehqonchilik kalendari bilan ish yuritish odat tusiga aylangan. Yillar hisobini bilishimiz uchun Alloh taolo Isro surasi, 12-oyatida shunday zikr qiladi: “Kunduz alomatini esa, Rabbingizdan fazl (rizq) istashlaringiz uchun hamda yillar sanog‘ini va hisobini bilishingiz uchun yorug‘lik qilib qo‘ydik. Barcha narsani batafsil bayon qilib qo‘yganmiz”.
Ulug‘ mufassirlarimiz ushbu oyatning “yillar sanog‘ini” qismini qamariy (Oy) taqvim bilan ish yuritish (binobarin, diniy yumushlarda), “yillar hisobini” qismini esa shamsiy (Quyosh) taqvim bilan ish yuritish (ayniqsa, dehqonchilikda) mazmunida tafsir qilganlar.
Hadisi sharifda ziroatchilik bilan shug‘ullanish ulug‘ ish ekani ko‘p bora takrorlangan. Chunki dehqondan barcha manfaat oladi. Alloh taolo ularni barcha jonzotning rizqiga sababchi qilib qo‘ygan. Shu bois kasblar ichida islom ulamolari nuqtayi nazarida dehqonchilik eng afzal kasb hisoblanadi. Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Qaysi bir musulmon biror ekin eksa-yu, undan yeyilsa, albatta, uning uchun sadaqa bo‘ladi. O‘g‘irlangani ham uning uchun sadaqa bo‘ladi. Yirtqichlar yegani ham, albatta, uning uchun sadaqa bo‘ladi. Qushlar yegani ham, albatta, uning uchun sadaqa. O‘sha ekindan birortasi manfaat olsa, albatta, uning uchun sadaqadir” (Imom Muslim rivoyati).
Shuning uchun ham qiyomat kunida jannatiylar jannat eshiklari oldida to‘planib, kim birinchi kiradi, deyilganida “dehqon”, deyiladi. Tabiiyki, dehqonchilik qilish uchun uning taqvimini yaxshi bilish kerak. Aksincha, ekin ekish, daraxt o‘tqazish vaqtini bilmaslik ziroat va bog‘dorchilikning kasodga uchrashiga sabab bo‘ladi. Shunga ko‘ra, Navro‘zni bahor bayrami, dehqonchilik yumushlari boshlangani nuqtayi nazaridan nishonlash bizning yurtimizda azaldan urf bo‘lgan.
Navro‘zda kun bilan tun barobar bo‘ladi. Dehqonlar ekin ekishni, yerga urug‘ qadashni, umuman, ziroat yumushlarini boshlab yuboradi. Illo, yerga urug‘ qadash bizda ibodat darajasiga ko‘tarilgan. Chunki dehqonchilik – halol rizq, halol luqma, halol mehnat va farovonlik asosi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ahli ayollarining nafaqalarini Madinai munavvara yaqinidagi Xaybar yeridan tushadigan hosildan olar edilar. Ahli ayollaridan har biriga hosildan yuz vasaq (bir vasaq tax. 190 kg) berar edilar.
Dehqonchilik bizga ajdodlardan meros. Yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk tariqat namoyandalarining aksariyati dehqonchilik bilan shug‘ullangan. Xoja Muhammad Bobo Samosiy – bog‘bon, Xoja Bahouddin Naqshband o‘z yerlariga bug‘doy, mosh va boshqa ekinlar ekib tirikchilik qilganlar. Xoja Ahror va Jo‘ybor shayxlari daromadining bir qismi asosan ziroatdan bo‘lib undan nafaqat xonadon ahli, balki xalq ommasi ham bahramand bo‘lgan. Xoja Ahror Valiy o‘z omborlarida saqlanayotgan behisob g‘allalarni fuqaroning rizqi deb hisoblagan. Jo‘ybor shayxlari esa mamlakatda don taqchilligi sezilganda o‘z omborxonalaridagi g‘allalarni muhtojlarga tarqatgan. Ariqlar qazish, yangi yerlarni o‘zlashtirish, bog‘u rog‘lar barpo etish borasida bu ikki xonadon ahlining xizmatlari alohida e’tiborga molik.
Amir Temur bobomiz yangi yerlar o‘zlashtirib, dehqonchilik qilishga alohida e’tibor bergan edi. Uning davrida yangi o‘zlashtirilgan yerlardan uch yilgacha soliq olinmagan va bu tadbir qishloq joylarida farovon hayotni ta’minlashda ijobiy ahamiyat kasb etgan. O‘rta asr masjid, madrasa va xonaqohlarga vaqf qilingan yerlar ziroatidan keladigan daromad shu diniy muassasalar iqtisodiy poydevorini tashkil etgan. Demak, ta’lim tizimimiz, ma’naviyatimiz sarchashmalari ham dehqonchilik bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan.
Ulug‘ ulamolarimiz fiqhiy kitoblarda xalqimizning an’anaviy hamda milliy bayramlarini, jumladan, Navro‘zni bayram tariqasida nishonlash haqida fatvo berganlar. Binobarin, “Fatovoi zahiriya”da shunday deyiladi: “Navro‘z uch xildir: Navro‘zi Jamshidiy, Navro‘zi Majusiy va Navro‘zi Sultoniy. Navro‘zi Sultoniyni o‘tkazmoqlik maqbuldir va hech dinga ziyoni yo‘qdur”. Ulug‘ ulamolarning fatvolariga e’tibor bersak, Navro‘zi Jamshidiy va Navro‘zi Majusiy lolalar ochilgan, sahrolar yashnagan paytda o‘tkazilgani haqidagi ma’lumotlarni ko‘ramiz. Navro‘z islom olamida mahbub bilingani kabi Beruniy, Ibn Sino, Umar Xayyom, Chag‘miniy, Ulug‘bek kabi dunyoviy ilmlar sohiblari ham tun bilan kun barobar bo‘ladigan va Quyosh Hamal burjiga kiradigan kunni Navro‘z ayyomi sifatida nishonlash maqbul ekanini ta’kidlashgan. Ulug‘ mutasavvif Hakim Termiziy “Solnoma” asarida, buxorolik buyuk faqih Abdulaziz ibn Moza “Al-Muhit ul-burhoniy fil fiqh an-nu’moniy” qomusida Navro‘z haqida qimmatli ma’lumotlar qoldirgan. Qadim Sharqda Quyosh qaysi burjga kirsa, oyga o‘sha burjdagi yulduzlar turkumi shakliga qarab nom berishgan. Jumladan, Hamal oyini – burj shakli homilador qo‘yga o‘xshagani uchun Hamal deb, Savr oyini – yulduzlar turkumi ho‘kizga o‘xshab ko‘ringani uchun Savr deb atashgan.
Dehqonchilik taqvimiga oid oylarga qarab dehqonlarimiz, bog‘bonlarimiz ziroat va ko‘chat tadorigini ko‘rishadi. Jumladan, to‘qson degan mavsum 5 dekabrdan 5 martgacha davom etadi. 21 yanvar – qantarog‘di kuni. “Qantarog‘di qor turmas” hikmati og‘izdan-og‘izga o‘tib kelib, asrlar osha dehqonlar orasida o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. “Qantarog‘di” deyilishiga sabab shuki, qish mavsumida ayiq qirq besh kundan to‘qson kungacha uxlaydi. Qirq besh kundan keyin ikkinchi tomoniga ag‘darilib uxlashga odatlangani uchun to‘qson kunning ikkinchi yarmi qantarog‘di deb yuritilgan. 22 dekabrdan 20 fevralgacha – chilla mavsumi kechadi. Bu mavsumda asosan yerning sho‘rlari yuviladi. Zero, bu paytda yerni sug‘orish har xil zararkunanda qumursqalar ko‘payishining oldini oladi, shuningdek, yerning yaxshi yetilishi uchun g‘oyat foydalidir. Chillada suv bermagan dehqon yil bo‘yi yaxshi hosildan mahrum bo‘ladi. Qavs oyida 21 noyabrda ko‘chatlar o‘tqaziladi. “Nihol dar qavs, qalam dar hut” (Nihol o‘tqazish qavs oyida, qalamcha qilish hut oyida) iborasi dehqonlar uchun dasturilamal bo‘lib xizmat qilgan. Kuzning sunbula oyi (22 avgustdan 21 sentyabrgacha) asosan kuzgi bug‘doy ekishga tayyorgarlik ko‘rish, bug‘doy ekiladigan yerlarni sug‘orish, mezon oyi (22 sentyabrdan 21 okyabrgacha) esa bug‘doy ekish mavsumidir. Shuning uchun xalq tilida aytiladi: “Sunbula ob deh, mezon kor” – “Sunbulada sug‘or, mezonda ek”. Zotan, dehqonchilik tajribasidan ma’lumki, sunbula oyida sug‘orib, mezon oyida ekmoqlik serhosillik garovidir. Aqrab oyi (22 oktyabr) kirganda, qo‘ylar urchitiladi. Qo‘zilarning tug‘ilish muddati besh oy ekani inobatga olinsa, ularning qish izg‘irinlaridan sog‘lom va nuqsonsiz o‘tib, bahorda – Hamal (oltinchi oy avvalida)da tug‘ilishi g‘oyat manfaatlidir. 6 martdan 13 martgacha “ayyomi ajuz” (xalqimiz tilida “ayamajuz”) haftaligi bo‘lib, “ayyom” tilidan “to‘qson” mavsumiga qarata aytilgan ibora mashhurdir: “To‘qson, bir kunimcha yo‘qsan”. Ya’ni shu “ayyomi ajuz” haftaligida to‘qson mavsumida bo‘lmagan ob-havoning keskin o‘zgarishi kuzatiladi. Shuning uchun xalqimizda “ayamajuz” haftaligida shamollab qolmaslik va dardga chalinmaslik maqsadida o‘zini ehtiyot qilib yurish, behuda cho‘milmaslik, kir yuvmaslik odatlari saqlanib qolgan. 14 martdan 20 martgacha “Obi rahmat” haftaligi bo‘lib, bu kunlarda Allohning izni bilan albatta osmondan rahmat suvlari yog‘adi. Bu suvlarni kishilar tabarruk hisoblab, o‘rik sharbati, qandoblarga ulardan qo‘shadi va Navro‘z kuni ana shu sharbatlar dasturxon ko‘rkiga ko‘rk bag‘ishlaydi. Hattoki dengizdagi sadafdorlar (rakushka) shu kunlarda suv tepasiga chiqib, og‘izlarini ochib yomg‘irni kutishadi. Obi rahmat yomg‘iridan bir tomchi tegsa, undan katta dur paydo bo‘ladi, aksincha, ochko‘zlik qilib ko‘proq tomchi olsa, unda oddiy kichik marvarid paydo bo‘lishi aytiladi. Buning hikmati shundaki, inson oziga qanoat qilsa – aziz bo‘ladi, ochko‘zlik qilsa – xor bo‘ladi. Ko‘rib o‘tilganidek, har bir oy va kun dehqonchilik uchun benihoya qimmatlidir. Dehqon yetishtirgan har qanday ekin, bog‘bon yetishtirgan har qanday meva inson uchun jon ozig‘i hisoblanadi.
Shuni ta’kidlash joizki, o‘n ikki yil davomida ketma-ket bir-biriga o‘rin almashtirib keladigan muchal tushunchasi aslida “mo‘ljal” so‘zidan olingan. O‘n ikki yil davomida osmon jismlarining joylashishi qanday shaklni berishiga qarab, yillarga muchal nomlari berilgan.
Jumladan, yulduzlar turkumining sichqonga o‘xshashi yilning sichqon yili, sigirga o‘xshashi sigir yili... deb nomlanishiga asos bo‘lgan. Ulamolarimiz ana shu o‘n ikki yilga o‘n ikki maqom berilganini maxsus hujjat bilan tasdiqlashgan. Jumladan, Zayniddin Vosifiy “Badoye’ ul-vaqoye’” (Ajoyib voqelar) asarida muchal haqida nodir qaydlar yozib qoldirgan. Abu Rayhon Beruniy navro‘zni koinot va olam bilan bir butunlikda ta’riflaydi. Yusuf Xos Hojib “Qutadg‘u bilig” asarida bu holga shunday ta’rif bergan: “Sharqdan bahor nasimi esib keldi, olamni bezamoq uchun firdavs yo‘lini ochdi. Oq rang ketib, bo‘z yerni alvon rang qopladi, olam o‘ziga oro berib bezanmoq taraddudiga tushdi. Zerikarli qishni bahor nafasi haydadi, musaffo bahor yana o‘z hukmiga kirdi. Quyosh yana qaytib o‘z o‘rniga keldi, Baliq (Hut) dumidan Qo‘zi (Hamal) burjiga ko‘chdi. Uyquga kirgan daraxtlar yana yashil to‘n kiydi, ol, sariq, ko‘k, qizil rangli harir yopinchiqlar bilan bezandi”.
Navro‘z haqidagi fikrlar, afsona-asotirlar turlicha bo‘lishiga qaramay, bunyodkorlik, ezgulik, yasharish va yaratish kabi umumbashariy g‘oyalar ularni bog‘lab turadi. Zotan, Navro‘z butun insoniyat uchun uyg‘onish va yangilanish ayyomidir. Ko‘p ming yillik tarix sinovlaridan eson-omon o‘tib kelgan Navro‘z bugun ostonamizda eshik qoqib turibdi. Yurtimizda bu mo‘tabar ayyomni, go‘zallik va nafosat bayramini nishonlash allaqachon boshlab yuborildi. Bahor bayrami, ko‘klam quvonchi bilan yo‘g‘rilgan ayyom hammamizga muborak bo‘lsin!
Manbalar asosida O‘MI
Navoiy viloyat vakili,
viloyat bosh imom-xatibi Tohirjon RO‘ZIYEV tayyorladi.
O‘MI Matbuot xizmati
Abdulloh roziyallohu anhu aytadi: "Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kirsam, u zot alayhissalom bemorlikdan qiynalayotgan ekanlar.
"Yo Allohning Rasuli, siz bemorlikdan qattiq qiynalmoqdasiz-ku?!" dedim.
"Albatta, men bemorlikdan sizlardan ikki kishining qiynalganicha qiynalaman", dedilar.
"Sizga ikki hissa ajr bo‘lishi uchun shundaymi?" dedim.
U zot alayhissalom: "Ha shunday. Qay bir musulmonga biror musibat yetsa, Alloh uning sababidan o‘sha bandaning yomonliklarini xuddi daraxt o‘z barglarini to‘kkanidek to‘kadi", dedilar".