بسم الله الرحمن الرحيم
HANAFIY – MO‘TADIL MAZHAB
Muhtaram birodarlar! Islom dinining ahli sunna val jamoa yo‘nalishida to‘rtta mashhur mazhab bo‘lib, ular hanafiy, molikiy, shofe’iy va hanbaliy mazhablaridir. Mazkur to‘rt mazhabning barchasi mo‘tabar bo‘lib, musulmon kishi ularning biriga ergashishi vojibligiga islom ummati ittifoq qilganlar. Bizning diyorimizdagi musulmonlar hanafiy mazhabiga amal qiladilar.
Hozirgi kunda dunyo musulmonlarining deyarli yarmi aynan hanafiy mazhabimizga amal qilib, o‘z ibodatlarini shu mazhabga muvofiq ado etib kelmoqdalar. Hanafiy mazhabi asosan Markaziy Osiyo, Pokiston, Eron, Turkiya, Afg‘oniston, Hindiston, Rossiya musulmonlari o‘rtasida, Arab mamlakatlaridan Iroq, Misr, Suriya, Liviya kabi yurtlarda keng tarqalgan. Shu jumladan bizning mintaqamiz musulmonlari ham hanafiy mazhabiga amal qilib keladilar.
Hanafiy mazhabining fiqhiy qarashlari bu qadar rivoj topib, keng hududga yoyilishida yurtimizdan chiqqan allomalardan Abu Hafs Kabir, Burhoniddin Marg‘inoniy, Sadrush-shari’a Ubaydulloh ibn Mas’ud al-Buxoriy kabi allomalarning o‘rni beqiyosdir.
Hanafiy mazhabimizning asoschisi Imomi A’zam Abu Hanifa No‘mon ibn Sobit ibn Zutiy Kufa shahrida hijriy 80-sanada tavallud topdilar. Bu zotning ilmlari, taqvolari, ibodatlari, saxovatlari va hokazo sifatlari barchaga ma’lum va mashhur bo‘lib, bu haqda ko‘plab maqola va kitoblar yozilgandir. Quyidagi hadisdagi bashorat Imomi A’zam r.h.ga tegishli ekanligi haqida ulamolar ittifoqdirlar.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "لَوْ كَانَ الدِّينُ عِنْدَ الثُّرَيَّا لَذَهَبَ بِهِ رَجُلٌ مِنْ فَارِسَ"
(متفق عليه)
ya’ni: Abu Hurayra r.a.dan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz s.a.v marhamat qiladilar: “Agar din Surayyoda bo‘lganida uni fors o‘g‘loni olib tushar edi”. Shunday ekan biz u zotning shaxsiyatlariga to‘xtalmasdan asosan, u zotning mazhablari haqida so‘z yuritmoqchimiz.
“Mazhab” so‘zi yuradigan yo‘l degan ma’noni bildiradi. Istilohda esa, bir olim yoki ilmiy maktabning tartibga solingan uslub va fikrlarining majmuasiga mazhab deyiladi. Dunyo musulmonlarining yarmidan ko‘prog‘i aynan hanafiy mazhabiga amal qilishlarining sababi undagi mo‘tadillik va yengillikdir. Imomi A’zam r.h. shar’iy dalillardan masalalar chiqarishda faqat o‘zlari yolg‘iz bo‘lmaganlar, balki ma’lum bir martabalarga yetgan bir nechta shogirtlarining maslahat va mashvaratlari bilan chiqarilgan. Abu Hanifa r.h ma’lum bir maqomga chiqqan shogirdlari haqida shunday deganlar: “ular o‘ttiz olti kishi bo‘lib, yigirma sakkiztasi qozilikka yaraydi, oltitasi fatvo berishga salohiyati yetarli va ikkitasi ya’ni, Abu Yusuf va Zufar esa qozi va muftiylarni tarbiyalay oladigan darajada edi”.
Mazhabimizga tegishli kitoblar ikki uslubda yozilgan bo‘lib, birinchisi, o‘quvchiga yengil va tushunarli bo‘lishi uchun dalillarsiz masalalarning o‘zi yozilgan. Ikkinchisi esa, har bir masala o‘z dalili bilan birga yozilgan. Qanday uslubda yozilmasin mazhabimizdagi har bir masalani shar’iy dalili bor. Bunga misol tariqasida Mulla Ali Qorining “Muxtasarul viqoya” kitobiga yozgan ikki jildli “Sharhi niqoya” nomli asarlarini, shuningdek, Pokistonlik Zafar Ahmad Usmoniyning yigirma bir jildli “E’lous sunan” nomli asarlarini keltirish mumkin.
Imomi A’zam r.h. ibodatga doir ko‘plab masalalarda dinimizning ruhiga monand yengillik yo‘lini tutganlar. Quyida shularga ayrim misollar keltirib o‘tamiz:
Mazhabimiz o‘zining mo‘tadilligi, Islomning asl mazmun-mohiyatini ifodalab berishi bilan asrlar osha diyorimiz musulmonlarining o‘zaro hamjihatligida, turli huquqiy muammolarni oson hal qilinishida, ba’zida yuzaga keladigan har xil ziddiyatlarning bartaraf etilishida muhim asos bo‘lib kelmoqda.
Afsuski, mustaqillik yillarida dinimizga berilgan imkoniyatlarni suiste’mol qilgan ba’zi yot firqalar jamiyatimiz o‘rtasida turli ixtiloflarning avj olishiga sabab bo‘ldilar. Buni birinchi bo‘lib, o‘zini “sof islom ta’limoti himoyachisi” deb nomlagan oqim boshlab berdi.
Bu oqim o‘zining ilk faoliyatini hanafiy mazhabi ko‘rsatmalariga qarshi kurashishdan boshladi. Ular o‘z domlariga hali hayot mazmunini anglab yetmagan, g‘o‘r yoshlarni torta boshladilar. (Chunki umri davomida bir mazhabda ibodat qilib kelgan, ko‘p yillik hayot tajribasiga ega bo‘lgan keksalarni yo‘ldan ozdirish ular uchun mahol edi.) Bu oqim dinga e’tiqod qilishda hech qanday mazhabga yoki imomga ergashishning keragi yo‘q, Qur’on va hadisdan har kim o‘zi mustaqil fatvo olib e’tiqod va ibodat qilishi lozim, degan da’voni ilgari surdi.
Oqim tarafdorlari namozda “Fotiha” surasidan so‘ng “omin” lafzini baland ovoz bilan aytish, “raf’ul-yadayn”, ya’ni, rukudan oldin va keyin ikki qo‘lini ko‘tarish kabi amallarni namozxonlar orasida yoyishga urindilar.
Natijada, musulmonlar orasida g‘oyaviy jihatdan ixtilof yuzaga keldi. Bu narsa sog‘lom e’tiqodli mo‘min-musulmonlarning qalbini larzaga soldi. Ular o‘z mazhablarini himoya qilishga kirishdilar.
Demak, musulmonlarning birligi, ibodatlarning mukammaligi, jamiyatning tinchligi uchun yurtimiz musulmonlarining o‘z ota-bobolari tanlagan bir mazhabga ergashishlari muhimdir.
Alloh taolo yurtimiz mo‘min-musulmonlarini ahil-inoqlikda yashab, mazhabimizni yaxshi o‘rganib, unga amal qilmoqliklariga muvaffaq aylasin. Omin!
00:00 Anons
00:48 Fuqarolar murojaati e’tibor markazida
01:11 Qur’on va tajvid markaziga tashrif
01:44 Qo‘shko‘pirdagi "Islom bobo" masjidi foydalanishga topshirildi
02:28 Xayru saxovat – qalblarga quvonch ulashadi
02:42 Ziyoratchilarimiz Payg‘ambar alayhissalom shaharlarida
02:58 Imkoniyati cheklanganlar uchun navbatdagi ma’rifiy suhbat
03:24 To‘raqo‘rg‘on tumanida amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilindi
04:01 Otinoyilar ishtirokida tanlov o‘tkazildi
04:22 Qishki ta’til davrida o‘tkazilgan malaka oshirish o‘quv seminari nihoyasiga yetdi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati