Muslim.uz portalining “Fototanqid” loyihasi ko‘plab muxlislarimizning e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda. Ushbu loyihani davom ettirish maqsadida navbatdagi manzil tomon yo‘l oldik. Manzilimiz – azim poytaxtimizning ko‘rkiga ko‘rk bag‘ishlab, ko‘hna Shoshning shonli tarixidan sado berib turgan, Muqimiy, Furqat, Xislat, Oltinxon To‘ra, Ziyovuddin ibn eshon Boboxon kabi mashhur allomalarni tarbiyalagan “Ko‘kaldosh” madrasasidir.
Fotomuxbirimizning ob’etiv nishoni madrasa atrofidagi holatga qaratildi. Suratlardan ayonki ushbu o‘rta maxsus islom bilim yurti Chorsu bozori yaqinida joylashgani sababli uning yon atrofida doimiy ravishda yoyma sotuvchilarning bo‘lishi, tirikchilik uchun ishlayotgan kishilarning savdoni amalga oshirgach, ortidan ulkan chiqindi uyumlarini qoldirib ketayotgani ko‘ngilni xira qiladi.
Ilm-ma’rifat maskani bo‘lgan va Toshkent shahriga tashrif buyuruvchi sayyohlarning asosiy sayohat qiladigan joyi shunchalik ifloslantirilsa, boshqa hududlardan nimani kutish mumkin? Ular faqat va faqat sayyohlarni qo‘rqitishga va ularda salbiy fikrning paydo bo‘lishiga sabab bo‘lmaydi, deb kim kafolat beradi?!
Ko‘kaldosh madrasasi tarixiy binoda joylashgani unga bo‘lgan qiziqishni oshiradi. Biroq majmuaga kirish yo‘lagining noqulayligi, sayyohlar avtobusining to‘xtash joyi, mashinalar qo‘yish uchun joylarning mavjud emasligi, chiqindilar uyumining ko‘pligi, madrasaga olib boradigan yo‘l ko‘rsatgichlarining o‘rnatilmaganligi kelib-ketuvchi ziyortchilarda ijobiy tasavvur qoldirmayotgani aniq holat. Madrasa yaqinidagi avtobus bekatidagi tirbandlik esa yozning jazirma issiq kunlarida ayniqsa, hudud havosining ifloslanishiga sabab bo‘lmoqda.
Xulosa qilib aytganda madaniy meros obyektlarini himoya qilish, ularni kelajak avlodga yetkazish uchun har birimiz mas’ul ekanmiz, bu holatga qaysi mutasaddi tashkilot javob beradi? Biz shu tashkilotdan yaqin kunlar ichida amaliy choralar ko‘rishlarini kutib qolamiz.
E’tiborsiz bo‘lmaylik, aziz hamshaharlar!
O‘MI Matbuot xizmati
Odatda har yili 31-dekabr sanasida shomdan keyin boshlangan paqildoq va salyutlar tovushi soat o'n ikkiga yaqin avjiga chiqib, tonggacha davom etadi. Ba‘zi insonlarning xursandchilik qilaman, degan niyatda solayotgan shovqinlari hammaga ham yoqmaydi.
Hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Bu ovozu shovqinlar qanchalab xonadonlarning tinchini buzar ekanaa?!. Ba'zi uylarda qon bosimi baland bo‘lgan qariyalar, og'riqdan ko'ngliga qil ham sig‘mayotgan bemorlar, kunu tun betob bo‘lib yotgan farzandining tepasida mijja qoqmay chiqayotgan onalar, shovqindan qo'rqib tinmay yig‘layotgan go‘daklar tong otishi, shovqin-suronlar to‘xtashiga intizor bo‘ladilar. Kishilar tinchini buzayotganlarni uyida ham yuqoridaga aytgan holatlar bo'lganda shu ishni qilisharmidi?
Dinimizda boshqalarga tili va qo‘li bilan ozor yetkazishdan qaytarilgan. Islomda insonlarni qo'rqitish zulm hisoblanadi. Hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Musulmon musulmonni qo'rqitishi halol bo‘lmaydi", deya marhamat qilganlar.
Yangi yil arafasida paqildoq va salyutlar narxi qancha qimmat bo'lishi hammamizga ma‘lum. Mana shu narsalarga pullarini isrof qilib, uni havoga uchirmay, ehson qilinsa, qanday ham yaxshi amal bo‘lardi.
Bularni nega yozayapmiz?! Iltimos, o'zingizning ozgina xursandchiligingizni, deb boshqalarga ozor bermang, bizni o‘z uyimizda tinch yashashga qo‘ying, o'zgalarga ozor berishni bas qiling!"
Joziba Jamol qizi,
Xadichai Kubro ayol-qizlar islom ta‘lim muassasasi o'qituvchisi