Ma’lumki, 2018 yil 5 martda O‘zbekiston Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga transportda chiqish vaqtida xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident Qarorini imzoladi. Unga ko‘ra mehnat migrantlari uchun imtiyozli biletlar maxsus kassalar orqali sotiladi.
2018 yil 1 apreldan boshlab “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ va O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublikadan tashqariga chiqayotgan fuqarolarga platskart va umumiy vagonlarga temir yo‘l chiptalari hamda iqtisodiy (ekonom) klass aviachiptalar narxlariga 20 foizgacha chegirma taqdim etadi, temir yo‘l va aviachipta xarid qilish xarajatlarini qisman qoplash uchun 300 ming so‘m miqdorda beg‘araz to‘lov bir yilda bir marta amalga oshiriladi. Imtiyozli biletlarni sotish tartibi 2018 yil 5 martdagi 3584-sonli Prezident Qarori bilan tasdiqlangan Tartibga ko‘ra amalga oshiriladi.
Imtiyozli biletni qanday sotib olish mumkin?
Ma’lumki, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining tuman (shahar) Bandlikka ko‘maklashish markazlari tuzilmasida umumiy 300 shtat birligida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga chiqayotgan fuqarolar bilan ishlash sektorlarini tashkil etiladi. Sektorlar xodimlari uyma-uy yurib vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga chiqib ketishni rejalashtirayotgan fuqarolarni aniqlaydi hamda ular bilan chet elga xavfsiz chiqish va imtiyozli tariflarda temir yo‘l va aviachiptalar sotuvi mexanizmi masalalari bo‘yicha axborot-tushuntirish va targ‘ibot ishlarini amalga oshiradi.
Potensial mehnat migrantlari temir yo‘l va aviachiptalarni imtiyozli tariflarda xarid qilish oldidan vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublikadan tashqariga chiqayotgan fuqarolarni imtiyozli tariflarda chipta taqdim etishning shaffofligini ta’minlash maqsadida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi elektron ma’lumotlar bazasiga ro‘yxatga olinadi.
Tashqi mehnat migratsiyasiga murojaat qilish kunida fuqaro ma’lumotlar bazasida bo‘lg‘usi ish joyi, yo‘l marshruti va ketish istagidagi sanasi ko‘rstailgan holda qayd etiladi.
Agentlik o‘sha kuniyoq fuqaro haqidagi ma’lumotlarni valyuta hisobi ochish uchun va maxsus “VISA-migrant” kartalari berish uchun “Aloqabank”ga va agentlik qoshidagi temir yo‘l chiptalari va aviabiletlarni bronlash hamda sotishga ixtisoslashgan kassalarga yo‘llaydi.
Kassa bir ish kuni ichida bilet bron qilish uchun “O‘zbekiston temir yo‘llari” yoki “O‘zbekiston havo yo‘llari”ga buyurtma beradi. Yo‘lovchi tashuvchi bir ish kuni ichida biletni bronlashi lozim.
Bronlashga oid ma’lumotlarni olgach, kassa ikki ish kuni ichida fuqaroni bilet sotiladigan manzil va ketish sanasi haqida xabardor qiladi.
Ma’lumotlarni olgan O‘zbekiston fuqarosi ixtisoslashgan kassaga murojaat qiladi, kassa o‘sha kuniyoq imtiyozli bilet (20% chegirmali) va 300 ming so‘mli chegirmani hisobga olgan holda bilet sotishi shart. “Aloqabank” mehnat migrantiga bir ish kuni ichida valyuta hisob raqami ochadi va VISA-migrant plastik kartasini beradi. Karta minimal komissiyaga va nolli sug‘urta depozitiga ega bo‘ladi.
Umumiy jamlanganda, tasdiqlangan sxemaga ko‘ra, imtiyozli biletni rasmiylashtirishga yetti ish kunidan ko‘p vaqt ketmasligi lozim.
“O‘zbekiston temir yullari”da vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublikadan tashqariga chiqayotgan fuqarolarga platskart va umumiy vagonlarga temir yo‘l chiptalari hamda “O‘zbekiston havo yo‘llari”ning iqtisodiy (ekonom) klass aviachiptalar narxlariga 20 foizgacha chegirma tegishlidir. Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 23 fevraldagi 42-raqamli Qarori bilan avia va temir yo‘l chiptalariga imtiyozli tariflar joriy etilgan.
Ko‘rinib turganidek, mehnat migranti mazkur temir yo‘l yoki aviabiletni 20% chegirma bilan va yana 300000 so‘m arzonga olishi mumkin.
Bilet sotib olish jarayoni mobaynida hayot va sog‘liqni sug‘urtasini rasmiylashtirish ham mumkin. Bundan tashqari, milliy yo‘lovchi tashuvchilarnining xorijga vaqtincha ishlashga chiquvchilar oldidagi mas’uliyatini sug‘urtalash mexanizmi joriy etilishi rejalashtirilmoqda.
Shuningdek…
Mehnat migrantlari transport va boshqa xarajatlar uchun “Ipoteka-bank” orqali 1000 AQSH dollarigacha bo‘lgan kredit olishlari mumkin. Kreditlarni (Western Union, Contact va boshqa shu singari) xalqaro to‘lov tizimlari orqali olish va to‘lashning qulay mexanizmlarini joriy etish rejalashtirilgan.
Mehnat migrantlari uchun rus va boshqa tillarga va ishlab chiqarish kasblariga o‘qitish bo‘yicha kurslar, jumladan bepul kurslar tashkil etiladi. Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya va Janubiy Koreyadagi konsullik muassasalarida mehnat migratsiyasi masalalari va fuqarolarning ijtimoiy-huquqiy himoyasi bilan shug‘ullanadigan xodimlar ish olib boradi.
Shu yildan boshlab avtobusda xalqaro yo‘lovchi tashishga ixtisoslashgan kompaniya faoliyat yurita boshlaydi. Kompaniya uchun 100 dona avtobus xarid qilinadi va ular O‘zbekistonning turli mintaqalaridan xorijga qatnaydi.
Manba:mehnat.uz
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xabar berishicha, may oyining 13-sanasida bir kunda 3 mlrd so‘mlik energoresurslarini talon-toroj qilish holatlari aniqlangan. Afsuski, bugun bunday gaz va elektr energiyaga yashirincha ulanib, davlatga milliardlab zarar yetkazgan kimsalar haqidagi xabarlarni tez-tez o‘qib qolamiz.
Birovning, ayniqsa, xalq haqidan qo‘rqmay o‘g‘rilik orqali manfaat topmoqchi bo‘layotgan insonlar oramizda ko‘plab topiladi. Bundaylarning nazdida gaz, suv, elektr energiya tuganmas boylik. Undan har kim o‘z manfaati yo‘lida foydalanishi mumkin. Biroq bu ne’matlar xonadonlarga kirib borishi uchun minglab insonlar mehnat qilishini, davlat esa milliardlab mablag‘ sarflashini, ular ham bir kun tugab qolishini xayoliga ham keltirmaydi.
Aslida ushbu ne’matlardan oqilona foydalanish, isrof qilmaslik nafaqat fuqarolik majburiyatimiz, balki insoniy vazifamiz, mo‘minlik burchimizdir.
Aytish joizki, uyda, ishda, ko‘chada kommunal to‘lovlar atrofida aylanayotgan qator muammolar haqida ko‘p eshitamiz, ba’zan o‘zimiz uning guvohi yoki bevosita ishtirokchisiga aylanamiz. Lekin bu muammolar to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirmaslik yoki ayrim nobop kimsalarning qilmishi oqibatida yuzaga chiqayotgani yodimizga ham kelmaydi. To‘lovlarni imkon bo‘la turib asossiz bahonalar yoki o‘z vaqtida to‘lamaslik yoki hisoblagich jihozlarini teskariga aylantirish yoxud har xil hiylalar ishlatib, ularni to‘lashdan qochish davlatning va xalqning haqini yeyish hisoblanadi. Chunki tabiiy boyliklar davlat va xalq mulkidir.
Qolaversa, kommunal xizmatlardan foydalanish uchun har bir xonadon ta’minotchilar bilan shartnoma tuzib, qo‘l qo‘ygan va o‘zaro kelishuvda to‘lovni o‘z vaqtida ado etishga kelishgan. Shu bois to‘lovlarni vaqtida ado etishimiz shar’an ham joiz.
Ta’kidlash lozimki, xalqning mulkida barcha fuqarolar, xususan, kam ta’minlanganlar, nogironlar, yetim-yesirlar, keksalarning haqi bor. Ulardan foydalanishga kelganda faol bo‘lib, to‘lovga kelganda qochayotgan, paysalga solayotganlar yuqorida zikr etilgan qatlamlarning ham haqini o‘zlashtirib, nohaq yeyayotganini bilib olsinlar. Zero, Qur’oni karimda: “Ey iymon keltirganlar, bir-birlaringizning mollaringizni botil yo‘l bilan yemanglar” (Niso surasi 29-oyat), deya ogohlantirilgan. Shunday bo‘lgach, har bir fuqaro o‘zgalarning moliga, ayniqsa, jamoat mulkiga xiyonat etmasligi darkor! Bunga e’tiborsizlik oxiratda yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Havla binti Amr roziyallohu anho rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: “Ba’zi bir odamlar Allohning mulki (jamoat pullari)ga xiyonat qiladi. Qiyomat kuni ular jahannamga ravona bo‘lishadi” (Imom Buxoriy rivoyati). Shunday ekan, bu masalaga jiddiy yondashishimizga to‘g‘ri keladi.
Shuningdek, gaz, elektr energiya va suv kabi ne’matlardan oqilona foydalanish ham dinimiz talabidir. Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Iqtisod qilgan kimsa kambag‘al bo‘lmas, maslahat qilgan pushaymon bo‘lmas” (“Mushkotul nasobih”), deb tavsiya berganlar.
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Solih hidoyat, go‘zal ko‘rinish va iqtisodli bo‘lish nabiylikning yetmishdan bir juzidir”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, doim ahli solihlardan bo‘lib, tejamkor bo‘lish, isrofga yo‘l qo‘ymaslik, har bir narsani o‘z o‘rnida, me’yorida tasarruf qilish, keragidan ortiq, behudaga sarflamaslik nabiylikning yetmish juzidan bir juz, yetmish bo‘lagidan bir bo‘lak ekan. Buni har bir mo‘min-musulmon yaxshi anglab, hayotiga tatbiq qilishi lozim.
Xulosa qilib aytganda, halollik inson hayotini xotirjam, osoyishta va farovon qiladi. Shunday ekan, kommunal to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab, xalq haqiga xiyonat qilmaylik, azizlar!
G‘ayrat BOZOROV,
Dehqonobod tumani
“Oqrabot ota” jome masjidi
imom-xatibi