«Fikrbazm» loyihasining bu galgi mehmoni Toshkent shahar bosh imom-xatibi Anvar qori Tursunov «Oila davrasida» nashri muxlislaridan kelgan savollarga atroflicha javob qaytardi.
— Bismillahir rohmanir rohim.
Shunday go‘zal bir ishni boshlab, xalqimizni yana bir bor ilm-ma’rifatga chorlab kelayotgani uchun «Oila davrasida» gazetasiga minnatdorlik bildiramiz. Ilm-ma’rifat har kuni hammamiz targ‘ib qiladigan buyuk bir vazifadir. Qur’oni karimning ilk nozil bo‘lgan kalomi ham aynan o‘qishga targ‘ib qilish bilan boshlangani bejiz emas. Hadisi sharifda beshikdan qabrgacha ilm o‘rganishga buyurilgan. Har bir muslim va muslima uchun ilm o‘rganish farzdir. Bashariyatga ilm farz qilingan, ilmsiz kishi qattiq gunohkor bo‘ladi. Bu esa har bir inson hamisha ilm olishga intilishi zarurligini taqozo etadi.
Suhrob HASANOV, Toshkent shahri:
— Siz deyarli barcha ma’ruzalaringizda, suhbatlaringizda ilm olishga da’vat qilib kel¬yapsiz. Ba’zan oilamizda tarbiya topayotgan turli yoshdagi farzandlarimiz uchun kitob topolmay boshimiz qotadi. Masalan, endigina tili chiqayotgan yoki boshlang‘ich maktabda o‘qiyotgan bolalar uchun oilada iymon saboqlarini o‘rgatishda ular o‘zlari mustaqil o‘qib foydalanishi uchun nima tavsiya qilasiz?
— Kitoblarni tavsiya qilishdan oldin ba’zi mulohazalarimni aytsam. Bolaning qo‘liga kitob berib qo‘yish bilan ish bitmaydi. Ilmning avvali odob, odob esa amaliy ilmdir. O‘ng bilan chapning farqiga yetgan farzandiga ota-ona odob ta’limini berishi vojibdir. Boshqa zarur ilmni ham shu paytdan o‘rgatib borish ota-onaning zimmasidagi majburiyat.
Avvalo, ota-ona oilada kitob o‘qiyotganini, ilm-ma’rifatni qadrlashini farzandlarimiz ko‘rib, guvohi bo‘lib ulg‘ayishi kerak. Ularning qo‘lidan yetaklab, kitob do‘konlariga olib borish, u yerdagi minglab kitoblarni ko‘rsatish, ayrimlarini olib berish bilan kitobxonlikka rag‘batini uyg‘otish zarur. Ota-ona kitobga e’tiborsiz bo‘lsa, bolani ilmga o‘rgatish mahol.
Ba’zi ota-onalar qidirmay-izlanmay bolalarga yaxshi kitoblar yo‘q, deb aytadi. Bu — bexabarligimizdan. Kitob rastalarini bir aylanib ko‘rsangiz, barcha yoshdagi bolalar uchun istagancha kitob topiladi. Hatto bog‘cha va maktab bolalarining mustaqil o‘rganishlari uchun arab alifbosi, husnixat, Qur’on o‘qish uchun savod chiqarishni o‘rgatuvchi «Muallimus-soniy» kitobining ovozli yozuvlarigacha tayyorlab chiqarilgan. Bolalar uchun Shayx Muhammad ¬Sodiq hazratlarining «Sog‘lom bola», Ziyouddin Rahimning «Odobli bola» kitobi, yana bolalar uchun odob-axloq haqidagi ayrim ertak kitoblarni ham tavsiya qilish mumkin. Har qanday kitobni ota-ona avval o‘zi o‘qib, bolasi uchun sodda va ravon tilda tushuntirib bersa, farzand bundan ko‘p manfaatlar oladi.
Nurbek SHORAHMЕDOV, Toshkent viloyati:
— Yoshim 58 da. Yoshligimda ilm ololmaganimdan bugun juda afsusdaman. Lekin ilmga ixlosim baland. Shu yoshimda ham ilm olib, Allohning marhamatidan bahramand bo‘lishni istayman, ammo xotiram avvalgiday emas. Nima deysiz, men uchun ilm o‘rganish kech bo‘lmadimikan?
— Yuqorida aytib o‘tganimizday, hadisi sharifda beshikdan qabrgacha ilm olishga buyurilganmiz. Hatto Qur’onning biron harfini tanimagan kishi ham uni qo‘liga olib, varaqlab ko‘rsa, niyatiga yarasha savob topaveradi, deyishgan ulamolar. Ilm uchun ko‘ngil pok, niyat xolis bo‘lishi kerak (Navoiy hazratlari aytganlaridek, «Ilmni kim vositai joh etar, O‘ziniyu elini gumroh etar»). Ko‘zini, og‘zini haromdan saqlay olgan, qalbini kin, adovat kabi barcha yomonliklardan asray olgan kishi ilmni tez o‘rgana oladi. Yoshim o‘tib qoldi, deb ilmni tark qilish bu — jaholat.
Endi bir hayotiy dalilni bildirmoqchiman. Bir inson oltmish yoshida harf o‘qidi. Oltmish besh yoshida Qur’onni yodladi. Shu kishi hozir ham hayot. Umrlari uzoq bo‘lsin, saksondan oshgan. Shu kishining ilmga muhabbatlarini ko‘rib hayron qolasiz.
Inson ilm olmoqchi bo‘lsa, yoshning mulohazasini qilmasligi kerak. Baholi qudrat, Alloh muyassar qilganicha o‘rganib, bilganlariga amal qilib boraversa, Alloh ilm yo‘lini unga osonlashtirib qo‘yadi. Shuningdek, bu savolni yo‘llagan inson ham astoydil bel bog‘lasalar, ancha ilmga ega bo‘lishlari ajabmas. Intilgan kishi kuniga bir dona hadis yo bittagina oyat bo‘lsayam o‘zlashtirib borsa, katta ilmga erishadi.
Ergash SHOJALILOV, Toshkent shahri:
— Sizni eng peshqadam olimlardan biri deb bilamiz. Ma’ruzalaringizni, televideniye orqali chiqishlaringizni maroq bilan ko‘rib boramiz. Yana sizni hazrat Navoiy ijodining mohir bilimdoni sifatida ham yaxshi bilamiz. Bu ulug‘ zotning ijodi haqida biron kitob yozishni niyat qilganmisiz?
— Bu — men anchadan beri o‘ylab yurgan ish. Alloh xohlasa, ko‘pchilikning duolari sharofati bilan shu paytgacha qilgan ishlarni jamlab, ularni yanada to‘ldirib, boyitib, bir ish qilish niyatimiz bor.
Hazrat Navoiyning ijodlariga qiziqishim menda maktab kezlaridayoq boshlangan. Bir vaqtlar bizga Navoiyni boshqacha o‘qitishgan. Uni faqatgina shunchaki shoir qilib ko‘rsatishga urinishgan. Uning ijodini asl ildizidan kesik holda talqin etishgan (Shunday talqinlarni ba’zan hali ham televizorda ko‘rib qolsam, xafa bo‘laman). Hazrat Navoiy butkul boshqa olam. Biz uni o‘qisak, o‘rgansak, tushunsak, bugungi ancha-muncha muammolarimizga o‘z-o‘zidan yechim topamiz. Buni xalqqa yetkazib berish zimmamizdagi vazifa va mas’uliyatdir.
Arash bobo HASANOV, Qorako‘l tumani:
— Bir yig‘inda «Muhammad alayhissalomdan tashqari hamma payg‘ambarlar yahudiy», degan gap bo‘ldi. Shu gap rostmi?
— Yo‘q. Ba’zi payg‘ambarlar Bani Isroildan chiqqan. Shuni ayrimlar ilmsizlik bilan yahudiy deb tushunishadi. Aslida Bani Isroil deyilishi Ya’qub alayhissalom bilan bog‘liq. Isroil — Ya’qub alayhissalom ismlaridan biri.
Savolda balki payg‘ambarlar shajarasi haqida gap ketayotgandir. Ya’ni, Ibrohim alayhissalomning ikki o‘g‘li payg‘ambar bo‘lgan. Biri Is'hoq, biri Ismoil alayhissalom. Ko‘p payg‘ambarlar nasabi Is'hoq alayhissalomga borib taqaladi. Ismoil alayhissalom naslidan esa oxirzamon payg‘ambari — sarvari koinot Muhammad alayhissalom tug‘ilganlar. Ibrohim alayhissalomni ham yahudiy deb bo‘hton tarqatishganida bu gap noto‘g‘ri ekani haqida Qur’oni karimda ochiq-oydin dalillar kelgan.
Shahrizoda MUQIMOVA, Chirchiq shahri:
— Men Qur’on ma’rakalarda o‘qilishi haqida eshitganman. Lekin bir tanishimdan ba’zi nikoh to‘ylarda ham Qur’on o‘qilishini aytganida, hayron bo‘ldim. Aslida Qur’on qachon, qayerda va nima maqsadda o‘qilishi kerak?
— Bu savolni bergan singlimizmi, opamizmi, hali ancha o‘qib-o‘rganishi kerak ekan. Qur’oni karim Alloh taoloning insoniyatga tushirgan hidoyat kitobi. Uni hammamiz hamisha — to‘yda ham, boshqa paytlarda ham o‘qishimiz zarur. Maqsad esa xolis Alloh uchun bo‘lishi kerak. Qur’on o‘qilgan joyda nur bo‘ladi, baraka bo‘ladi. Lekin afsus, bugun uni faqatgina uyida yo mashinasida olib yuradiganlar, hashamatli uyining devoriga faqat bezak uchungina yozdiradiganlar ham uchrab turibdi. ¬Qur’onni, avvalo, qalbimizga muhrlasak, dilimizga jo qilsak, ko‘ngildagi hamma g‘arazlarni ketkazadi. Qalbni tozalaydi va unday odamdan yomonlik chiqmaydi. Qur’on o‘qib, yodlab, amal qilib yurgan kishining ikki dunyosi obod bo‘ladi, baraka topadi. Mana, bugun yurtimiz bo‘ylab ommaviy Qur’on musobaqalari o‘tkazilyapti. Birinchi yilning o‘zida besh mingdan ortiq ishtirokchi qatnashyapti. Bu — Qur’onning barakoti.
Ruhiy tarbiya ustozlari Qur’onsiz qalb — o‘lik qalbdir, deyishgan.
Duolarimiz Qur’on tilovatidan keyin qabul bo‘ladi. Shuning uchun ulamolar oldin Qur’on tilovat qilib, keyin hojatlarini Allohdan duo qilib so‘rashgan. Yana Qur’oni karimning ko‘plab manfaatlari bor, bularni tartib bilan o‘qib-o‘rganib, hayotimizga joriy qilib borish zarur.
Nurmuhammad MUHAMMADIYEV, Surxondaryo viloyati:
— Joylarda o‘zini din peshvosi hisoblaydigan ayrim diniy xodimlar ba’zi kasblarda, xususan, davlat idoralarida ishlaydigan kishilarga past nazar bilan qarashlariga guvoh bo‘lganmiz. Nima, kimning qay darajada iymonli ekanini o‘sha «peshvo»lar belgilaydimi?
— Afsuski, bunday jaholat diniy xodimlar orasida ham uchrab turibdi. Aslida Alloh taoloning huzurida bandalar bir-biridan faqatgina taqvosi bilan farq qiladi. O‘zini boshqalardan yuqori tutib, boshqalarni kamsitish va mensimaslik kibrdir. Kibr eng katta gunohlardan sanaladi.
Asila SHAHOBIDDINOVA, Toshkent shahri:
— Savdogar molning narxi ustiga qancha qo‘yib sotishi mumkin (Ayniqsa, kiyim-chechak masalasida)?
— Buni bozor belgilaydi. Lekin bozordagi narxni sun’iy oshirish yoki oshirishga kelishib olish mumkin emas. Tannarxning ustiga qancha kam qo‘yilsa va qanoatli bo‘linsa, baraka ham shuncha ko‘payib boraveradi.
Ammo shariatimizda ixtikor degan tushuncha bor. Bu — oziq-ovqat mahsulotlari narxi oshganda sotish uchun ataylab ushlab turish oqibatida taqchillik keltirishdir. Bunday qilish mumkin emas.
Hasan QULMURODOV, Denov tumani:
— Tijorat sirini saqlash maqsadida yolg‘on ishlatilishi joizmi?
— Joiz emas. Har qanday yolg‘on tijoratning barakasini ketkazadi. Tijorat ilmini bilmagan, unga rioya qilmagan kishining tujjorlik qilishi joiz emas.
G‘olibjon MIRZAYEV, Toshkent viloyatidan:
— Imron, Mubina, Yasin, Yasina, Sakina kabi ismlar hozir urfga kiryapti. Shunday ismlar qo‘yish to‘g‘rimi?
— Imron, Mubina kabi ismlarni qo‘ysa bo‘ladi. Lekin Yasina, Imona, Imrona kabi ismlarni qo‘yish joiz emas. Bu til qoidalariga to‘g‘ri kelmaydi.
Zafar SHOJALILOV, Asaka tumani:
— Bu yilgi haj mavsumida ziyorat narxlari osharmish, degan gaplar yuribdi. Bu qanchalik to‘g‘ri? Uning aniq miqdori belgilandimi?
— Bu hozircha hali aniq bo‘lgani yo‘q. Aniq bo‘lsa, O‘zbekiston musulmonlari idorasi rasman e’lon qiladi. Hozir o‘sha miqdorni ziyoratchilarimiz uchun qulay narxlarda belgilash borasida ish olib borilyapti.
Noila SODIQOVA, Zangiota tumani:
— Farzandimizdan boshqa yoshlarning tarbiyasiga ham mas’ul bo‘lamizmi? Masalan, qo‘shnining farzandiga to‘g‘ri ma’noda tanbeh berish mumkinmi? Bunga uning ota-onasidan e’tiroz eshitsak-chi?
— Bu juda o‘rinli savol. Biz xudbin bo‘lmasligimiz kerak. Ya’ni, bu mening farzandim, deb uning yurish-turishi, xulq-atvori, boshqa xatti-harakatlari haqida qayg‘ursak-da, xuddi shunday boshqa bir bolaning taqdiriga befarq bo‘lishga haqli emasmiz. U kim bo‘lishidan qat’i nazar, biron nojo‘ya ishidan xabar topsak, uni to‘g‘ri yo‘lga boshlashga mas’ulmiz. Dinimiz har bir insonni shirin so‘z, yumshoq muomalada bo‘lishga chaqiradi. Mehr-oqibat ko‘rsatishga buyuradi. Agar farzandiga o‘rinli tanbeh berilgani uchun ota-ona o‘rtaga tushib, yonini oladigan bo‘lsa, endi bu ham o‘z ilmsizligini namoyish etish bo‘ladi. Qaytanga: «o‘sha inson senga to‘g‘ri aytibdi, kattalarning e’tiroziga sabab bo‘ladigan noma’qul ishlaringni yig‘ishtir, odobli bo‘l», deb nasihat qilishi zarur. «Bola meniki, nima qilishini o‘zim bilaman», deyish ota-ona bilan bolaning xulqi bir xil ekanini ko‘rsatib turadi. Qush uyasida ko‘rganini qiladi, degan gap bejiz aytilmagan, axir.
Men shunday ota-onalar qo‘lida «tarbiya» topayotgan ayrim yoshlarimizdan tashvishdaman. Ularning moddiyati qancha to‘kis bo‘lgani bilan ma’naviy sayozligi shundoqqina bilinib qolyapti. Ular hazrat Navoiyni, Qodiriyni o‘qib, biron narsa ola bilarmikan, degan savol meni qiynaydi.
Bir paytlar odamlar moddiy jihatdan hozirgiday to‘kin bo‘lmagan yillari, o‘zim guvohi bo‘lganman, ma’naviyat, diyonat, hayo-ibo ancha yuqori darajada bo‘lgan. Bu haqda bugun tinmay bong uryapmiz, bundan keyin ham gapiramiz. To shu holatlarimiz isloh bo‘lmaguncha jim qarab turishga hech birimizning haqimiz yo‘q.
Fazilat QOSIMOVA, Qashqadaryo viloyati:
— Ona qizining turmushiga huda-behuda aralashib, hatto uni barbod qilayotgan hollarga ham ba’zan duch kelyapmiz. Bunday paytlarda qanday yo‘l tutiladi? Ona qizining oilasiga aralashishi mumkinmi?
— Bunday holatlarga keyingi paytlarda ko‘p duch keladigan bo‘ldik. Afsus. Buning sababi shariatimiz ko‘rsatmalarini bilmaganimiz, o‘z haq-huquqimizdan xabarsizligimiz, boshqalar haqini bilib-bilmay poymol qilayotganimizdan. Bir yigit qizga ota-onaning roziligi bilan, mahrini berib, nikoh o‘qitib, uylandimi, demak, endi u qizning xo‘jayini-egasi o‘sha erkak hisoblanadi. Uning xotiniga qaynota-qaynona xo‘jayinlik qilolmaydi, turmushiga aralasholmaydi. Lekin yaxshilik bilan qarindosh-urug‘chilik, quda-andalik qilinadigan bo‘lsa, mumkin. Ba’zi bir onalar turmushga uzatgan qizining allaqachon o‘zga oilaning bekasiga aylanganini, o‘zining tasarrufidan chiqib ketganini to‘g‘ri tushunib yetishi kerak. Huda-behuda uning oilasiga, turmushiga, oilaviy yo‘l-yo‘riqlariga aralashaverishi yaxshilikka olib kelmasligini tushunib yetishi zarur. Aks holda, o‘z farzandimizni baxtsiz qilib qo‘yamiz. Bundan Alloh saqlasin. Qizingizni bir kishiga ishonib topshirdingizmi, endi uning o‘z uyida bemalol yashashiga qo‘yib bering.
Parpi ESHMONOV, Samarqand viloyati:
— Ba’zi joylarda domlalar ko‘chiriq o‘tkazishadi. Shu haqiqatda bor narsami? Dinda bu haqda nima deyilgan?
— Bu savolning o‘zi noto‘g‘ri. Sababi, o‘sha amalni qilayotganlar O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida ishlayotgan domlalar emas, lekin xalq ularni domla, mulla, ilmli kishi deb o‘ylaydi. Ularning qilayotgan ishlari ham shariatga nomuvofiq. Shariatda xastaga ¬Qur’on tilovat qilib, Payg‘ambarimiz alayhissalom o‘rgatgan maxsus duolarni o‘qib, dam solib qo‘yish bor va buning shifosi muqarrar, chunki Qur’onni Alloh shifo deb atadi. Qur’ondan boshqa narsa bilan dam solinmaydi.
Biz asl haqiqatlarni bilmaslik natijasidagi ayrim nojo‘ya ishlar orqali jonimizni ham, hayotimizni ham xatarga qo‘yishdan Alloh saqlasin.
Zoir PANJIYEV, Surxondaryo viloyati:
— Yomon tush ko‘rish inson ruhiyatiga ta’sir qilishi bor gapmi? Shunday holda o‘qitish haqiqatda naf beradimi?
— Albatta. Janob Payg‘ambarimiz alayhissalom yomon tush ko‘rganda uni yaxshiga yo‘yish kerakligini aytganlar. Tushni hammaga ham aytavermaslik, zarur bo‘lganda uning ta’birini yaxshi odamlardan so‘rash tavsiya etilgan. Tush ta’sirida yomon xayollarga borib, undan shubhalanmaslik kerak.
Qur’on o‘qish har qanday holatda insonga foyda qilishi bu — buyuk haqiqat. Insoniyat uning foydasini o‘zida his qilgani uchun ham bu an’ana asrdan asrgacha o‘tib kelyapti va to qiyomatgacha davom etadi.
Marhabo VAHOBOVA, Toshkent shahri:
— Mening savolim to‘ylardagi oldi-berdilar haqida. Kuyovlar kelindan sovg‘a-salom talab qilishi to‘g‘rimi? Hatto bitta latta uchun ham talashishadi?
Ilmira QOBULOVA, Toshkent viloyati:
— Faqatgina xotinini ishlatib o‘zi shuning orqasidan kun ko‘radigan erkaklar haqida nima deysiz?
— Shu ikki savolga bitta javob bermoqchiman. To‘y qilish, uning barcha sarf-xarajatlari, kelinning moddiy-ma’naviy ehtiyojlari — bularning hamma-hammasi kuyovning zimmasida vojibdir. O‘zini chinakam erkak deb hisoblagan kishi ayolning narsasiga ko‘z tikmaydi. Bu kabi holatlarning uchrayotgani bugun ayrim erkaklarimizda erkaklik hamiyati kamayib ketayotganidan dalolatdir. Erkak kishi o‘z ulug‘ligini ketkazib, dunyoning arzimas matosi uchun tamagirlik qiladigan sharmandali bir ahvolga o‘zini solmasligi zarur. Axir, erkak oila boshlig‘i, oilaning barcha ta’minoti uchun mas’ul bo‘lgan shaxs-ku! Agar u hamma ishda xotinning qo‘liga qarab turaversa, oiladagi rahbarlik maqomi qayerda qoladi?!
Qur’oni karimda erkaklar ayollar ustidan alohida bir darajaga ega ekanliklari bayon etilgan. Bu ilohiy nizomga qarshi chiqib bo‘lmaydi.
Erkakning jismoniy jihatdan mehnat qobiliyatini yo‘qotgani bu — boshqa masala. Lekin to‘rt muchasi sog‘ bo‘la turib, faqat dangasalik orqasidan xotini yo hali balog‘atga yetmagan farzandini ishlatib qo‘yib, ba’zan ularga tilanchilik kabi nojoiz ishlarni qildirib kun ko‘rish mutlaqo mumkin emas. Oilada erkak kishi erkakning, ayol kishi ayolning vazifasini bajarishi shart.
Ollayor QO‘SHNAZAROV, Bog‘ot tumani:
— O‘zining ahli yoki qarindoshlari muhtoj bo‘la turib, boshqalarga pul xarj qilib yuradigan boyvachchalar ham ba’zan uchrab turadi. Bularga qanday munosabat bildirasiz?
— Sadaqani o‘zimizdan, oilamizdan boshlashimiz zarur. Hatto ulamolarimiz zakotni boshqa shahardagi odamga bermaslik avlo ekanini alohida ta’kidlashgan. Sadaqa — ehson, ya’ni savob umidida xolis Alloh uchun qilingan yaxshilikdir. O‘z oilamizdagi kishilarning ta’minoti bizga vojib bo‘lib turgan bir paytda yoki qarindosh-urug‘ga, qo‘ni-qo‘shniga silai rahm qilish buyurilgan bir holatda oldin bo‘ynimizdagi o‘z majburiyatimizni bajarmasdan boshqa ishlarni qilib yurishimiz to‘g‘ri bo‘lmaydi. Sadaqa-ehson birovlarga moddiy-ma’naviy yordam ko‘rsatish, dardu kulfatini, musibatini yengillashtirib, ko‘ngliga xursandchilik olib kirish vositasi hisoblanadi. O‘z oilasidagilar shunday ko‘makka muhtoj bo‘lib turganda ularga xayrixohlik ko‘rsatmasdan boshqa ishlar qilish bu — samimiy yaxshilik emas, riyo yoki qaysidir boshqa g‘arazni ko‘zlab qilingan nomaqbul ishdir.
«Oila davrasida» muxbiri
G‘ulomjon BOBOJONOV yozib oldi.
O‘zbekiston musulmonlar idorasi matbuot xizmati
00:00 Anons
00:48 Fuqarolar murojaati e’tibor markazida
01:11 Qur’on va tajvid markaziga tashrif
01:44 Qo‘shko‘pirdagi "Islom bobo" masjidi foydalanishga topshirildi
02:28 Xayru saxovat – qalblarga quvonch ulashadi
02:42 Ziyoratchilarimiz Payg‘ambar alayhissalom shaharlarida
02:58 Imkoniyati cheklanganlar uchun navbatdagi ma’rifiy suhbat
03:24 To‘raqo‘rg‘on tumanida amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilindi
04:01 Otinoyilar ishtirokida tanlov o‘tkazildi
04:22 Qishki ta’til davrida o‘tkazilgan malaka oshirish o‘quv seminari nihoyasiga yetdi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati