Viloyat hokimligida maxsus qidiruvdagi fuqarolar va ularning yaqin qarindoshlari bilan viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar masalasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. “Zarafshon” nashri bildirishicha, yig‘ilishni viloyat hokimi T.Jo‘rayev boshqardi.
– Bugungi kunda yurtimizda olib borilayotgan islohotlar, bunyodkorlik va boshqa bir qator ezgu ishlardan barchangiz xabardorsiz, – dedi viloyat hokimi. – Mavjud ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga Prezidentimiz boshchiligida barham berilmoqda. Viloyatimizda ham aholi muammolarini hal etish, ularning yanada farovon hayot kechirishi uchun barcha sharoitlarni yaratish borasida qamrovli va tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu yurtda har bir fuqaroning yaxshi yashashga haqi bor. Afsuski, erishilayotgan shunday yutuqlar, tinchlik va osoyishtalikning qadriga yetmay, turli adashgan oqimlar safiga qo‘shilib, o‘zga yurtda yurgan, to‘g‘ri yo‘ldan adashgan fuqarolarimiz ham bor. Buning eng katta sababi ishsizlikdir. Ishsiz bo‘lgan inson pul topishning boshqa yo‘llarini izlaydi va bundan g‘arazli niyatli kimsalar foydalanib qoladi. Shunday fuqarolarimizni qaytarishga, to‘g‘ri yo‘lga solishga barchamiz mas’ulmiz. Men maxsus hisobda turuvchilarning yaqinlariga murojaat qilmoqchiman. Agar ular bilan aloqangiz bo‘lsa, ayting, qaytishsin. Viloyat hokimi sifatida va’da beraman, hech birini qamamaymiz. Prezidentimizning topshirig‘i bu. Ularni to‘g‘ri yo‘lga solamiz, ish bilan ta’minlaymiz, uyi bo‘lmasa, bu borada ham yordam beramiz.
Ta’kidlanishicha, viloyatda 1 ming 749 nafar shunday fuqaroning 1 ming 625 nafari keyingi bir yarim yil davomida ichki ishlar idoralari maxsus hisobidan chiqarilgan. Qolgan 124 nafari turli xorijiy davlatlarda qolmoqda.
– Maxsus hisobdan chiqarilgan fuqarolarga amaliy yordam berilmoqda, – deydi milliy xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi boshlig‘i U.Mirzaahmedov. – Tadbirkorlik qilishni istaganlariga banklar tomonidan imtiyozli kreditlar ajratildi. Kam ta’minlanganlariga moddiy yordam ko‘rsatildi, ishsizlarining bandligi ta’minlandi. Salomatligini tiklash va davolanishlari uchun sharoit yaratildi.
Shuningdek, yig‘ilishda viloyat prokurori F.Zufarov, jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi raisi O.Hayitov va viloyat bosh imom-xatibi Z.Eshonqulov so‘zga chiqib, adashgan, o‘zga yurtda qochib yurganlar xatti-harakatlarining huquqiy oqibatlari, o‘z ixtiyorlari bilan qaytishsa, ularga beriladigan qonuniy yengilliklar haqida to‘xtaldi.
Xususan, o‘z ixtiyori bilan qaytib kelganlar bilan suhbat olib borilib, profilaktik choralar ko‘rilishi, sodir etgan jinoyatiga huquqiy baho berilishi, adashganligi tasdiqlansa, o‘z qilmishidan chin dildan pushaymon bo‘lsa, ularga ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan javobgarlik belgilanib, qonuniy yengillik tatbiq etilishi, ularning ijtimoiy hayotga moslashishida ko‘mak berilishi ta’kidlandi.
Maxsus hisobda turgan va qidiruvda bo‘lgan 12 nafar fuqaroning jinoyati tegishli idoralar tomonidan o‘rganib chiqilib, ularni yurtiga qaytarish yuzasidan chora-tadbirlar olib borilmoqda. Yig‘ilishga taklif etilgan mana shunday fuqarolarning yaqinlari ham so‘zga chiqib, bu imkoniyat uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi.
Tadbir davomida turli adashgan oqimlarga kirib, taqdiri ayanchli yakunlangan va o‘zga yurtda xoru zor bo‘lib yurgan kimsalar haqida hikoya qiluvchi "Adashganlar" nomli film namoyish etildi.
O‘zbekiston musulmonlar idorasi Matbuot xizmati