Mehribonlik uyi derazasidan
Bir qizcha ko‘chaga ilhaq ko‘z tutar.
Mo‘ltirar, binoning darvozasidan
Onasining kirib kelishin kutar.
Takrorlanar bu hol har kun bexato,
Tarbiyachi opa silar boshini.
Qizchaga yuragi ezilib, hatto
Bekitib artadi ko‘zdan yoshini.
Ey ona! Qaydasan? Qayerlardasan?!
Qaylardan saodat topding ziyoda?
Dilbanding dilini ming pora aylab
Qanday tinch yashaysan axir dunyoda?!
Begunoh go‘dakni bag‘ringdan yulib,
Vijdoning uxlatib, huzur topdingmi?
Yoki el yurmasin ustimdan kulib
Deb nogoh yo‘l qo‘ygan aybing yopdingmi?
Axir bu eng aziz, eng oliy tortiq –
Farzand bilan uying va bag‘ring to‘lsa.
Bilsang, xato yo‘qdir bundan ham ortiq,
Sen tirig-u, bolang zor yetim bo‘lsa.
Xatoni o‘nglashga hali bor imkon,
Ketgan yo‘lingdan qayt, ortga bur izing.
Yillardir seni zor, ko‘zlari giryon
Deraza oldida kutadi qizing!..
Sayyora AVAZOVA
Muzrabot tumani
O‘MI Matbuot xizmati