Alloh taolo insonning rizqini ham boshqa jonzotlarniki kabi azaldan belgilab qo‘ygan. Faqat inson aqlli maxluq bo‘lgani uchun kasbi-kor, halol mehnat qilib, rizqini haloldan topib umr o‘tkazishga buyurilgan. Alloh taolo Niso surasining 29-oyatida shunday buyurgan: “Ey, imon keltirganlar! Mol-mulklaringizni o‘rtada nohaq (yo‘llar) bilan yemangiz! O‘zaro, rozilik asosidagi tijorat bo‘lsa, u bundan mustasno”. Yana Alloh taolo Naba’ surasi, 11-oyatida: “Kunduzni esa, tirikchilik vaqti qildik” deb kunduzni mehnat va kasb-hunar, tirikchilik vaqti qilganini eslatmoqda.
Inson mehnat, kasb-hunar bilan obro‘ va sharaf orttirgani kabi oila a’zolarining ehtiyojlarini ta’minlaydi. Ulamolarning so‘zlariga ko‘ra: “O‘zini va oilasini ta’min etadigan miqdorda mehnat qilish vojib, undan ziyodasi uchun mehnat qilish mubohdir”. Bandalar Alloh taoloning buyruqlarini bekami-ko‘st ado qilishi uchun libos va nafsining ozuqasiga muhtoj. Banda bunga faqat mehnat qilish bilangina etishadi. Zero, Alloh taolo Juma surasining 10-oyatida shunday marhamat qilgan: “Endi qachon namoz ado qilingach, yerga tarqalib, Alloh taoloning fazlu marhamatidan (rizqu ro‘z) istayveringlar”. Demak, rizq talabida sa’y-harakat qilishlik, mehnat qilishlik dinimizda buyurilgan ish ekan.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kimki tilanchilik qilishdan saqlanish, oilasini boqish va qo‘ni-qo‘shnilarga muruvvat qilish maqsadida halol mehnat orqali rizq topish bilan mashg‘ul bo‘lsa, Qiyomat kunida u Alloh taologa yuzi to‘lin oydek yorug‘ bo‘lgan holda yo‘liqadi”, degan bo‘lsalar, boshqa bir hadisi sharifda: “Albatta Alloh taolo hunarmand mo‘minni sevadi” deganlar. Bundan tashqari, halol kasb qilish ham ibodat va solih amallardan hisoblanib, u insonning sodir etgan ba’zi gunohlariga kafforat ham bo‘ladi. Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Gunohlar ichida shundaylari borki, unga faqat halol rizq topish maqsadida qilingan mehnat, kasbgina kafforat bo‘ladi”, deganlar.
Sobit Banoniy roziyallohu anhu degan ulug‘ zot aytadilar: “Menga aytishlaricha, ibodatlar o‘n bo‘lakdir: to‘qqiz bo‘lagi tirikchilik talabidagi mehnatda va bittasi ibodatdadir”.
Hakim Abul Qosim aytadilar: “Halol mehnat qilish iffatli kambag‘alni go‘zallashtiradi, zaifning muhtojligini bekitadi, pastkash g‘iybatchining tilini kesadi”.
Kasbu hunarli, mehnatkash bo‘lish Payg‘ambarlarning odatidir. Rivoyat qilinishicha Alloh taoloning Payg‘ambari Dovud alayhissalom odamlar tanimaydigan suratda chiqib, mamlakat ahlidan, o‘zlari haqida so‘rar edilar. Bir kuni u kishiga Jabroil farishta alayhissalom odam qiyofasida ko‘rindi. Dovud alayhissalom aytdilar: “Ey yigit, Dovud haqida nima deysan?”. “U yaxshi odam, lekin bir yomon xislati bor musulmonlar xazinasidan foydalanadi. Bandalarning ichida Alloh taologa sevimlirog‘i o‘z mehnati bilan rizq topib yeydiganidir”, dedi Jabroil. Shundan so‘ng Dovud alayhissalom o‘z o‘rinlariga qaytib, yig‘lab-yig‘lab aytdilar: “Ey Rabbim, menga bir hunar o‘rgatgin, mo‘minlarning molidan foydalanmay”. Alloh taolo Dovud alayhissalomga temirchilik kasbini o‘rgatdi. Temirlar u kishining qo‘lida xuddi xamirdek yumshoq bo‘lib qolardi. Dovud alayhissalom ishdan bo‘sh vaqtlarida sovut yasardilar so‘ngra uni sotib o‘zi va oilasining ehtiyojlariga sarflar edilar.
Dovud alayhissalomning vafotidan keyin u kishining o‘rniga Payg‘ambar bo‘lgan o‘g‘li Sulaymon alayhissalom insonlar va jinlarning podshohi edi. U kishiga shamollar bo‘ysundirilgan, barcha hayvonotning tilini bilar edi. Sulaymon alayhissalom odamlarga minbarda xutba qilayotganida, qo‘lida palma daraxtining novdalari bo‘lar edi, undan savat yoki shunga o‘xshagan biror narsa to‘qib o‘tirar edi. To‘qib bo‘lganidan so‘ng bir kishiga berib: “Bozorga olib borib sot”, derdilar.
Bu ikki zotdan tashqari Odam alayhissalom dehqonchilik, Nuh alayhissalom durodgorlik, Idris alayhissalom xattotlik, Ibrohim alayhissalom gazlama savdosi, Zakariyo alayhissalom duradgorlik bilan shug‘ullanganlar. Bizning Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam savdogarlik kasbi bilan shug‘ullanganlar. Eng ulug‘ zotlar bo‘lmish Payg‘ambarlar ham o‘z rizqlarini halol mehnat, peshona teri bilan topganlari insoniyat uchun buyuk ibrat bo‘lmog‘i lozim.
O‘tgan ulug‘larimiz, avliyolar ham biror kasb bilan shug‘ullanganlar. Hunarli kishining birovga ehtiyoji bo‘lmaydi, tama’dan uzoq bo‘ladi. Zero, xalqimizda ham “Hunarli kishi xor bo‘lmas”, degan hikmat bor. Hunar tuganmas boylikdirki, u qancha sarf qilinmasin kamayib qolmaydi. Har qanday kasbni puxta egallash, o‘z kasbining mohir ustasi bo‘lish uchun ana shu kasbga taalluqli ilmni mukammal egallash zarur. Shuning uchun yoshlarimiz vaqtidan unumli foydalanib, biror kasb o‘rganishga harakat qilmog‘i, ilm o‘rganmog‘i va halol mehnat qilmog‘i darkor. Chunki yoshlikda o‘rgangan ilmu hunar toshga o‘yilgan naqsh kabidir. Ulug‘larimiz har bir narsaning zeb-ziynati bor, yigitlikning bezagi va ziynati halol mehnat va kasb orqasidan deyishgan. Farzandlarini ilmu hunarli bo‘lishlariga ota-onalar jiddiy e’tibor qaratishlari lozim.
Inson Alloh taolo bergan qobiliyati va aql idroki tufayli orttirgan kasbidan faqat xayrli maqsadlarda foydalanishi, o‘zidan so‘ng shogirdlar yetishtirmog‘i ham zarurdir. Alloh taolo rizqlarimizni halol mehnat va kasbu-korlarimizdan ato qilsin!
M. QORAYEV,
O‘MIning Qashqadaryo viloyatidagi vakilligi yetakchi mutaxassisi
O‘MI Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Ayting-chi, Qur’onda nechta hukmiy oyat bor? Eng uzog‘i 500 ta hukmiy oyat bor. Hukmga doir nechta hadis bor? Ba’zi ulamolar 500 ta deyishgan, ba’zilari 700, 1000, 1500, 2000, 3000 gacha deyishgan. Men faqat hukmga doir hadislarni aytyapman. Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan sahih hadislar nechta? 8 mingtadan 12 mingtagacha deyilgan. Umuman olsak, sunnat zaxirasida nechta ahkom hadislari bor? Yuqorida aytganimizdek, 500, 1000, 2000, 3000...
Qur’ondagi hukmga oid oyatlar bilan qo‘shganda, 5000 ta deylik. Lekin hayotda millionlab, o‘n millionlab masalalar bor-ku. Shulardan taxminan 5000 tasiga Qur’on va Sunnatdan dalil toparmiz. Lekin qolgan millionlab masalalarga-chi? Shaxsiy masalalaru, muomalot bobini qo‘yib turaylik, namozning o‘zini olsak, undagi holatlarning mayda tafsilotlariga bu 5000 taning ichidan dalilni topa olmasak-chi? Ikki yo‘ldan birini tanlash kerak bo‘lyapti. Agar Qur’on va Sunnatning zohiriga cheklanib qolsam, Qur’ondagi «U har bir narsani bayon qiluvchidir» degan oyatni yolg‘onga chiqarishimga to‘g‘ri kelib qoladi. Alloh asrasin, hatto namozdagi hamma holatlarni to‘liq bayon qilib bera olmasa, qanday qilib har bir narsani bayon qiluvchi bo‘la oladi?! Agar faqat Qur’on va Sunnatning o‘zi bilangina cheklansam, go‘yoki dinsizlikka chaqirayotgan bo‘lib qolar ekanman, chunki hayotning hamma jabhalariga hukm topib bera olmay qolaman. Vaholanki, Alloh taolo: «Bu kun diningizni mukammal qilib berdim», deyapti. Demak, bu din mukammal bo‘lishi kerak. Lekin Qur’on va Sunnatda kiyim-kechak, samolyot, avtomobil, shirkatlar va boshqa minglab ijtimoiy masalalarga tegishli ochiq hukm topa olmayman, chunki men dalillarni shu ikki manbaga, ulardagi muayyan adadga cheklab qo‘ygan bo‘laman.
Mana shuning uchun din dushmanlari dinni yo‘q qilish, uni amaldan chiqarib yuborishni da’vo qilishyapti. Tashaddud va tahallul yo‘nalishlari mana shunga chaqirishyapti, ya’ni Islomni dalillarning zohiri bilan cheklab qo‘yishga harakat qilishyapti. Xo‘sh, unda nima bo‘ladi? Odamlar muomalotda (ya’ni o‘zaro oldi-berdi, oilaviy masalalar, da’volashuv ishlari, meros borasida), umuman olganda, yurish-turishda dindan uzoqlashib ketadi. Dalillarning faqat zohiriga amal qilaman desa, hayotning juda oz jabhalaridagina Islomga amal qila oladi.
U holda qolgan amallarning hukmi nima bo‘ladi? Ularni qayerdan olamiz? Alloh taolo bu savolga: «Bilmasangiz, zikr ahlidan so‘rang», deb javob berdi. Demak, bundan boshqa hukmlar ijtihod, istinbot, ya’ni dalildan hukm chiqarish orqali olinadi. Mana shu yo‘l, ya’ni ijtihod qilish sahihligiga cheksiz dalillar bor.
Demak, yana mavzuimizga qaytsak. Har bir masalaga dalil kerak, lekin «Dalil – faqat Qur’on va Sunnatning o‘zi» desak, qiyin ahvolda qolamiz. Qur’on va Sunnatda ochiq dalili bor masalalar barcha masalaning hukmini olishga yetarli emas. Shuning uchun bu noto‘g‘ri yo‘ldir, chunki masalalar shu qadar ko‘pki, «O‘n mingta masaladan bittasiga ochiq-oydin dalil bor», desak ham, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. O‘n mingta masaladan bittasiga! E’tibor bering, dalili Qur’on va Sunnatda bor bo‘lgan masalalar o‘n mingta masaladan bittasiga to‘g‘ri keladi.
Shuning uchun biz «Har bir fiqhiy masalaning dalili bor» deganda, umumiy dalillarni, qiyos va qoidalarni ham tushunamiz. Dalilsiz biron masala yo‘q, degani mana shudir. Masalani tor olib, «Dalil - faqat Qur’on va Sunnat» desak, o‘n mingta masaladan bittasiga dalil topa olar ekanmiz. Shu e’tibordan, agar mendan o‘sha o‘n mingta masaladan bittasining hukmini talab qilib, qolgan barcha masalani inkor qilsangiz, Islomni bekor qilgan bo‘lasiz. Tashaddud yo‘nalishiga chaqiradiganlar shunday qilishyapti.
Biz ular haqida hazil qilib, bunday deymiz: «Ularning oltmishta masalasi bor, Islom shu oltmishta masaladan iborat, tamom. Qolgan jabhalar Islom emas. Ular uchun Islom nima? Faqatgina shanba kuni ro‘za tutib bo‘lmaydi, yigirma rakat namoz yo‘q, kalta ishton kiyish kerak, soqol va shunga o‘xshagan sanoqli gaplarni aylantiraverishadi».
Lekin muomalot masalasi, shaxsiy holatlar haqidagi masalalar, davlat ishlari haqida gaplashaylik, desangiz, hech narsa bilishmaydi, chunki ular Islomni o‘n mingta, balki millionta masaladan bittaginasi bilan cheklab qo‘yishdi. Yomon xulqlar, takabburlik, tasarrufotlar, musulmonlarni o‘ldirish, harom ishlarni halol sanash va boshqa mavzular bilan ularning ishi yo‘q. «Men faqat dalilga ergashaman», deyishadi. Qanday dalilga? Sen gumon bilan da’vo qilyapsan. Sen bu ishing bilan shariatni to‘xtatishga, uni bekor qilishga da’vat qilyapsan. Sen har bir masalaga ochiq-oydin dalil talab qilsang, bu narsa zohiran yaxshi ishdek ko‘rinaveradi, lekin aslida bu dinni, uning hukmlarini yemirish bo‘ladi, shariatning ahkomlarini bekor qilish bo‘ladi.
Har bir masalaga dalil topasiz, lekin o‘sha dalil Qur’on va Sunnatdan kelib chiqqan qoidalardan bo‘ladi. Yuqorida ham aytdik, hanafiy mazhabi qoidalar majmuasidir, Qur’on va Sunnatdan xulosa qilib olingan qoidalar to‘plamidir. Qur’on va Sunnat asosida qoidalar ishlab chiqilgan, ana shu qoidalardan esa fiqhiy masalalar kelib chiqqan. Demak, bizning dalilimiz ham Qur’on va Sunnatdan olingan, lekin o‘rtadagi ma’lum vosita orqali olingan. Hukm qoidadan olingan, qoida esa Qur’on va Sunnatdan olingan. Bundan boshqacha bo‘lishi mumkin ham emas. Har bir hukmning dalili borligi mana shudir. Istisnosiz, millionta fiqhiy masala bo‘lsa ham, mana shu yo‘l bilan uning dalilini topaverasiz. Lekin Qur’on va Sunnatdan ochiq-oydin dalil qidirsangiz, o‘n mingta masaladan bittasiga dalil topasiz, xolos.
«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan