Mamlakatimizda 18-19 mart kunlari Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan umumxalq xayriya hashari bo‘lib o‘tdi.
Azaldan xalqimizda bayramlarga katta tayyorgarlik ko‘rilib, ko‘cha-ko‘ylar, mahallalarni obod qilishga, yon-atrofni ozoda, pokiza, tartibli, saranjom holda saqlashga jiddiy e’tibor qaratilgan. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 23 fevralda qabul qilingan "2018 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida"gi qarorida barcha shahar va qishloqlarda Navro‘zning tarixi, mazmuni va falsafasini, ushbu bayramni o‘tkazish bilan bog‘liq urf-odatlar, qadriyat va an’analarning mohiyatini aks ettirgan ommaviy sayillar o‘tkazish, yordamga muhtoj insonlar, keksalar, nogironlar va kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olish, ularga beg‘araz ko‘mak berish, jamiyatda o‘zaro hurmat, do‘stlik va hamjihatlikni kuchaytirishga qaratilgan savob ishlar, xayriya tadbirlari va ommaviy hasharlarni amalga oshirish muhim vazifalardan biri sifatida belgilangan.
O‘zA xabariga ko‘ra, bo‘lib o‘tgan hashar tadbirida yoshi, millati, diniy e’tiqodidan qat’i nazar, barcha fuqarolar faol ishtirok etdi. Yurtimizni yanada obod, fayzli, toza va ozoda bo‘lishi ta’minlanishi bilan birga yosh avlodda milliy an’ana va qadriyatlarimizga hurmat, o‘zaro mehr-oqibat, mehnatsevarlik, fidoyilik, ezgulikka xayrixohlik singari fazilatlarining mustahkam qaror toptirishda umumxalq xayriya hasharining o‘rni va ahamiyati beqiyos bo‘ldi.
Shu kunlarda yurtimizdagi barcha mahallalardagi turar joylar, xiyobonlar, bog‘lar, yo‘l va yo‘laklar, muqaddas qadamjolar hasharchilar sa’y-harakati bilan tartibga keltirildi. Ko‘plab mevali daraxt, gul ko‘chatlari o‘tqazildi. Bolalar maydonchalari, sport bilan shug‘ullanish uchun mo‘jaz maskanlar, mahalla guzarlari, kutubxonalar, savdo, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari barpo etildi.
— Umumxalq hashari tadbirlari viloyatimizda ham juda ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi, – deydi Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Qashqadaryo viloyati kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Do‘stmurod Sultonov. – Eng avvalo, keksalar, faxriylar, ko‘ngli yarim fuqarolar, yordamga muhtoj oilalar holidan xabar olishga jiddiy e’tibor qaratildi. Ularning turar joylarini ta’mirlab berildi. Yangi mahalla guzarlari, bolalar sport maydonchalari bunyod etildi.
Poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi Uchtepa mahalla fuqarolar yig‘ini binosi hashar kunlari qaytadan to‘liq ta’mirlandi. Yanada ko‘rkam ko‘rinish kasb etgan binoning avvalgilaridan afzallik jihati — bu yerda nuroniylar uchun dam olish xonasi, fuqarolarni qabul qilish uchun zarur barcha sharoit va imkoniyatlar yaratildi.
— Shu yerning o‘zida mahallada istiqomat etayotgan oilalarning farzandlari uchun mo‘jaz kutubxonaning tashkil etilgani o‘g‘il-qizlar uchun o‘ziga xos Navro‘z tuhfasi bo‘ldi, – deydi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Muxtor Ilhomov. - Ziyo maskani uchun badiiy, ma’rifiy kitoblar, bolalar adabiyotidan namunalar faollar, mahalla jonkuyarlari tomonidan keltirildi.
Yurtimizning barcha mahallalarida bo‘lgani kabi mazkur maskanda ham bemorlar holidan xabar olinib, ularga sovg‘a-salomlar topshirildi. Mevali, manzarali daraxtlar, archa, gul ko‘chatlari o‘tqazildi.
Bir so‘z bilan aytganda, ko‘tarinki va yuksak saviyada o‘tkazilgan umumxalq hasharida hamyurtlarimiz faol ishtirok etdi.
O‘zbekiston musulmonlar idorasi matbuot xizmati
Shu yilning 9 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakili viloyat bosh imom-xatibi Jobir domla Elov rahbarligida Vobkent tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan masjidlar imom-xatib, imom-noib, mahalla domlalari va nuroniy otaxonlar ishtirokida sayyor yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Sayyor yig‘ilish davomida barcha imom-xatib va imom-noiblar o‘zlariga biriktirilgan MFYlar bilan muntazam aloqada bo‘lib, yoshlar tarbiyasiga katta e’tibor qaratishi, ilm-ma’rifatga qiziqtirish va yosh avlod kelajagi uchun mustahkam poydevor yaratish kabilarni alohida ta’kidlandi. Shundan so‘ng barcha imom-xatiblar mahalla nuroniylari bilan o‘zlariga biriktirilgan mahallalarga chiqishdi.
Shu kunning o‘zida sayyor qabul ishtirokchilari 50 dan oshiq xonadon holidan xabar oldi. Jumladan, Ko‘liodina mahallasida yashovchi yuz yoshni qarshilagan mehnat faxriylarini ziyorat qildi. So‘ngra shu mahallada istiqomat qiluvchi birinchi guruh nogironlari, moddiy ko‘makka muxtojlar, ijtimoiy ko‘makka muhtojlarning xonadonlaridan xabar olinib, ma’naviy-ma’rifiy suhbatlar uyushtirildi va homiylar ishtirokida moddiy jihatdan ko‘maklar berildi.
Shuningdek, Viloyat bosh imomi rahbarligida hamda Vobkent tumanidagi imom-xatiblar ishtirokida 2024 yil zamonaviy loyihalar asosida qurilgan 120 o‘rinli 12-maktabgacha ta’limda vatanimiz kelajagi bo‘lmish jajji bolalar bilan uchrashib, ularga xursandchilik ulashildi.
Kunning ikkinchi qismida viloyat bosh imom-xatibi Jobir domla Elov tumandagi Abdulazizxon jome masjidida peshin namozida bo‘lib, yig‘ilgan jamoatga "Shukronalik", "Sof islom ta’limoti", "Tinchlik ne’mati" mavzularida ma’viza qildi va keng jamoat ishtirokida yurtimiz haqqiga duoi xayrlar so‘raldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Buxoro viloyati vakilligi
Matbuot xizmati