19 mart kuni yurtimizda mehmon bo‘lib turgan Hindistonning Dehli shahri jome masjidi bosh imomi Said Ahmad Buxoriy boshchiligidagi delegatsiya Diniy idoraga tashrif buyurdi. Mehmonlarni Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi, Islom akademiyasi va O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi rahbarlari kutib olishdi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Ortiqbek Yusupov mehmonlarni tashrif bilan qutlab, Prezidentimiz tashabbuslari bilan diniy-ma’rifiy merosni o‘rganish va Islom ma’rifatini keng yoyish borasida qilinayotgan ishlar haqida gapirib berdi. Jumladan, Samarqandda Imom Buxoriy, Surxondaryoda Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, joylardagi kalom, hadis, fiqh, aqida, tasavvuf ilmiy maktablari faoliyati haqida so‘z yuritildi.
Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari mo‘min-musulmonlarning diniy ehtiyojlarini ta’minlash, ibodatlarini hanafiy mazhabi va moturidiya aqidasi asosida ado etish yo‘lida diniy idora yaqindan ko‘mak berib kelayotgani ta’kidladilar. Muftiy hazratlari so‘zlarida davom etib, ziyorat turizmini rivojlantirishda ko‘p ishlar bajarilgani, chet ellik mo‘min-musulmonlar uchun sharoitlarni hozirlash kabi ishlarning barchasi mana shunday mehmonlar uchun ekanini gapirib, Samarqand, Surxondaryo va Buxoro viloyatlaridagi bunyodkorlik ishlari shu maqsadga yo‘naltirliganini alohida qayd qildilar.
Islom sivilizatsiyasi direktori Shoazim Minovarov davlatimiz Rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi, Islom akademiyasi va O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazlarini tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad, nodir asarlarni jamlash, saqlash va o‘rganish hamda mana shunday ilmiy-ma’naviy merosni targ‘ib qilish orqali Islom dinining asl mohiyatini butun dunyoga yetkazish ekanini qayd qildi. Sh.Minovarov o‘tgan yili may oyida Hindistonda saqlanadigan Qur’oni karimning eng qadimiy nusxasi O‘zbekistonga taqdim etilgani uchun minnatdorlik izhor qildi.
Muloqot davomida delegatsiya rahbari Said Ahmad Buxoriy so‘zga chiqib, O‘zbekistonga safarni amalga oshirishda yaqindan yordam bergan barchaga minnatdorlik bildirib, shunday dedi: – Mamlakatingizga bir necha bor tashrif buyurganman. Lekin avvallari yurtingizni ziyorat qilishda ayrim cheklovlar va Islom ma’rifatini yoyishda ba’zi to‘siqlar bor edi. Bu galgi tashrifim butunlay boshqacha bo‘ldi. Davlatingiz rahbari boshchiligida islomiy qadriyatlarni tiklash yo‘lida qilinayotgan ishlar bizni juda xushnud qildi. Ota-bobolarimiz yurtida din va ma’rifat yo‘lida bo‘layotgan mana shunday ishlarni ko‘rib, juda quvondik.
– Bu yurtga kelishimdan avval bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlar haqida ma’lumotlar bilan tanishib chiqdim. Sizning yurtingizda Islomni targ‘ib etish maqsadida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, olimlarni yetishtirish uchun Islom akademiyasi, ilmiy saviyani oshirish bo‘yicha ilmiy maktablar tashkil etilganidan hayratlandim. Prezidentingiz juda yaxshi tushungan inson sifatida ma’naviyat va Islom ma’rifatiga e’tibor qilish orqali barcha sohalarda muvaffaqiyatga erishmoqda. Haqiqatan, Islom dini buzg‘unchilikka mutlaqo qarshi va tinchlik dini ekanini barchaga yetkazish kerak, dedi Dehli shahri jome masjidi bosh imomi.
Said Ahmad Buxoriy janoblari so‘zida davom etib, ziyorat turizmini rivojlantirish borasida qilinayotgan ishlarni qo‘llab-quvvatladi va o‘zining takliflarini taqdim etdi. Jumladan, O‘zbekistonning ziyorat turizm salohiyatini targ‘ib etish bo‘yicha Toshkent shahri, Samarqand va Buxoro viloyatlarida alohida veb-sayt ochish foydali ekani, shuningdek, hindistonlik umra ziyoratiga boruvchilarni O‘zbekiston orqali Saudiya Arabistoniga olib borish ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘lishini izhor qildi. U so‘zining yakunida safardan qaytgandan keyin, albatta, 250 millionlik jamoasiga O‘zbekiston haqida so‘zlab berishi va yaqin kunlarda bir guruh vakillarini jo‘natishini ma’lum qildi.
Hindistonlik islomshunos olim, professor Iftixor Ahmad janoblari so‘zga chiqib, Said Ahmad Buxoriy haqida iliq fikrlarni bildirdi. Jumladan, bosh imom Hindistondagi 250 million aholiga yetakchilik qilishi, ularning haq-huquqlarini himoya qilish va muammolarini bartaraf etishda shijoat bilan harakat qilishini bildirdi.
Iftixor Ahmad yurtimizdagi tasavvuf va shariat ilmlarini o‘rganishga bo‘layotgan e’tiborni qo‘llab-quvvatlab, mana shunday murakkab davrda Islom ta’limotini o‘rganishga katta hissa qo‘shayotganlari uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, Davlatimiz Rahbari xalq manfaatini hamma narsadan ustun qo‘yayotgani, bu yo‘lda tinmay mehnat qilayotgani va ulamolar bilan kengashib ish ko‘rayotganlariga yuksak baho berdi. U Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi aloqalar mustahkamlanib borayotganiga alohida urg‘u qaratib, ushbu hududdagi davlatlar o‘rtasidagi iliq munosabatlarni rivojlanishi va do‘stona aloqalarni tiklanishi bugungi tahlikali davrda juda katta foyda berishini izohladi.
Uttarakand shtati shariat ishlari bo‘yicha bosh maslahatchisi Mavlono Zohid Raza Rizvi so‘zga chiqib, dunyoning bir qator mamlakatlariga tashrif buyurgani, lekin O‘zbekistonga tashrifi qalbini sururga to‘ldirganini izhor qildi. Bosh maslahatchi janoblari O‘zbekiston xalqi bilan ma’naviy yaqinlik borligi, aslida musulmonlar o‘zaro birodar ekani, tashrif davomida huddi ko‘p yillik qadrdon kabi munosabatda bo‘linganini aytib, minnatdorlik bildirdi. U so‘zining oxirida mana shunday ulug‘vor ishlarni Hindistonga qaytib borgandan keyin, albatta, mo‘min-musulmonlarga bayon etishlarini ta’kidladi.
Tashrif yakunida O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi, Islom akademiyasi bilan Hindistonning Dehli shahri jome masjidi o‘rtasida hamkorlik qilish to‘g‘risida memorandum imzolandi. Mehmonlar Toshkent shahridagi “Hazrati Imom” majmuasini ziyorat qilishdi.
Uchrashuv do‘stona va samimiy ruhda o‘tdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
- 61وَذُو الإِيْمَانِ لَا يَبْقَى مُقِيمًا بِسُوءِ الذَّنْبِ فِي دَارِ اشْتِعَالِ
Ma’nolar tarjimasi: Mo‘min banda gunoh zarari tufayli alangalanib yonish diyorida muqim holatda boqiy qolmaydi.
Nazmiy bayoni:
Osiy mo‘min doimo qolmas abad hech,
Alangali diyordan chiqar erta kech.
Lug‘atlar izohi:
وَذُو الاِيْمَانِ – mubtado.
لَا – nafiy harfi.
يَبْقَى – muzori’ fe’li. Foili yashirin هُوَ zamir bo‘lib, ذُو الاِيْمَانِ ga qaytadi.
مُقِيمًا – muqim deganda biror makonda doimiy qoluvchi kishi tushuniladi.
بِ – “sababiya” ma’nosida kelgan jor harfi.
سُوءِ الذَّنْبِ – sifat mavsufga izofa qilingan, bu jumla, aslida, بِسَبَبِ الذَنْبِ السَّيِّءِ bo‘lgan.
فِي – “zarfiyat” ma’nosida kelgan jor harfi.
دَارِ اشْتِعَالِ – bu kalimadan do‘zax nazarda tutilgan. Chunki u abadiy alangalanib yonib turadi. Jor va majrur يَبْقَى fe’liga mutaalliq.
Matn sharhi:
Ahli sunna val-jamoa mazhabiga ko‘ra gunohi kabiralar qilgan mo‘min kishi tavba qilishga ulgurmasdan vafot etib ketgan bo‘lsa-da, do‘zaxda abadiy qolmaydi. Bunday kishilar qilgan osiyliklariga yarasha jazolanib, so‘ngra qalblarida iymon borligi e’tiboridan do‘zaxdan chiqariladilar. Ular haqida hadisi sharifda shunday xabar berilgan:
حَدَّثَنَا عِمْرَانُ بْنُ حُصَيْنٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُمَا عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ يَخْرُجُ قَوْمٌ مِنْ النَّارِ بِشَفَاعَةِ مُحَمَّدٍ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَيَدْخُلُونَ الْجَنَّةَ يُسَمَّوْنَ الْجَهَنَّمِيِّينَ. رَوَاهُ الْبُخَارِىُّ
Bizlarga Imron ibn Husayn roziyallohu anhumo Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan eshitganini gapirib berdi: “Bir qavm Muhammad sollallohu alayhi vasallamning shafoatlari sababli do‘zaxdan chiqib, jannatga kiradilar, “jahannamiylar” deb nomlanadilar”. Imom Buxoriy rivoyat qilgan.
Sharh: Imom Buxoriy rivoyat qilgan ushbu hadisi sharifga ko‘plab sharhlar yozilgan. Munoviyning “Taysir bi sharhi jomi’is sog‘ir” kitobida quyidagicha sharhlangan: “Bu yerda ushbu ism ishlatiladigan darajada ularning jahannamda uzoq azoblanishlariga va hatto undan chiqishlariga umid ham uzilishiga ishora bor. Shundan so‘ng ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shafoatlari bilan undan chiqariladilar”[1].
Muborakfuriyning “Tuhfatul Ahvaziy” kitobida quyidagicha sharhlangan: “Ushbu nom ularga atoqli ot bo‘lib, (jannatga kirganda ham) o‘zgarmagan bo‘ladi”.
Hofiz “Fath”da quyidagilarni keltirgan, “Nasaiy Amr ibn Amrning Anas roziyallohu anhudan qilgan rivoyatida: “Jannat ahli “anavilar jahannamiylar” deyishganida, Alloh taolo: “Ular Allohning ozod qilgan bandalaridir”, deb aytadi”, – deyilgan.
Muslim ushbu hadisni boshqa yo‘ldan Abu Sa’iddan rivoyat qilgan. O‘sha rivoyatda: “Ular (ya’ni jahannamiylar deb nom olganlar) Allohga duo qiladilar, Alloh ulardan ushbu ismni ketkazadi”, lafzlari ziyoda qilingan”[2].
Jazo soqit qilinishiga sabab qilib qo‘yilgan ishlar
Dunyoda ba’zi bir ishlar borki, Alloh taolo bu ishlarni gunohkor bandalardan do‘zax azobini soqit qilishga sabab qilib qo‘ygan. Bular:
1. Tavba. Qilgan gunohlariga astoydil tavba qilgan va iymonga kelib solih ishlarni qilgan insonlarga jannat va’dasi berilgan. Zero, tavba qilish deganda ma’siyatlarni tark qilib taoatga qaytish tushuniladi.
“Illo, iymon keltirib, ezgu ishlarni qilgan zotlargina (bundan mustasnodir). Bas, ular jannatga kirurlar va ularga biror narsada nohaqlik qilinmas”[3].
2. Istig‘for. Alloh taolo istig‘for aytgan bandalarni azoblamasligini xabar bergan:
“Ular istig‘for aytib (kechirim so‘rab) turgan hollarida ham Alloh ularni azoblovchi emas”[4].
“Mag‘firat so‘rash, ya’ni gunohlarning zararidan saqlashni va ularni bekitishni so‘rab yolvorish – istig‘for deyiladi”[5].
Quyidagi kalimalar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ta’lim bergan eng mashhur istig‘forlardan biri hisoblanadi:
أَسْتَغْفِرُ اللَّهَ الَّذِي لَا إِلَهَ إِلاَّ هُوَ الْحَيَّ الْقَيُّومَ وَأَتُوبُ إِلَيْهِ
“Allohdan mag‘firat so‘rayman, Undan o‘zga iloh yo‘qdir, U abadiy barhayot va butun borliqni tutib turguvchidir, Unga tavba qilaman”.
3. Yaxshi ishlar. Alloh taolo yaxshi ishlar yomonliklarni ketkazishini aytgan:
“Kunduzning ikki tarafida va kechaning bir bo‘lagida namozni to‘kis ado qil! Albatta, yaxshiliklar yomonliklarni ketkazadi. Bu esa, eslovchilarga eslatmadir”[6].
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yomon ish sodir bo‘lib qolsa, darhol uni o‘chiradigan yaxshi ishni qilishga buyurganlar:
عَنْ أَبِي ذَرٍّ الْغِفَارِيِّ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ اتَّقِ اللَّهَ حَيْثُمَا كُنْتَ وَأَتْبِعِ السَّيِّئَةَ الْحَسَنَةَ تَمْحُهَا وَخَالِقِ النَّاسَ بِخُلُقٍ حَسَنٍ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ
Abu Zar G‘iforiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qayerda bo‘lsang ham Allohga taqvo qil, yomon ishga uni o‘chiradigan yaxshi ishni ergashtirgin, insonlarga go‘zal xulqlar bilan muomala qilgin”, – dedilar”. Imom Termiziy rivoyat qilgan.
4. Dunyoviy musibatlar. Dunyoda mo‘min kishi biror musibatga uchrasa, shu musibatlari sababli Alloh taolo uning oldin qilgan xatolarini yuvib yuboradi.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ وَأَبِي سَعِيدٍ الْخُدْرِيِّ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ مَا يُصِيبُ الْمُؤْمِنَ مِنْ وَصَبٍ وَلاَ نَصَبٍ وَلاَ هَمٍّ وَلاَ حَزَنٍ وَلاَ أَذًى وَلاَ غَمٍّ حَتَّى الشَّوْكَة يُشَاكُهَا إِلاَّ كَفَّرَ اللَّهُ مِنْ خَطَايَاهُ. رَوَاهُ اَحْمَدُ
Abu Hurayra va Abu Said Xudriy roziyallohu anhumolardan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘minga biror kasallikmi, kulfatmi, g‘ammi, tashvishmi, xafalikmi yetsa, hatto tikan kirib og‘ritsa ham, albatta, Alloh xatolariga kafforot qiladi”, – dedilar”. Imom Ahmad rivoyat qilgan.
5. Mo‘minlarning tirikligida va vafotidan keyin orqasidan istig‘for aytishlari:
“Ulardan keyin (dunyoga) kelganlar: “Ey Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin, iymon keltirganlarga (nisbatan) qalblarimizda nafrat (paydo) qilmagin. Ey Robbimiz, albatta, Sen shafqatli va mehribonsan”, – derlar”[7].
6. O‘limidan keyin uning nomidan sadaqa yo haj qilish kabi ishlar:
Inson vafotidan so‘ng uning ortidan u uchun qilingan sadaqaning savobi tegishiga ushbu hadis dalildir:
أَخْبَرَنَا ابْنُ جُرَيْجٍ قَالَ أَخْبَرَنِي يَعْلَى أَنَّهُ سَمِعَ عِكْرِمَةَ يَقُولُ أَنْبَأَنَا ابْنُ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُمَا أَنَّ سَعْدَ بْنَ عُبَادَةَ تُوُفِّيَتْ أُمُّهُ وَهُوَ غَائِبٌ عَنْهَا فَقَالَ يَا رَسُولَ اللَّهِ إِنَّ أُمِّي تُوُفِّيَتْ وَأَنَا غَائِبٌ عَنْهَا أَيَنْفَعُهَا شَيْءٌ إِنْ تَصَدَّقْتُ بِهِ عَنْهَا قَالَ نَعَمْ قَالَ فَإِنِّي أُشْهِدُكَ أَنَّ حَائِطِيَ الْمِخْرَافَ صَدَقَةٌ عَلَيْهَا. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ
Bizlarga Ibn Jurayj xabar berdi u Ikrimaning shunday deyayotganini eshitgan ekan: “Bizga Ibn Abbos roziyallohu anhumo xabar berdi: “Sa’d ibn Uboda roziyallohu anhuning onasi vafot etdi. O‘sha payt u onasining yonida emas edi. Shunda u: “Ey Allohning Rasuli, onam vafot etdi, men uning yonida yo‘q edim, agar men uning nomidan biror narsa sadaqa qilsam unga naf beradimi?” – dedi. U zot: “Ha”, – dedilar. Shunda u: “Men sizni guvoh qilamanki, mevali bog‘im uning nomidan sadaqadir”, – dedi”. Imom Buxoriy rivoyat qilgan.
Inson vafotidan so‘ng uning ortidan u uchun qilingan hajning savobi tegishiga ushbu hadis dalildir.
عَنْ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُمَا أَنَّ امْرَأَةً مِنْ جُهَيْنَةَ جَاءَتْ إِلَى النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَتْ إِنَّ أُمِّي نَذَرَتْ أَنْ تَحُجَّ فَلَمْ تَحُجَّ حَتَّى مَاتَتْ أَفَأَحُجُّ عَنْهَا قَالَ نَعَمْ حُجِّي عَنْهَا أَرَأَيْتِ لَوْ كَانَ عَلَى أُمِّكِ دَيْنٌ أَكُنْتِ قَاضِيَةً اقْضُوا اللَّهَ فَاللَّهُ أَحَقُّ بِالْوَفَاءِ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Juhayna qabilasida bir ayol Nabiy sollallohu alayhi vasallamning yonlariga keldi va: “Onam haj qilishni nazr qilgan edi, haj qilishga ulgurmasdan vafot etdi. Uning nomidan haj qilsam bo‘ladimi?”, – dedi. U zot: “Ha, uning nomidan haj qil, aytginchi, onangning zimmasida qarz bo‘lganida ado qilarmiding?! Allohning qarzini ado etinglar, Alloh vafoga eng haqlidir”, – dedilar”. Imom Buxoriy rivoyat qilgan.
7. Shafoat qiluvchilarning shafoati:
Shafoat qiluvchilarning shafoatlariga sazovor bo‘lish sababidan ham Alloh taolo bandadan do‘zax azobini soqit qiladi. Shafoat va shafoat qiluvchilar haqida 28-baytning sharhida batafsil bayon qilindi.
8. Shafoatsiz ham, eng mehribon Zot Alloh taoloning avf etishi:
عَنْ عَبْدِ اللَّهِ قَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِنِّي لَأَعْلَمُ آخِرَ أَهْلِ النَّارِ خُرُوجًا مِنْهَا وَآخِرَ أَهْلِ الْجَنَّةِ دُخُولًا رَجُلٌ يَخْرُجُ مِنْ النَّارِ كَبْوًا فَيَقُولُ اللَّهُ اذْهَبْ فَادْخُلِ الْجَنَّةَ فَيَأْتِيهَا فَيُخَيَّلُ إِلَيْهِ أَنَّهَا مَلْأَى فَيَرْجِعُ فَيَقُولُ يَا رَبِّ وَجَدْتُهَا مَلْأَى فَيَقُولُ اذْهَبْ فَادْخُلِ الْجَنَّةَ فَيَأْتِيهَا فَيُخَيَّلُ إِلَيْهِ أَنَّهَا مَلْأَى فَيَرْجِعُ فَيَقُولُ يَا رَبِّ وَجَدْتُهَا مَلْأَى فَيَقُولُ اذْهَبْ فَادْخُلِ الْجَنَّةَ فَإِنَّ لَكَ مِثْلَ الدُّنْيَا وَعَشَرَةَ أَمْثَالِهَا أَوْ إِنَّ لَكَ مِثْلَ عَشَرَةِ أَمْثَالِ الدُّنْيَا فَيَقُولُ تَسْخَرُ مِنِّي أَوْ تَضْحَكُ مِنِّي وَأَنْتَ الْمَلِكُ فَلَقَدْ رَأَيْتُ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ ضَحِكَ حَتَّى بَدَتْ نَوَاجِذُهُ وَكَانَ يَقُولُ ذَاكَ أَدْنَى أَهْلِ الْجَنَّةِ مَنْزِلَةً. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ
Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Men do‘zaxdan eng oxiri chiqadigan va jannatga eng oxiri kiradigan kishini aniq bilaman, u do‘zaxdan ranglari o‘chib chiqib keladi. Alloh taolo unga bor: “Jannatga kir”, – deydi. U jannatning yoniga keladi, unga jannat to‘lib ketgandek tuyuladi. U qaytadi va: “Ey Robbim, u liq to‘la”, – deydi. U zot: “Bor, jannatga kir”, – deydi. U yana jannatning yoniga keladi, unga jannat to‘lib ketgandek tuyuladi. U qaytadi va: “Ey Robbim, u liq to‘la”, – deydi. U zot: “Bor, jannatga kir, (u yerda) senga dunyocha keladigan va yana uning o‘n baravaricha keladigan, yoki senga dunyoning o‘n baravaricha keladigan joy bor”, – deydi. U: “Sen podshoh bo‘la turib meni masxara qilyapsan, yo mening ustimdan kulyapsan”, – deydi. Shunda men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oziq tishlari ko‘rinadigan darajada kulganlarini ko‘rganman. U zot sollallohu alayhi vasallam: “O‘sha kishi jannatdan eng kam joy olgan kishidir”, – dedilar”. Imom Buxoriy rivoyat qilgan.
Shulardan ko‘rinib turibdiki, qalbida iymoni bor odam do‘zaxda abadiy qolmaydi, albatta, bir kuni undan chiqib, jannatga kiradi.
O‘shiy rahmatullohi alayh shu yergacha Ahli sunna val-jamoaning asosiy e’tiqodiy qarashlarini bayon qilgan va endi so‘zlarini yakunlashga kirishgan.
Keyingi mavzu:
Go‘zal nazmiy bayon.
[1] Munoviy. Taysir bi sharhi jlmi’is-sog‘ir. “Maktabatush shomila”. – B. 618.
[2] Muborakfuriy. Tuhfatul Ahfaziy. “Matabatush shomila”. – B. 318.
[3] Maryam surasi, 60-oyat.
[4] Anfol surasi, 33-oyat.
[5] Doktor Ahmad Farid. Bahrur-roiq. – Iskandariya: “Dorul Majd”, 2009. – B. 100.
[6] Hud surasi, 114-oyat.
[7] Hashr surasi, 10-oyat.