Junayd al-Bag‘dodiy hazratlari, xalqimiz tili bilan aytganda, Nayman ota aslida Bag‘dodda dafn etilgan bo‘lsa-da, tumanimizda, ya’ni Eski Nishondan bir necha chaqirim uzoqlikda, Otquduq qishlog‘i yaqinida u zotning ramziy qabri bor. Ulug‘ alloma sharofatidan bizning diyorimizga va xalqimizga ham Alloh taolo fayzu baraka hamda tinchlikni ato etib kelayotir.
Hazrat Junayd al-Bag‘dodiyning ramziy qabri joylashgan Eski Nishonning Otquduq qishlog‘i yaqinidagi cho‘l hududlari haqida uzoq yillardan buyon xalq orasida turli rivoyatlar mavjud. Bu maskanda ilgari otxonalar sifatida foydalanilgan, deb taxmin qilinadigan qadimiy imoratlar xarobalari mavjud. Ayrim keksalarning xotirlashlaricha, bu xarobalar o‘tmishda Sohibqiron Amir Temur askarlarining otxonalari bo‘lgan, ushbu hududlar mashq maydonlari bo‘lib, askarlar jang oldidan ana shu maydonlarda harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazgan, degan rivoyatlar ajdodlardan avlodlarga o‘tib kelgan. Mahalliy aholining ko‘pchiligi hamda bir qancha ixlosmand kishilar bu yerlardagi mo‘jizaviy, deb hisoblanadigan ayrim voqea-hodisalarni Junayd al-Bag‘dodiy hazratlarining ramziy qabri bilan bog‘laydilar. Xususan, maqbaradan ikki yuz metrlar chamasi chekkadagi soylikda bir quduq qazilib, undan chuchuk suv chiqqan. Vaholanki, bunday cho‘li biyobonda quduq qazib suv chiqarilishi ancha mashaqqat bo‘lgani sababli quduqdagi mo‘l-ko‘l chuchuk suv hammani hayratga solgan. Mazkur quduqdagi suv tufayli ellikka yaqin oila quduq atrofida doimiy yashab qolgan. Bu Junayd al-Bag‘dodiy hazratlarining karomatlaridan bo‘lsa, ne ajab.
Nishonlik keksalarning ota-bobolaridan eshitishiga qaraganda, hazrat Junayd al-Bag‘dodiyning xoki poklari keltirilishi Sohibqiron Amir Temurning harbiy yurishlariga bog‘liqdir. Albatta, Sohibqiron Amir Temur qaysi joylarga yurish qilgan bo‘lsa, o‘sha maskanlardagi olimlar, ulamolar, fozilu fuzalolarning hurmatlarini joyiga qo‘yganlar. Sarkarda bobomiz tomonidan Qarshi shahriga “Abu Ubayda bin al-Jarroh”, Muborak tumani hududiga “al-Marvaziy”, Samarqand shahriga «Doniyol payg‘ambar» hazratlarining xoki poklari keltirib, yurtimizda ul zoti shariflarning ramziy qabrlari hamda ziyoratgoh maskanlari barpo etilgani bunga misol bo‘ladi. Ular qatorida hazrat Junayd al-Bag‘dodiyning ham xoki poklari Sohibqiron Amir Temur tomonidan olib kelingani har jihatdan haqiqat bo‘lishi aniq.
Abul Qosim al-Junayd ibn Muhammad al-Qavoririy al-Hazzoz al-Bag‘dodiy ahli sunna va jamoaning buyuk ulamolaridan va hijriyning III asridagi sunniy tasavvuf shayxlaridan bo‘lgan buyuk alloma edi. Bir qator tarixiy, diniy, shuningdek, ba’zi zamonaviy ilmiy manbalarda qayd etilishicha, hazrat Junayd al-Bag‘dodiy tasavvufdagi 2 ta asosiy oqimdan biri – Junaydiya asoschisi. Asli uning ota-onasi Hamadon yaqinidagi Naxovand shahridan bo‘lgan. Junayd hazratlari Bag‘dodda (ayrim manbalarda Naxovand shahrida deyilgan) tavallud topgan va butun umri shu yerda o‘tgan. Allomaning tug‘ilgan yili haqida aniq ma’lumot saqlanib qolmagan. Ayrim manbalarda hijriy 220 yilda (milodiy 831 yilda tug‘ilgan degan taxminlar mavjud. U go‘dakligida otadan yetim qolib tog‘asi, so‘fiy Sari as-Saqatiy (867 y. v.e.) qo‘lida tarbiyalangan va uning muridi bo‘lgan. Shofi’iy huquqi va hadislarni mashhur faqih Abu Savra Ibrohim bin Hamid al-Kabaliy al-Bag‘dodiydan o‘rgangan. Tasavvufda alloma Junayd al-Bag‘dodiyning ustozlari Sari as-Saqatiy va al-Horis al-Muhasibiy (taxm. 781-857) bo‘lgan.
Tasavvuf ulamolaridan biri Abu Abdurahmon Salmo u zot haqida “U qavmning imomlaridan va ulug‘laridan edi. Barchaning tilida maqbul edi”, deb ta’riflangan. Yana bir alloma Abu Odil Shibiliy Junayd al-Bag‘dodiyning tashqi suvratini shunday tasvirlaydi. “U oq rangli, ko‘zi ko‘k, burni uzun, qoshlari to‘g‘ri, uzun qomatli ajam edi. Uning soqoli kindikka tushardi. U kishi sakson yoshga kirgan edi. Otasi Muhammad bin an-Naxovandiy edi. Onasi Shoh binti Yazdajir edi. U fors podshohi Kisroning sulolasidan, o‘sha vaqtda muslima bo‘lgan.
Junayd al-Bag‘dodiy ibodatga qattiq kirishadi, ko‘p ibodat qilgani sababli Alloh uning qalbini ochadi. U juda ko‘p ilmlarga ega bo‘ladi. So‘fiylik tariqati haqida gapiradi. Uning har kuni 300 rakat nafl namoz o‘qish vazifasi edi. 30 mingta tasbeh aytar edi. Ko‘p shayxlardan ta’lim olgandi, ko‘p tasniflar qildi. Oxirgi paytda dushmanlari unga zindiq (xudosiz) degan tuhmatlar va saodatli boshiga qasd qildilar, ammo qo‘llaridan hech narsa kelmadi, ular ko‘r bo‘ldilar.
Hazrat Junayd al-Bag‘dodiy dengiz sohilida kezar ekan, bir majusiy ko‘pgina yem va ozuqa olib dengizga, baliqlarga tashlardi. Buni ko‘rgan Junayd hazratlari: “Nima qilganing bu?” deb so‘radilar. U “Savob umidida yem tashlayapman”, deb javob qaytardi. “Sen musulmon emassan-ku, qanaqa savob haqida gapirayapsan, savobdan umid qilish uchun avvalo Allohga iymon keltirishing kerak”, dedi Junayd hazratlari. Majusiy so‘radi: “Xo‘p, mayli, unda ayt-chi, sen aytayotganing Alloh mening baliqlarga yem tashlayotganimni ko‘rmayaptimi?” Uning bu savoliga Junayd hazratlari “Albatta uning ko‘rmaydigan, bilmaydigan narsasi yo‘qdir”, deb javob qaytardi. “Shu menga yetadi”, dedi majusiy va o‘z yo‘liga ketdi. Oradan 4-5 yil o‘tdi. Junayd hazratlari haj ibodati uchun Makkaga bordilar. Ka’bani tavof qilib turar ekanlar, ro‘paralarida baliqlarga yem tashlagan majusiy ham Ka’batullohni tavof qilardi. Hazrat Junayd undan “Bu yerda nima ishing bor?” deb so‘radi. U javob qaytardi: “Sen ketganingdan keyin ichimda bir yorug‘ nur porladi. Qarasam, hamma baliqlar og‘zini ochib, shahodat kalimasini aytdi. “Yaxshilik qil, dengizga ot – baliq bilar, baliq bilmasa, xoliq bilar” hikmatining ma’nosini angladim. Shunda sening Rabbing meni ko‘rdi, u ko‘rgani uchun men shu yerdaman, dedi ma’jusiy.
Ha, azizlar siz bilan bizga Nayman ota nomi bilan ma’lum bo‘lgan Bag‘dodiy ana shunday aziz avliyo bo‘lgan.
Rajabxon QIYOMOV,
Nishon tuman bosh imom-xatibi
O‘MI Matbut xizmati
00:00 Anons
00:48 Fuqarolar murojaati e’tibor markazida
01:11 Qur’on va tajvid markaziga tashrif
01:44 Qo‘shko‘pirdagi "Islom bobo" masjidi foydalanishga topshirildi
02:28 Xayru saxovat – qalblarga quvonch ulashadi
02:42 Ziyoratchilarimiz Payg‘ambar alayhissalom shaharlarida
02:58 Imkoniyati cheklanganlar uchun navbatdagi ma’rifiy suhbat
03:24 To‘raqo‘rg‘on tumanida amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilindi
04:01 Otinoyilar ishtirokida tanlov o‘tkazildi
04:22 Qishki ta’til davrida o‘tkazilgan malaka oshirish o‘quv seminari nihoyasiga yetdi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati