Bahorning shoh taomlaridan bo‘lmish – sumalakni hamma suyib iste’mol qiladi. Chunki u o‘z tarkibida bir qancha darmondorilarni, inson jismiga quvvat baxsh etadigan xususiyatlarni mujassam etgan. Qolaversa, ko‘klam boshi “ilik uzildi” palla ekanini hisobga olib, jismonan tetik, bardam, serg‘ayrat, baquvvat va sog‘lom bo‘lish uchun xalqimiz azal-azaldan sumalak qilishga odatlangan. Bu tadbir doimo o‘zining ijobiy samarasini berib kelgan.
Ammo keyingi paytlarda to‘qchilik, farovonlik, moddiy tarafdan keng-mo‘lchilik sababli ne’matlarga nisbatan noshukurchilik va isrofgarchilik holatlari avjiga chiqqani ham ayni haqiqat. Bu salbiy holatni ziyofat, to‘y-tomosha, ma’raka-marosim va boshqa tadbirlarda ham ko‘rish mumkin. Sumalak va unga tegishli jarayonlar-da mazkur salbiy holatlardan xoli emas.
Birinchidan, diniy savodsizlik tufayli sumalakni muqaddas taom sifatida ardoqlash va uni tayyorlash jarayonini ibodat darajasiga ko‘tarish yoki mazkur holatni ilohiylashtirish holatlari ham bor. Shuning uchun bo‘lsa kerak, sumalakning paydo bo‘lish tarixi to‘g‘risida har xil to‘qima xabar va “hadis”lar tarqalgan. Shunday voqealardan biri – sumalak aslida “semalak”, ya’ni “uch farishta” deb atalib, uni Fotima onamiz roziyallohu anho o‘g‘illari Imom Hasan va Imom Husayn roziyallohu anhumolar uchun tayyorlab bergani haqidadir. Ona uyda hech vaqo yo‘qligi bois o‘choqqa o‘t yoqib, qozonga suv solib, uni qaynatish jarayonida kavlab turgan. Va o‘g‘illarini tinchlantirish uchun qozondan shaqur-shuqur tovush chiqib tursin, deb bir necha toshni ham tashlagan. Bu jarayon yarim tungacha davom etib, alal-oqibat har ikkala o‘g‘il charchab uxlab qoladi. Ona ham toliqib uyquga ketadi. Shu payt osmondan uchta farishta tushib, qozonga sumalak uchun ishlatiladigan barcha masalliqlarni solib, uni tayyorlashgan. Erta tongda esa ona-bolalar uyg‘ongan va qozondagi tayyor sumalakni iste’mol qilishgan.
Hech qanday hadis yoki asos bilan dalillanmagan mazkur rivoyat aslida to‘qima bo‘lib, amalda sumalak barcha taomlar kabi oddiygina bahoriy taomdir. Uning boshqa taomlardan hech qanday muqaddaslik va ustunlik jihati yo‘q. Chunki uning tarkibida mavjud xususiyatlar boshqa taomlarda ham bor.
Ikkinchidan, sumalakni tayyorlash jarayonida o‘ziga xos talablar, masalan, ayol-qizlarning uzrli bo‘lmasliklari, sumalakka ma’lum adaddagi toshlarni tashlash va uni kavlash jarayonida bo‘ladigan har xil e’tiqodiy adashishlar (alohida niyat qilish, shu paytda qilingan niyatlarning ro‘yobga chiqishi, orzu-havaslarning amalga oshishi, turmushga chiqmagan qizlar bo‘lsa, baxti ochilishi, befarzandlarning bola ko‘rishi, arazlashib qolganlarning yarashishi, sumalakning ustki qismida qandaydir surat, shakl va yozuvlarning paydo bo‘lishi, yana bulardan tashqari qanchadan-qancha bid’at-xurofotlar), hattoki sumalakka qarab turib fol ochish holatlari ham paydo bo‘layotgani nihoyatda achinarlidir. Aslida niyat ro‘yobga chiqishi uchun qaysidir taomga tosh tashlashda hech qanday mantiq yo‘q. Bu taom tagiga olmasligi uchun qilinadigan bir amal, xolos. Axir, umri davomida biror qozonga tosh tashlamagan, biroq ko‘plab niyati ro‘yobga chiqqan kishilar juda ko‘p.
Uchinchidan, sumalak tayyorlash jarayonida ko‘p odam yig‘ilishi natijasida esa ziyofat, o‘yin-kulgi, isrofgarchilik, dabdabavozlik, shuningdek, bu borada kimo‘zarga o‘ynash ham avjlanib bormoqda. Ba’zi hollarda esa beparvolik, loqaydlik tufayli yong‘in hodisalari sodir bo‘layotgani va qanchadan-qancha moddiy zararlarni keltirib chiqarayotgani-da hech kimga sir emas. Ba’zan qarov yo‘qligi bois yosh bolalarning sumalak qaynab turgan qozonga tushib ketgani haqida ham eshitib qolamiz.
To‘rtinchi – eng achinarlisi va eng yomoni esa “Sumalak bahona – diydor g‘animat” qabilida ish ko‘radigan, qorong‘ida topishadigan ma’naviy ko‘rlar uchun bu tadbirlar ayni muddao bo‘lmoqda. Keksa onaxonlar sumalak tayyorlash, erkaklar o‘tin yorish va o‘choqqa o‘t qalash bilan ovora bo‘lib turganlarida, ularning o‘g‘il-qizlari qorong‘i, pana joylarda bir-birlarining pinjiga kirib, ko‘ngilxushlik bilan mashg‘ul bo‘ladilar.
Albatta, bunday fursatdan “unumli” foydalanadigan yana bir toifa kishilar borki, ularning har qanday ziyofat, yig‘in, tadbir yoki o‘tirishlardan asosiy ko‘zlagan maqsadlari yagona. U ham bo‘lsa, o‘rtaga pul tashlab, mast qiluvchi ichimliklarni sotib olib, kayfu safo bilan ovora bo‘lishdir. Albatta, bunday ichimliklar o‘zining ishini qilmay qo‘ymaydi. Janjal-to‘polon, ko‘ngilxiralik yuzaga keladi.
Maqsadimiz – barchaning sevimli taomi bo‘lgan sumalakni qoralash emas, balki u bahona sodir etilayotgan bedodlik, odobsizlik, ma’naviyatsizlik, iymonsizlik va milliyligimiz, or-nomusimizga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan bid’at-xurofotlar, sodir etilayotgan hodisalar haqida eslatib qo‘yishdir. Shunday ekan, sumalak tayyorlash jarayoniga ham ota-bobolarimiz kabi yondashaylik: bu marosim to‘s-to‘polon, kayf-safo bilan emas, ahillik, inoqlik bilan o‘tsin. Har xil xurofiy urf-odatlarni tatbiq etmaylik. Isrofdan tiyilaylik.
Is'hoqjon BЕGMATOV, “Qashkadaryo” nashri
O‘zbekiston musulmonlar idorasi matbuot xizmati
Tarixchilar Usmonli sultonlarining haj ziyoratiga bormaganiga ikki sababni ko‘rsatadilar:
1. Xavfsizlik muammolari:
Sultonlar haj safariga borishda xavfsizlik muammolariga duch kelgan bo‘lishlari mumkin. Ular uchun hajga borish oddiy odamlarnikidan farqli ravishda murakkab bo‘lgan, chunki sultonning yo‘lda hujumga uchrash xavfi katta edi. Bu holat katta qo‘shin bilan safar qilishni talab qilardi. Haj niyatida yo‘lga chiqib qon to‘kishga sabab bo‘lmasligini afzal bilganlar.
2. Davlat boshqaruvidagi mas’uliyat:
Sultonlar mamlakatni muddatsiz tark etish xavfli deb hisoblashgan. Haj safarlari bir necha oy davom etgani sababli, davlatni hukmdorsiz qoldirish anarxiya va siyosiy beqarorlikka olib kelishi mumkin edi. Shuning uchun sultonlar haj o‘rniga davlat boshqaruvi va xarbiy yurishlarga ustunlik berganlar.
Vaqt o‘tishi bilan Usmonlilar sulolasiga bu an’anaga aylandi. Sultonlar “hajji badal” qilishni tayinlagan bo‘lishi mumkin.
Shu bilan birga, Usmoniy sultonlari Makka va Madinaga doim e’tibor qaratgan. Ular har yili xayriya karvonlarini jo‘natib, muqaddas shaharlarning aholisiga moliyaviy yordam ko‘rsatganlar va Haramayn masjidlarini ta’mirlab, kengaytirib turganlar.
Po‘latxon Kattayev,
TII Hadis va Islom tarixi fanlari kafedrasi katta o‘qituvchisi.