Kasbi tumani Kasbi qishlog‘idagi kattagina maydonni egallagan Sulton Mir Haydar ziyoratgohi yurtimizdagi qadimiy maskanlardan. E’tiborlisi, mazkur ziyoratgohda ko‘plab tarixiy obidalar qatorida bo‘yi 1 metr, eni 89 santimetr, og‘irligi 2 tonnaga yaqin sandiqqa o‘xshash kulrang marmar tosh ham saqlanadi. Temuriylar davriga xos, o‘z davrining eng mohir sangtaroshlari tomonidan ishlov berilgan va mashhur xattotlarning jimjimador yozuvlari chekilgan bu qabrtosh nufuzli odamga tegishli ekani ko‘rinib turibdi.
Darhaqiqat, shunday. Yozilishicha, “Bu qabr Amir A’zam Amir Sayyid Barakaning o‘g‘li marhum va mag‘fur Amir Sayyid Shamsiddin Haydarnikidir”. Qabrtoshning janub tomonida esa “Sayyidlar Sultoni, izzat va karomat manbai Amir Sayyid Shamsiddin Haydar al-Husayni an-Nasafiy shavval oyining yigirmanchi jum’a kuni (hijriy) 877 (milodiy 1473) yilda vafot etdi”, degan bitiklar mavjud. Qabrtoshdagi matnga ko‘ra, Amir Sayyid Shamsiddin Haydar Sohibqiron Amir Temurning piri Sayyid Barakaning o‘g‘lidir.
Manbalardan ma’lumki, Amir A’zam Sayyid Baraka payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning avlodlaridan bo‘lgan. U hukmdor buyrug‘i bilan Makkadan Balxga vaqf ishlari bo‘yicha keladi. Ammo Balx hukmdori Amir Husayn unga nisbatan yaxshi muomalada bo‘lmaydi. Shundan so‘ng Sayyid Baraka Termizga borib, shu yerda yashab qoladi. Ana shu vaqtda Sohibqiron Amir Temur Termizga boradi va u zot bilan uchrashadi. Bu uchrashuvda Sayyid Baraka Sohibqiron Amir Temurga bayroq va nog‘ora beradi. Bu saltanat, shohlik belgisi edi. Bu haqda Sharafiddin Ali Yazdiy o‘zining “Zafarnoma” asarida: “Hazrat Sohibqiron Beva (Termizdan 20 kilometr uzoqlikdagi qishloq) mavze’idakim, Termizdin uch yig‘och beri erdi, tushti, ul yerda hazrat oliyjanob, naqobattob, murtazoi A’zam, Akram, Sayyid Barakakim, Makkaning shariflaridin erdi va ul mahalda yer yuzining sodotlarig‘a akram va ashrafi erdi, ul yerda hazrat Sohibqiron qoshiga tabla va alamkim, saltanatning alomati turur, o‘zi bila kelturub, peshkash qildi va muborak tilini ochib shahanshohlik mujdasin berdi”, deb yozadi.
Bilamizki, Sohibqiron Amir Temur har ishda kengash, maslahatga alohida e’tibor qaratgan. Shamsuddin Mir Kulol Faxuriy, Zayniddin Abu Bakr Tayobodiy, Bobo Sangu, Xoja Boyazid, Shoh Ne’matulloh valiy Kirmoniy, Xoja Is'hoq Xuttaloniy, Mavlono Turkiy, Fazlulloh Xurufiy kabi piru ustozlari qatorida Sayid Barakaning ham qimmatli maslahatlariga doim rioya etgan. Sohibqiron Amir Temur bu pirlaridan maktublar olib turgan, ularni o‘z yurishlarida birga olib yurgan hamda ularning duolaridan ilhomlangan. Ana shu pirlar orasida Sayyid Baraka Sohibqiron Amir Temur hayotida muhim o‘rin tutgan. Bu haqda Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma” asarida shunday yozadi:
“Muqaddam sharif (Amir Temur) sayyidni bag‘oyat aziz tutib, anchakim shart ta’zim turur, sidq va ixlosdin bajoy keldurdi. Ul hazrat Sohibqiron (Amir Temur) bila do‘stliq qilib andoq bo‘ldikim, muddati hayotida davlat belgisi andin ayrilmadi va vafot bo‘lg‘ondin so‘ng ikkalasi bir yerda yottilar”.
Manbalarda qayd etilishicha, Amir A’zam Sayyid Baraka Samarqand va Andxo‘yda yashagan, 1404 yilda vafot etgan va Andxo‘y viloyatida dafn qilingan. Amir Temurning vasiyatiga ko‘ra, Shohruh Mirzo Sayyid Barakaning xokini Samarqandga olib keladi va Amir Temur maqbarasida dafn qiladi.
Mana shunday maqomga ega bo‘lgan Amir A’zam Sayyid Barakaning o‘g‘li Amir Shamsiddin Mir Haydar hisoblanadi. Yuqorida tilga olganimiz - qabrtoshdagi bitiklar Amir Shamsiddin Mir Haydar haqidadir.
Hazrati Amir Sayyid Shamsiddin Haydar qabrtoshida bitilgan hijriy 877 (milodiy 1473) yil Movarounnahrda Amir Temur o‘g‘li Mironshohning nabirasi Sulton Ahmad Mirzo hukmronlik qilgan yillarga to‘g‘ri keladi. Temuriylar tomonidan qo‘yilgan bu qabrtosh Amir A’zam Sayyid Baraka va uning o‘g‘liga nisbatan ko‘rsatilgan ehtiromni anglatishi bilan birga u bugungi kunda bizga Amir Sayyid Shamsiddin Haydarning kim ekanligidan darak beruvchi noyob tarixiy yodgorlik hamdir.
Ruhiddin AKBAROV , “Qashkadaryo” nashri
O‘zbekiston musulmonlar idorasi matbuot xizmati
00:00 Anons
00:48 Fuqarolar murojaati e’tibor markazida
01:11 Qur’on va tajvid markaziga tashrif
01:44 Qo‘shko‘pirdagi "Islom bobo" masjidi foydalanishga topshirildi
02:28 Xayru saxovat – qalblarga quvonch ulashadi
02:42 Ziyoratchilarimiz Payg‘ambar alayhissalom shaharlarida
02:58 Imkoniyati cheklanganlar uchun navbatdagi ma’rifiy suhbat
03:24 To‘raqo‘rg‘on tumanida amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilindi
04:01 Otinoyilar ishtirokida tanlov o‘tkazildi
04:22 Qishki ta’til davrida o‘tkazilgan malaka oshirish o‘quv seminari nihoyasiga yetdi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati