Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Yanvar, 2025   |   13 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:47
Peshin
12:37
Asr
15:35
Shom
17:19
Xufton
18:38
Bismillah
13 Yanvar, 2025, 13 Rajab, 1446

23.03.2018 y. Hanafiy – mo‘tadil mazhab

17.03.2018   5977   7 min.
23.03.2018 y. Hanafiy – mo‘tadil mazhab

بسم الله الرحمن الرحيم

HANAFIY MO‘TADIL MAZHAB

Muhtaram birodarlar! Islom dinining ahli sunna val jamoa yo‘nalishida to‘rtta mashhur mazhab bo‘lib, ular hanafiy, molikiy, shofe’iy va hanbaliy mazhablaridir. Mazkur to‘rt mazhabning barchasi mo‘tabar bo‘lib, musulmon kishi ularning biriga ergashishi vojibligiga islom ummati ittifoq qilganlar. Bizning diyorimizdagi musulmonlar hanafiy mazhabiga amal qiladilar.

Hozirgi kunda dunyo musulmonlarining deyarli yarmi aynan hanafiy mazhabimizga amal qilib, o‘z ibodatlarini shu mazhabga muvofiq ado etib kelmoqdalar. Hanafiy mazhabi asosan Markaziy Osiyo, Pokiston, Eron, Turkiya, Afg‘oniston, Hindiston, Rossiya musulmonlari o‘rtasida, Arab mamlakatlaridan Iroq, Misr, Suriya, Liviya kabi yurtlarda keng tarqalgan. Shu jumladan bizning mintaqamiz musulmonlari ham hanafiy mazhabiga amal qilib keladilar.

Hanafiy mazhabining fiqhiy qarashlari bu qadar rivoj topib, keng hududga yoyilishida yurtimizdan chiqqan allomalardan Abu Hafs Kabir, Burhoniddin Marg‘inoniy, Sadrush-shari’a Ubaydulloh ibn Mas’ud al-Buxoriy kabi allomalarning o‘rni beqiyosdir.

Hanafiy mazhabimizning asoschisi Imomi A’zam Abu Hanifa No‘mon ibn Sobit ibn Zutiy Kufa shahrida hijriy 80-sanada tavallud topdilar. Bu zotning ilmlari, taqvolari, ibodatlari, saxovatlari va hokazo sifatlari barchaga ma’lum va mashhur bo‘lib, bu haqda ko‘plab maqola va kitoblar yozilgandir. Quyidagi hadisdagi bashorat Imomi A’zam r.h.ga tegishli ekanligi haqida ulamolar ittifoqdirlar.

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "لَوْ كَانَ الدِّينُ عِنْدَ الثُّرَيَّا لَذَهَبَ بِهِ رَجُلٌ مِنْ فَارِسَ"

(متفق عليه)

ya’ni: Abu Hurayra r.a.dan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz s.a.v marhamat qiladilar: “Agar din Surayyoda bo‘lganida uni fors o‘g‘loni olib tushar edi”. Shunday ekan biz u zotning shaxsiyatlariga to‘xtalmasdan asosan, u zotning mazhablari haqida so‘z yuritmoqchimiz.

Mazhab” so‘zi yuradigan yo‘l degan ma’noni bildiradi. Istilohda esa, bir olim yoki ilmiy maktabning tartibga solingan uslub va fikrlarining majmuasiga mazhab deyiladi. Dunyo musulmonlarining yarmidan ko‘prog‘i aynan hanafiy mazhabiga amal qilishlarining sababi undagi mo‘tadillik va yengillikdir. Imomi A’zam r.h. shar’iy dalillardan masalalar chiqarishda faqat o‘zlari yolg‘iz bo‘lmaganlar, balki ma’lum bir martabalarga yetgan bir nechta shogirtlarining maslahat va mashvaratlari bilan chiqarilgan. Abu Hanifa r.h ma’lum bir maqomga chiqqan shogirdlari haqida shunday deganlar: ular o‘ttiz olti kishi bo‘lib, yigirma sakkiztasi qozilikka yaraydi, oltitasi fatvo berishga salohiyati yetarli va ikkitasi ya’ni, Abu Yusuf va Zufar esa qozi va muftiylarni tarbiyalay oladigan darajada edi.

Mazhabimizga tegishli kitoblar ikki uslubda yozilgan bo‘lib, birinchisi, o‘quvchiga yengil va tushunarli bo‘lishi uchun dalillarsiz masalalarning o‘zi yozilgan. Ikkinchisi esa, har bir masala o‘z dalili bilan birga yozilgan. Qanday uslubda yozilmasin mazhabimizdagi har bir masalani shar’iy dalili bor. Bunga misol tariqasida Mulla Ali Qorining “Muxtasarul viqoya” kitobiga yozgan ikki jildli “Sharhi niqoya” nomli asarlarini, shuningdek, Pokistonlik Zafar Ahmad Usmoniyning yigirma bir jildli “E’lous sunan” nomli asarlarini keltirish mumkin.

Imomi A’zam r.h. ibodatga doir ko‘plab masalalarda dinimizning ruhiga monand yengillik yo‘lini tutganlar. Quyida shularga ayrim misollar keltirib o‘tamiz:

  • Mazhabimizda tahorat qilishda niyat farz qilinmadi. Agar niyat farz deyilganda, niyat qilish esidan chiqib qolgan kishining tahorati durust bo‘lmas edi;
  • Mazhabimizda imomga iqtido qilgan kishining qiroat qilishi farz emas, balki imom qiroat qilsa iqtido qiluvchilar ham qiroat qilgan hisoblanadi. Agar iqtido qilguvchilarga ham qiroat qilish farz deyilganida, odamlar bir-birlariga, jumladan imomga xalaqit berib, namozida chalg‘ib ketgan bo‘lar edi;
  • Mazhabimizda ruku, rukudan qaytganda va sajda holatlarida bir nafas tin olib turish farz emas, balki vojibdir. Agar farz deyilganida, namozda shoshilib, tin olmagan kishining o‘qigan namozi durust bo‘lmas edi;
  • Mazhabimizda zakotni Qur’onda bayon qilingan sakkizta o‘rinlarning hammasiga bo‘lib berish farz emas. Agar sakkiztasining hammasiga zakotni bo‘lib berish farz bo‘lganda, zakot beruvchilarga mashaqqat bo‘lar edi;
  • Mazhabimizda Ramazon ro‘zasining niyatini quyosh zavolga kelguniga qadar qilib olsa durust. Agar tongacha niyat qilish farz bo‘lganida edi, saharlikka uxlab qolgan kishining ro‘zasi durust bo‘lmas edi;
  • Mazhabimizda ko‘zi ojiz kishiga jum’a namozi va haj ibodati farz emas. Agar farz deyilganida, ularga mashaqqat tug‘dirilgan bo‘lardi;
  • Mazhabimizda bir kecha-kunduzdan ko‘p vaqt behush yotgan odamning qoldirgan namozlari soqit bo‘ladi. Agar soqit bo‘lmasdan qazo qilishi farz deyilganda, bir necha kun behush yotgan bemorlarga mashaqqat bo‘lar edi;
  • Mazhabimizda ayollarning guvohligi ham inobatga olinadi. Masalan, bir erkak va ikki ayolning guvohligida nikoh aqdi tuzilsa bo‘ladi;
  • Mazhabimizda (اِسْتِصْنَاعٌ), ya’ni biror jihozni yasashga buyurtma berish uchun avvaldan haq to‘lash joiz bo‘ladi. Agar joiz bo‘lmaganda ko‘plab hunarmand va buyurtmachilarga mashaqqat bo‘lar edi.

Mazhabimiz o‘zining mo‘tadilligi, Islomning asl mazmun-mohiyatini ifodalab berishi bilan asrlar osha diyorimiz musulmonlarining o‘zaro hamjihatligida, turli huquqiy muammolarni oson hal qilinishida, ba’zida yuzaga keladigan har xil ziddiyatlarning bartaraf etilishida muhim asos bo‘lib kelmoqda.

Afsuski, mustaqillik yillarida dinimizga berilgan imkoniyatlarni suiste’mol qilgan ba’zi yot firqalar jamiyatimiz o‘rtasida turli ixtiloflarning avj olishiga sabab bo‘ldilar. Buni birinchi bo‘lib, o‘zini “sof islom ta’limoti himoyachisi” deb nomlagan oqim boshlab berdi.

Bu oqim o‘zining ilk faoliyatini hanafiy mazhabi ko‘rsatmalariga qarshi kurashishdan boshladi. Ular o‘z domlariga hali hayot mazmunini anglab yetmagan, g‘o‘r yoshlarni torta boshladilar. (Chunki umri davomida bir mazhabda ibodat qilib kelgan, ko‘p yillik hayot tajribasiga ega bo‘lgan keksalarni yo‘ldan ozdirish ular uchun mahol edi.) Bu oqim dinga e’tiqod qilishda hech qanday mazhabga yoki imomga ergashishning keragi yo‘q, Qur’on va hadisdan har kim o‘zi mustaqil fatvo olib e’tiqod va ibodat qilishi lozim, degan da’voni ilgari surdi.

Oqim tarafdorlari namozda “Fotiha” surasidan so‘ng “omin” lafzini baland ovoz bilan aytish, “raf’ul-yadayn”, ya’ni, rukudan oldin va keyin ikki qo‘lini ko‘tarish kabi amallarni namozxonlar orasida yoyishga urindilar.

Natijada, musulmonlar orasida g‘oyaviy jihatdan ixtilof yuzaga keldi. Bu narsa sog‘lom e’tiqodli mo‘min-musulmonlarning qalbini larzaga soldi. Ular o‘z mazhablarini himoya qilishga kirishdilar.

 Demak, musulmonlarning birligi, ibodatlarning mukammaligi, jamiyatning tinchligi uchun yurtimiz musulmonlarining o‘z ota-bobolari tanlagan bir mazhabga ergashishlari muhimdir.

Alloh taolo yurtimiz mo‘min-musulmonlarini ahil-inoqlikda yashab, mazhabimizni yaxshi o‘rganib, unga amal qilmoqliklariga muvaffaq aylasin. Omin!

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Dunyoning yo‘qdan bor qilingani bayoni

10.01.2025   8887   5 min.
Dunyoning yo‘qdan bor qilingani bayoni

 - 59وَدُنْيَانَا حَدِيثٌ وَالْهَيُولَى عَدِيمُ الْكَوْنِ فَاسْمَعْ بِاجْتِذَالِ


Ma’nolar tarjimasi: Dunyomiz yo‘qdan bor qilingandir va “hayulo” esa bo‘lmagan narsadir (buni sen) shodlik bilan eshitgin.


Nazmiy bayoni:

Dunyomiz yaratilgan, “hayulo” esa,
Shodlik-la eshitgin bo‘lmagan narsa.

Lug‘atlar izohi:

وَدُنْيَانَا – mubtado, muzof muzofun ilayh. Bu kalimadan Aloh taolodan boshqa mavjudotlar ko‘zda tutilgan.

حَدِيثٌ – xabar. “Hodis” lug‘atda “yangi”, “yaqinda bor bo‘lgan” ma’nolariga to‘g‘ri keladi. Dunyo yo‘qdan bor qilingani uchun unga nisbatan shu kalima ishlatiladi. فُعْلَى vazni muzakkar va muannislikda teng ishlatilgani uchun xabar muzakkar shaklda keltirilgan.

وَ – “ibtidoiya” ma’nosida kelgan.

الْهَيُولَى – ushbu kalima tashdidli qilib هَيُّولَى deb ham o‘qiladi. Bu kalima, aslida, yunoncha so‘z bo‘lib, “asl”, “asos” va “modda” kabi ma’nolarni anglatadi. Jumhur faylasuflar hayuloni “qadim javhar” yoki “birlashish va ajralishni qabul qiluvchi qadim narsa”, deb hisoblashgan.

عَدِيمُ – xabar, muzof. Lug‘atda “nomavjud” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.

الْكَوْنِ – muzofun ilayh. Lug‘atda “mavjud” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.

اسْمَعْ – amr fe’li. Foili zohir keltirilmasligi vojib bo‘lgan zamirdir.

بِ – “musohaba” (birga bo‘lish) ma’nosidagi jor harfi.

اجْتِذَالِ – “shodlanish”, “xursand bo‘lish” ma’nolarini anglatadi. Jor majrur اسْمَعْ ga mutaalliq.


Matn sharhi:

Ba’zi johil faylasuflar hayulo har bir narsaning aslidir, ya’ni butun olam hayulo deb ataladigan birlamchi moddadan vujudga kelgan, uni birov yaratmagan, degan fikrni ilgari surishgan. Ushbu bayt o‘sha johillarning da’volariga raddiya sifatida yozilgan. Ularning “ilmiy” da’volari musulmonlar tomonidan keskin rad etilgan. Chunki bu gapni aytayotgan kishi olamni qadim, ya’ni u o‘z-o‘zidan bor bo‘lgan deyayotgan va Alloh taoloning butun borliqni O‘zi yaratgani to‘g‘risidagi xabarlarini inkor etayotgan bo‘ladi. Bunday inkor etish esa ochiq-oydin kufr hisoblanadi. Haqiqiy mo‘min kishi esa barcha narsalarni Alloh taolo yo‘qdan bor qilgan, degan tushunchada bo‘ladi.

O‘shiy rahmatullohi alayh ushbu “birlamchi modda” to‘g‘risida qanday e’tiqodda bo‘lish lozimligini qisqagina qilib “hayulo – bo‘lmagan narsa” deya bayon qilgan. Qur’oni karimda osmonlaru yerdagilarning hammasi istasa ham, istamasa ham, Alloh taoloning belgilab qo‘ygan qonunlariga bo‘ysunib yashashlarini, borliqdagi biror narsa o‘z-o‘zidan bor bo‘lib qolmaganini, balki barcha narsalarning yaratuvchisi Alloh ekanligi bayon qilingan:

“Osmonlar va Yerdagi barcha jonzot va ularning soyalari xoh ixtiyoriy, xoh majburan, ertayu kech sajdani Allohga qiladilar. (Ey Muhammad!) Ayting: “Osmonlar va Yerning Parvardigori kim?” (yana o‘zingiz) “Alloh”, – deb javob qiling! “Bas, Uni qo‘yib, o‘zlariga na foyda va na zarar yetkazishga qodir bo‘lmaydigan (but va sanam)larni do‘st tutdingizmi?” – deng! Yana ayting: “Ko‘r (gumroh) bilan ko‘ruvchi (hidoyat topgan kishi) barobar bo‘lurmi? Yoki zulmatlar bilan nur barobar bo‘lurmi?” Yo ular Allohga Uning yaratishi kabi yarata oladigan butlarni sherik qilib olishgan va ular ham yaratganlar-u, so‘ngra ularga (ikki) yaratish o‘xshash bo‘lib qoldimi?! Ayting: “Alloh barcha narsaning yaratuvchisidir va U Tanho va G‘olibdir”[1].

Ya’ni osmon va yer ahllarining barchalari istasalar ham, istamasalar ham yolg‘iz Alloh taologa bo‘ysunishdan o‘zga choralari yo‘q. Hasan rahmatullohi alayh ushbu oyat haqida: “Mo‘min kishi Alloh taologa o‘z ixtiyori bilan bo‘ysungan holda sajda qiladi, kofir esa dahshatga tushgan va chorasiz qolganida majburan sajda qiladi”, – degan.
Shuningdek, ularning soyalari ham kunning avvalida va oxirida sajda qiladi. Ushbu oyatda koinotdagi barcha mavjudotni, hatto odamlarning soyalarini ham O‘ziga sajda qilishga bo‘ysundirib qo‘ygan Zotning buyukligi xabari berilgan. Oyati karimaning davomida “Ko‘r (gumroh) bilan ko‘ruvchi (hidoyat topgan kishi) barobar bo‘lurmi?”, – deyilgan. Bu yerda ko‘zi ko‘rdan kofir kishi, ko‘ruvchidan esa mo‘min kishi iroda qilingan. Zulmatlardan zalolat yo‘llari, nurdan esa hidoyat iroda qilingan. Umumiy ma’nosi shuki, ko‘zi ko‘r bilan ko‘ruvchi, zulmatlar bilan nur barobar bo‘lmagani kabi, haqiqat ziyosini ko‘radigan mo‘min kishi bilan, bu ziyoni ko‘ra olmaydigan kofir ham hech qachon barobar bo‘la olmaydi. Shunga ko‘ra shariatda berilgan xabarlarni tasdiqlash haqiqat ziyosini ko‘rish, bu xabarlarni inkor qilish esa ushbu ziyoni ko‘ra olmaslikdir.

Keyingi mavzu:
Jannat va do‘zaxning yaratib qo‘yilgani bayoni

 


[1] Ra’d surasi, 15, 16-oyatlar.