Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Dekabr, 2024   |   24 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:47
Peshin
12:28
Asr
15:18
Shom
17:02
Xufton
18:22
Bismillah
25 Dekabr, 2024, 24 Jumadul soni, 1446

Fazilatli rajab oyi boshlandi

19.03.2018   27614   3 min.
Fazilatli rajab oyi boshlandi

Eslatma! Bu yilgi rajab oyining birinchi kuni 18 martga to‘g‘ri keladi. 

“Rajab” so‘zi qanday ma’noni anglatadi?

– Arab tilidagi “rajab” so‘zi o‘zbekchada “ulug‘lash”, “hurmatlash” ma’nolarini ifoda etadi. 

Rajab oyi qanday oy?

– Rajab oyi – Alloh taolo urush qilishni harom qilgan (zulqa’da, zulhijja, muharram, rajab) oylardan biridir.  

Rajab oyida qanday tarixiy voqealar yuz bergan?

– Yer yuzini suv bosgan to‘fonda Nuh alayhissalom kemaga rajab oyining birinchi kuni minganlar;

– Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ilk vahiy rajab oyida nozil bo‘lgan;

– Mashhur qavlga ko‘ra, Isro va Me’roj voqeasi rajab oyida sodir bo‘lgan. 

Rajab oyining qanday fazilatlari bor?

– Rajab oyi barakali va ulug‘ oy bo‘lib, undagi ozgina yaxshi amal evaziga ko‘plab ajru savoblar beriladi. Ibodatlar va duolar ijobat bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Besh  kecha  borki,  unda  duolar  rad  etilmaydi: rajab oyining  avvalgi  kechasi; sha’bon oyining  yarmidagi  kecha; juma kechasi; fitr kuni kechasi va qurbonlik kechasi” (Ibn Asokir rivoyati). 

Rajab oyini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday o‘tkazganlar?

– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rajab oyida ro‘za tutganlar. Usmon ibn Hakimdan rivoyat qilinadi: “Sa’id ibn Jubayrdan rajab oyida turganimizda rajab ro‘zasi haqida so‘radim. U: “Ibn Abbosning: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ro‘za tutar edilar, hatto og‘izlarini ochmasalar kerak, der edik. Og‘izlari ochiq bo‘lardi, hatto ro‘za tutmasalar kerak, der edik”, deyayotganini eshitganman”, dedi”.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rajab oyida ko‘p istig‘for aytishga targ‘ib qilganlar. Sayyidul istig‘for: “Allohumma anta robbiy la ilaha illa anta xolaqtaniy va ana abduka va ana ala ahdika va va’dika mastatotu a’uzu bika min sharri ma sona’tu, abuu laka bini’matika alayya va abuu bizambiy fag‘firliy fainnahu la yag‘firuz zunuba illa anta”.

– Rajab oyi kirganda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Allohumma barik lana fi rajabin va sha’bana, va ballig‘na ramazona” (“Yo Alloh, rajab va sha’bon oylarida bizlarga baraka ato qilgin va bizlarni ramazon oyiga yetkazgin!”) deb duo qilganlar (Imom Bayhaqiy va Imom Tobaroniy Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilgan).

Ulamolarimizdan biri: Rajab shamolga, sha’bon bulutga, ramazon yomg‘irga o‘xshaydi. Kimki rajab oyida ekin ekmasa, sha’bon oyida uni sug‘ormasa, ramazon oyida qanday hosil oladi?” degan edi.

Shunday ekan, ramazonda olajak hosilimiz mo‘l bo‘lmog‘i uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan o‘rnak olgan holda rajab oyida ko‘proq solih amallar bilan birga astoydil duolar qilishni ham unutmaylik!

G‘aflatda qolmaylik, azizlar, vaqt yugurik, umr bevafo!

Davron NURMUHAMMAD tayyorladi.

O‘MI Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Nega nuringizni ortingizda qoldirasiz?

25.12.2024   1288   4 min.
Nega nuringizni ortingizda qoldirasiz?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakatuhu

Bugun siz azizlarga so‘zlab beradigan hikoyam Makka shahrida bundan bir necha yuz yillar oldin sodir bo‘lgan hayotiy voqea haqidadir. Bu voqea bilan Saudiyada nashr etiladigan gazetalardan birida tanishganman.

Umra ibodatini ado etish uchun Makka shahriga borganimda gazetadagi “Nima uchun nuringni ortingda qoldirding?” degan maqolaga ko‘zim tushdi. Bu qiziqarli sarlavha meni o‘ziga jalb qildi. Bu nima degani ekan deb qiziqdim. Hikoyani o‘qib, uning mazmunini angladim.

Qadim zamonda o‘ta badavlat odam yashagan ekan. U paytlar qullik davri edi. Bu boyning ham barcha shaxsiy ishlarida unga xizmat qiladigan quli bor edi.

Bomdod namoziga azon aytilganda, xizmatkor tahorat uchun suv tayyorlar va xo‘jayinini uyg‘otardi. Tahoratga yordamlashib bo‘lgach, miltillab yonadigan fonusi bilan yo‘lini yoritib masjidga olib borardi. Bu davrlarda hali elektr tok, chiroqlar yo‘q, yo‘llar zimiston, chang, ko‘chalarda tosh va chuqurlar ko‘p edi.

Shu zaylda qul 20 yildan ortiq xo‘jayiniga xizmat qildi. Kunlarning birida odatdagidek bomdod namoziga ketishayotganida boy yurishdan to‘xtab, joyida biroz jim turib qoldi-da, keyin: “Gaplarimni eshit ey Said”, dedi. Qulning ismi Said edi.

Boy: “Ey Said, men vasiyatnomamda vafot etganimdan keyin merosxo‘rlarim seni ozod qilishlarini yozdim. Bu senga 20 yildan beri menga qilgan sodiq xizmatlaring uchun mukofot bo‘ladi”, deb aytdi.

Lekin bu gapdan Said xursand bo‘lmadi, xo‘jayiniga tashakkur ham izhor etmadi, hatto bir og‘iz so‘z ham aytmadi.

Ertasi kuni yana odatdagidek masjid tomon fonusni yoqib yo‘lga tushishdi. Ammo bu safar har gal xo‘jayinning yo‘llarini yoritib ketadigan xizmatchi orqa tomonga o‘tib olgandi. Xo‘jayin nega bunday qilayotganini tushunmay: “Nega orqamdan ketayapsan? Said senga nima bo‘ldi? Nega oldinda yo‘lni yoritib ketmayapsan?” deb so‘radi.

“Chunki siz nuringizni ortda qoldirdingiz. Hayotlik vaqtingizda emas, balki vafot etganingizdan keyin meni ozod qilishingiz ham xuddi shunga o‘xshaydi. Tiriklik vaqtingizda meni ozod qilishni o‘ylamadingiz. Endi vafot etganingizdan keyin meni ozod qilishga va’da beryapsizmi? Siz qachon vafot etarkansiz, men shunda tezroq ozod bo‘laman deb o‘ylab yurishimni istaysizmi? Men uchun sizning umringiz uzoq bo‘lsa-yu, sizning xizmatingizni qilsam. Men shundoq ham umrbod sizga sodiq xizmat qilmoqchi edim. 20 yildan beri xizmatingizda bo‘layotgan bo‘lsam, biror marta meni ozod qilishingiz haqida aytmagansiz. Lekin endi aytishingiz go‘yoki sizning vafotingizni kutayotgandek bo‘laman. Nega nuringizni oldingizda emas, ortingizda qoldirdingiz?”.

Bu gaplarni eshitib boy odam qattiq ta’sirlandi. Unga: “Ey Said shu daqiqadan e’tiboran sen ozodsan”, dedi. Said uning bu taklifini rad etib: “Men sizning itoatkor xizmatkoringizman”, dedi.

Ushbu qissadan qanday ibrat olinadi. Ko‘pchilik o‘z nurini oldida emas, balki ortida qoldiradi. Bu nima degani? Ayrimlar: “Boy bo‘lsam falon-falon ishlarni qilaman”, “Vafot etsam kambag‘allarga to‘plagan boyliklarimni tarqatishadi”, “10 yildan keyin falon ishlarni qilaman” deyishadi. Nega o‘sha ishlarni hayotlik vaqtingizda, imkoningiz borida qilmaysiz? Nega nuringizni ortingizda qoldirasiz, oldingizda emas. Nega yaxshiliklar qilishni uzoq yillarga suramiz. Imkon borida darhol yaxshilik qilish haqida o‘ylamaymiz? Biror yaxshilik qilishni imkoningiz bormi, uni hozir qiling, shunda nuringiz oldinda bo‘ladi. Nuringizni aslo orqada qoldirmang!

Maqolaning videolavha shakli

Davron NURMUHAMMAD

 

 

 

Maqolalar