Shukri vuzu’ namozi
Odatda tahorat qilib bo‘lgandan so‘ng o‘qiladigan namoz “Shukri vuzu’” (tahoratning shukri) deyiladi.
Uqba ibn Omir al-Juhaniy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Qay bir odam yaxshilab tahorat qilsayu, qalbi va yuzi ila iqbol qilgan holda ikki rakat namoz o‘qisa, albatta unga jannat vojib bo‘ladi”, dedilar”.
Imom Abu Dovud rivoyat qilgan.
“Mo‘minning me’roji” kitobidan
O‘MI Matbuot xizmati
Zuhd – dunyoga bemayl, behavas bo‘lishlik, nafsini tiyishlik, taqvodorlik demakdir. Shunday ekan o‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: badavlat odam ham zohid bo‘ladimi?
Sufyoni Savriy rahimahulloh hazratlaridan: “Badavlat odam ham zohid bo‘ladimi?” deb so‘ralganida, u zot: “Ha! Agar mol-dunyosi ko‘payganida shukr qilsa, kamayganida ham shukr, ham sabr qilsa”, deb javob bergan ekanlar.
Aliy roziyallohu anhu: “Agarda bir kishi yer yuzidagi hamma narsani qo‘lga kiritib, u orqali Allohning rizosini ko‘zlasa, demak, u zohiddir! Agar u hamma narsani tashlasa-yu, bundan Allohning roziligini maqsad qilmasa, demak, u zohid emasdir”, deganlar.
Podshoh zohidning oldiga borib: “Sening o‘ta zohidligingni bilib, oldingga keldim”, debdi. Zohid esa: “O‘zimdan-da zuhdda mahkamroq kishiga yo‘llab qo‘yaymi seni?” debdi. “Mayli”, debdi podshoh. Zohid esa: “Bu sensan... Chunki men bu o‘tkinchi dunyodan yuz o‘girdim. Sen bo‘lsang boqiy jannatga orqa o‘girgansan (ya’ni, haqiqiy yuz o‘giruvchi sensan)”, debdi.
Mol-dunyoni ko‘paytirish yoki vaqtinchalik lazzat uchun abadiy jannatdan voz kechish mumkinmi?!
Alloh taolo aytadi: «Ayting: “Albatta, namozim, ibodatim va hayotu mamotim olamlar Parvardigori bo‘lmish Alloh uchundir”»[1].
Xalifa Hishom ibn Abdulmalik Solim ibn Abdullohni ka’baning oldida ko‘rib: “Mendan birorta hojatingizni so‘rang”, dedi.
U zot javoban: “Allohga qasamki, men Allohning uyida turib Allohdan boshqadan so‘rashdan hayo qilaman”, dedi. Baytullohdan chiqqanidan so‘ng Hishom ibn Abdulmalik: “Allohning uyidan ham chiqdingiz, endi so‘rang!” – dedi. “Dunyo hojatlaridanmi yoki oxiratmi?” – dedi Ibn Abdulloh. Hishom ibn Abdulmalik: “Dunyo hojatlaridan”, dedi. Shunda Ibn Abdulloh: “Dunyoga molik bo‘lgan Zotdan so‘ramadim-u, qanday qilib egasi bo‘lmagandan so‘rayman”, degan ekan.
Bir solih zotga: “Dunyodan yuz o‘girib, go‘sht, tuxum va lazzatli taomlarni tark etgan kishi haqida nima deysiz?” – deb savol berishdi. U: “Zuhd bilan lazzatli narsalardan voz kechishning bir-biriga nima aloqasi bor?! Xohlagan narsasini yeyaversin va Allohga haqiqiy taqvo qilsin”, dedi.
Agar haromdan hazar qilib, haloldan yesangiz, Alloh buni yomon ko‘rmaydi. Alloh harom qilgan narsalardan chetlanib, lazzatli narsalarni yeyayotgan bo‘lsangiz, buning ham karohiyatli joyi yo‘q.
Ota-onangizga yaxshilik qilayapsizmi?!
Yaqin qarindoshlaringiz, qo‘ni-qo‘shnilaringiz bilan munosabatlaringiz qanday?!
Qiynalganlarga yordam beryapsizmi?!
Achchig‘ingiz chiqqanda g‘azabingizni yenga olayapsizmi?!
Sizga yomonlik qilganlarga ham yaxshilik qilish qo‘lingizdan kelyaptimi?!
Kamiga sabr qilib, ko‘piga shukr qilyapsizmi?!
Mana shu savollarga to‘liq javob bera olsangiz, bilingizki siz Allohning roziligiga erishasiz.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] An’om surasi, 162-oyat.