Bu imomning to‘liq ismlari Ubaydulloh ibn Masu’ud Sodrush shari’a al-Asg‘or ibn Mas’ud ibn Tojush shari’a Mahmud ibn Jamoluddin Ubaydulloh al-Mahbubiy al-Buxoriydir.
“Sodrush shari’a al-Asg‘or” “kichik sodrush shari’a” deganidir. U kishining katta bobolarining ham laqabi Sodrush shari’a bo‘lganligi nasablaridan ko‘rinib turibdi. Shuning uchun katta bobo “Sodrush shari’a al-Akbar” – “Katta Sodrush shari’a”, nabira esa “Sodrush shari’a al-Asg‘or” – “Kichik Sodrush shari’a” deb atalgan. Ba’zi manbalarda ikkovlarini “Sodrush shari’a birinchi” va “Sodrush shari’a ikkinchi” deb ham farqlangan.
Ammo Sodrush sh’ari’a laqabi asosan Ubaydulloh ibn Mas’udga nisbatan al-Buxoriy rohmatullohi alayhga nisbatan ishlatilgan. Imom Sodrush shari’a Ubaydulloh ibn Mas’ud Buxoro shahrida, ota-bobolaridan boshlab barcha avlodlari ilm va fiqh ulamolari bo‘lib kelayotgan oilada tug‘ilib voyaga yatganlar. Qachon tug‘ilganliklari manbalarda zikr qilinmagan. Olimning yashab o‘tgan davri mo‘g‘ullar istilosiga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun yoshligidayoq oila a’zolari bilan Kirmon hududiga qochib ketishga majbur bo‘lganlar. Lekin shunga qaramay ilm olishda bardavom bo‘lganlar. Asosiy ilmni bobolari Mahmud ibn Sodrush shari’adan o‘zlashtirganlar.
U zotning imom Abu Hanifa rohmatullohi alayhiga yetib boradigan sanadlari bor bo‘lib, u quyidagicha:
Ubaydulloh ibn Mas’ud zamonasining ko‘zga ko‘ringa allomalaridan bo‘lib, ayniqsa, Usulul fiqh, Furuul fiqh, Xilof, Jadal, Hadis, Nahv, Lug‘at, Adabiyot, Ilmi kalom, Mantiq kabi ilmlarda peshqadam bo‘lganlar. Ulamolar u kishi haqida juda ko‘p ijobiy fikr bildirganlar. Shu jumladan alloma Taftazoniy u kishi haqida “U muhaqqiq imom, mudaqqiq tahrirchi, hidoya va diroya olimi, aqliy va naqliy ilmlar mezonini to‘g‘rilovchi, usul va furu ilmlar musahhihi shariat va islom peshvosidir. Alloh Jannatda u zotning darajasini yuksak qilsin”, deganlar.
U kishining bir qancha ta’lifotlari bo‘lib, ulardan eng mashhuri, ko‘plab madrasalarda darslik sifatida o‘qitiladigan “Muxtasarul Viqoya”dir. Bu kitob fiqh ilmida murojaat qilinadigan asosiy to‘rt matn kitobning biri, o‘z bobolarining qalamiga mansub: “Viqoyatur rivoya fi masailil hidoya” kitobining qisqartmasidir. Bobolarining aynan shu kitobiga u kishi sharh ham yozgan bo‘lib , uning nomi “Sharhul Viqoya”dir. Bu kitobdan hozirgi kunda ham ahli ilmlar keng ko‘lamda foydalanadi. Sodrush shari’aning “At-Tanqih”, “At-Tavzih”, “Al-Vishoh”, “Ta’dilul ulum”, “Muqoddimotul arbaa”, “Ash-Shurut val-Mahozir” kabi boshqa kitoblari ham bor.
Imom hijriy 747 yili Buxoroda vafot etadilar. U zotning ikki bobolaridan boshqa barcha qarindosh urug‘lari Buxoroda dafn qilingan. Ikki bobolari Kirmonda vafot etib o‘sha yerga dafn etilgan. Alloh ulardan rozi bo‘lsin.
Ro‘zimuhammad To‘xtasinov
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti 4-kurs talabasi
O‘MI Matbuot xizmati
O‘quv yili tugab, ota-onani ziyorat qilish, ularning xizmatiga borish vaqti kelgach, darslar tugab, imtihonlardan forig‘ bo‘lgach, «Endi butunlay bo‘shman, ilmdan forig‘ bo‘ldim», deb tasavvur qilmang. Ota-onaning xizmatida bo‘lib, duolarini oling. Ta’til payti ham siz uchun muhim bir vaqt hisoblanadi.
Ota-onangiz, aka-ukangiz, opa-singlingiz, qarindosh-urug‘laringiz nimalarni o‘rganganingizga, odobingiz qanday bo‘lganiga qiziqishadi. «O‘g‘limiz nimalarni o‘rganib keldi ekan-a, ustozlaridan nimalarni ta’lim oldi ekan» deb, havas ko‘zlari bilan qaray boshlashadi. Ana shunda siz ularni odobingiz, kamtarligingiz, xizmatingiz bilan xushnud qilsangiz, nafaqat o‘zingizni, balki ustozlaringizni, nafaqat ustozlaringizni, balki Islom dinini ham barchaga sevdirasiz.
Buning natijasi o‘laroq odamlarda din ilmiga rag‘bat oshib, ular ham farzandlarini ahli ilm qilishga, qori qilishga shoshib qoladilar. Aksincha, namozlar qazo bo‘la boshlasa, xulq-atvor yomon bo‘lsa, «Bu bola o‘qib yurib shu ahvolda bo‘lsa, bundan ko‘ra o‘qimaganimiz yaxshi ekan», deyishadi. Odamlarning ilm olishdan hafsalasi pir bo‘ladi, ustozlarni hurmat qilmay qo‘yishadi. Bu holatda dinga foydangiz emas, zararingiz ko‘proq tegadi. Bunday tolibi ilmlardan Alloh taoloning O‘zi asrasin!
Bir narsani yaxshi bilib oling: siz makonlar, holatlar o‘zgarishi bilan o‘zgarib qolavermang. Holatlar sizni o‘zgartirmasin, siz holatlarni o‘zgartiring. Doimo istiqomatda bo‘ling, sabot bilan turing. Alloh taolo har holatda ham sizni ko‘rib turganini aslo yodingizdan chiqarmang.
«Talabalik davrini qanday o‘tkazmoq kerak?» kitobidan