Kitob mutolaasi kishini komillik sari yetaklaydigan, uning tafakkur xazinasini boyitadigan, zehnini o‘tkir, mushohadasini teran qiladigan muhim hodisadir. Insoniyat kashf qilgan eng buyuk ixtiro, hech shubhasiz, kitobdir. Bashariyat asrlar osha qanday yutuq va marralarga erishgan bo‘lsa, albatta, buning zamirida kitobga mehr, mutolaaga ishtiyoq mujassam.
Islom dini jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashishga buyuradi. Bejizga Qur’oni karimning ilk nozil bo‘lgan oyati “o‘qi” amri bilan boshlanmagan. “Ilm” so‘zi Qur’oni karimda 811 marta turli ma’nolarda zikr etilgan.
Dinimiz birinchi oyatidayoq o‘qishga, mutolaa qilishga, yozishga chorlagan. Qur’on so‘zining bir ma’nosi “o‘qish” demakdir. Shu buyruqqa amal qilgan ajdodlarimiz — Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Beruniy, Xorazmiy, Farg‘oniy, Navoiylar jahon ilm-faniga beqiyos hissa qo‘shib, bizga bebaho ma’naviy meros qoldirib ketishdi.
Istiqlol yillarida ajdodlarimizning ana shu merosini o‘rganishga, tadqiq qilishga barcha zarur shart-sharoitlar yaratib berildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev har bir chiqishlarida yoshlarimizni kitobxonlikka o‘rgatish, bu ishga ijodkorlarni jalb etish haqida bot-bot ta’kidlaydilar. Zero, navqiron avlodni boy ma’naviy merosimiz bilan tanishtirish, ular qalbida tariximizga muhabbat uyg‘otishda kitob beqiyos ahamiyatga ega.
Bugunning bolalari barcha davr farzandlari kabi beg‘ubor, samimiy. Aslida ularning kitob bilan do‘st tutinishi uchun biz kattalarning quruq da’vati kifoya emas. Avvalo, sharoit yaratish, rag‘batlantirish va yosh avlodning qiziqishini inobatga olish zarur.
Alloh taolo Qur’oni karimda: “Biladiganlar bilan bilmaydiganlar (hech zamonda) teng bo‘lurmi?!” (Zumar surasi, 9-oyat), deya bilim naqadar katta ahamiyatga ega ekaniga ishora qiladi.
Kitobning foydasi haqida so‘zlayotib, ko‘pincha dunyoqarashni o‘stiradi, tafakkurni kengaytiradi yoki aqlni charxlaydi kabi umumiy xulosalar aytamiz. Biroq bu qanday ro‘y beradi? Mutolaa qiliboq tezda bilimdon bo‘lib qolasan, degan yengil qarash — noto‘g‘ri.
Tan olaylik, ko‘p takrorlanganda ta’sirchan gap yoki iboraning ham bora-bora ohori to‘kiladi. Xuddi “kitob o‘qi, odam bo‘lasan”, “ko‘proq o‘qi, aqling charxlanadi”, “kitob — bilim manbai” kabi so‘zlar quloqqa chalinaverib qimmatini yo‘qotgandek. Albatta, ularni yaxshilik uchun ishlatamiz, biroq targ‘ibotda so‘zning qadrini bilgan afzal emasmi?
Bu borada, avvalo, kitob targ‘ibotini maktabgacha ta’lim muassasalaridan boshlagan ma’qul. Negaki, bola ongida bog‘chadan kitob mutolaasiga ishtiyoq uyg‘otilsa, u shunga ko‘nikib, umr bo‘yi bo‘yi mutolaa qilib yashaydi. Umrining mazmunini mutolaadan topadi.
Kitob – xazina. Ma’naviy olamimizni bu xazina injulari bilan bezash o‘z qo‘limizda. Mutolaaga hamroh insonni esa qo‘lida mash’ala ko‘targan shaxsdek tasavvur qilish mumkin. U nafaqat o‘zining, balki yaqinlarining ham yo‘lini yoritadi.
Shu bois Kalomullohda olimlarning darajasi juda yuqori ekani ta’kidlanadi: “...Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur” (Mujodala surasi, 11-oyat).
Soatlab telefonda gaplashish, uzzukun televizor oldidan jilmaslik, haftalab kompyuter o‘yinlari bilan mashg‘ul bo‘lish intellektual salohiyatni yemirishini bugun vaqtning o‘zi isbotlab turibdi. Chunki bular bir lahzalik quvonch, aniqrog‘i, shunchaki ovunchoq. Ammo bir oyda bittagina kitob o‘qisangiz, olgan taassurotlaringiz yillarga tatiydi. Eng muhimi, mehr-oqibat, olijanoblik, insoniylik kabi tuyg‘ularni qalb ko‘zi bilan ko‘ra olasiz. Adolatsizlik, munofiqlik, ikkiyuzlamachilik kabi illatlardan nafratlanishni o‘rganasiz.
Qanday qilib yoshlarni kitobga oshno qilib tarbiyalash mumkin? Bunda, avvalo, muhit muhim rol o‘ynaydi. Ya’ni ota-onalarimiz, do‘stlarimiz, bizga saboq bergan ustozlarning ilm egallashga va kitobga qiziqishi unga mehr uyg‘otishga turtki bo‘ladi.
Ba’zan bir og‘iz yaxshi gap insonning kelajagiga poydevor bo‘lishi mumkin ekan. Misol uchun, lampochkani ixtiro qilgan Tomas Edison bolalik chog‘ida maktabdan uyiga kelgach, onasiga konvertga solingan xatni beradi va: “Buni o‘qituvchimiz sizga berib yubordi”, deydi.
Ona xatni o‘qir ekan ko‘zlarida yosh halqalanadi. Bundan xijolat bo‘lgan yosh Tomas xavotirga tushib yig‘ining sababini so‘raydi. Onasi ancha xotirjamlik ila javob beradi: “Sening kuchli qobiliyating bor ekan. Mana eshit: “O‘g‘lingiz o‘ta iqtidorli, maktab unga va uning qobiliyatiga torlik qiladi. Shuning uchun o‘g‘lingiz uyda ta’lim ola qolsin!”
Edison o‘z uyida onasidan tarbiya ola boshlaydi. Oradan bir qancha yillar o‘tib u lampochkani ixtiro qiladi.
Vaqti-soati yetib uning onasi vafot etadi. Shundan so‘ng olim shkafdan bir konvertni topib oladi. Ancha yil o‘tgan bo‘lsa-da, xatni taniydi: bu – o‘sha bolaligida maktabdan kelgan xat edi. Bir zum tarix og‘ushiga sho‘ng‘igan Edison xatni o‘qiy boshladi. Unda shunday so‘zlar bor edi: “O‘g‘lingiz o‘ta beaql va qobiliyatsiz bola. Ertadan maktabga kelmasin!”
Edison ancha vaqtgacha yig‘isini to‘xtata olmaydi. So‘ng xotiralar daftariga quyidagi so‘zlarni bitib qo‘yadi: “Edison, haqiqatan ham, o‘ta kaltafahm bola edi. Biroq onasining go‘zal tarbiyasi sababli iste’dod sohibiga aylandi”.
Muxtasar aytganda, donishmandlar ta’kidlaganidek, qanchalik ko‘p o‘qisak kitoblar bizni hayotga shunchalik yaqinlashtiradi, turmushimiz yanada munavvar, ma’noliroq bo‘lib boradi.
Tolib NIZOM
O‘MI Matbuot xizmati
Bolalar bilan muomala qilish uslubi
Eringizning hurmatini joyga qo‘ying!
Erkak kishining oilada oila boshlig‘i, ota sifatida o‘z o‘rni bo‘lmog‘i lozim. Buning uchun ayol kishi turmush o‘rtog‘iga nisbatan mehr-muhabbatli, ayniqsa, farzandlarining oldida otaning hurmatini joyiga qo‘ymog‘i kerak. Soliha ayol har qanday vaqtda otalarining buyuk shaxs ekanini bildirib turadi va otani hurmat qilish, uni yaxshi ko‘rishda bolalariga o‘rnak bo‘lib, amaliy yo‘l ko‘rsatadi. Farzandlariga otasining go‘zal xislatlarini o‘rnak sifatida aytib beradi. Onaning farzandiga: “Mana shunday qilsang otang sendan xursand bo‘ladi. Bunday qilmagin, dadangning jahllari chiqadi. Dadangning sendan jahli chiqsa, Allohning ham g‘azabi keladi”, deya pand-nasihatlar qilmog‘i maqsadga muvofiqdir.
Arzimas bo‘lsa ham hadyalar bering!
Farzandingizga kichik bo‘lsa-da, hadyalar bering. Bayram kunlari, biror muvaffaqiyatga erishganliklari munosabati bilan, ayniqsa, hayit kunlari buni unutmang. Bu bilan farzandingizning sizga bo‘lgan mehr-muhabbati, e’tibori ortadi, kayfiyati ko‘tariladi, yaxshiliklar sari intiladi. Sovg‘alaringiz ichida u qiziqqan kitoblar bo‘lsa, undan-da yaxshi.
Farzandingizga quloq soling!
Farzandingiz bog‘chasida yoki maktabida nima bo‘lganini aytib berish uchun oldingizga kelsa, uning shashtini qaytarmang. So‘zlarini diqqat bilan tinglang. U siz bilan o‘zining his-tuyg‘ularini bo‘lishmoqchi bo‘ladi. Farzandingizning muvaffaqiyatlarini rag‘batlantiring, agarda u imtihondan yuqori baho olsa, yilni a’lo baholarga yakunlab, maqtov yorlig‘i bilan taqdirlansa, siz ham farzandingizni munosib baholang, shirin so‘zlaringiz bilan uni yanada ilhomlantiring.
Farzandlaringiz bilan hazillashib turing!
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bolalar bilan hazillashar va ularga mehr ko‘rsatar edilar. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nevaralari Hasayinni o‘pdilar. U zotning oldilarida tamiymlik Aqro ibn Hobis o‘tirgan edi. U Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga: “Mening o‘nta bolam bor, ulardan birontasini ham o‘pmagan ekanman”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Rahm qilmagan kishiga rahm qilinmaydi” [1], dedilar».
Nabiy alayhissalom bolalar bilan hazillashar, ularning boshlarini silar edilar. Bolalar esa u zotning taftini, mehrini his qilishardi. Abdulloh ibn Ja’far roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, u kishi aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qo‘llari bilan mening boshimni siladilar va: “Alloh, Ja’farga bolasi uchun o‘rinbosar bo‘l” [2], dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bolalarning yanoqlarini silaganlari borasida “Sahihi Muslim”da rivoyat keltiriladi. Jobir ibn Samura roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga namoz o‘qidim, keyin u zot uylariga chiqib ketdilar, men ham birga qo‘shilib oldim, yo‘lda ikkita yosh bola u zotning qarshilaridan chiqdi, har birining yanoqlarini alohida-alohida silab qo‘ydilar”.
Muoviyya roziyallohu anhu: “Kimning kichik yoshdagi farzandi bo‘lsa, farzandi bilan munosabatda o‘zini bolalardek tutsin”, deganlar.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Muttafaqun alayh.
[2] Imom Hokim rivoyati.