Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Sentabr, 2026   |   7 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:47
Quyosh
06:06
Peshin
12:17
Asr
16:38
Shom
18:32
Xufton
19:47
Bismillah
18 Sentabr, 2026, 7 Rabi`us soni, 1448

Muhammad s.a.v.ning parhezlari

15.03.2018   9985   2 min.
Muhammad s.a.v.ning parhezlari

Inson yashashi uchun ozgina narsa yesa kifoya. “Oshqozoningizning bir qismini ovqatga, ikkinchi qismini suvga, uchinchi qismini esa havoga taqsimlang” (hadis) 

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning ushbu hadisi sharifini har bir musulmon yodda tutib, unga amal qilsa, o‘zining sog‘ligini  mustahkamlaydi, umri uzayadi va har doim kayfiyati a’lo bo‘ladi.  Shuningdek, inson zamonaviy xushbo‘y  meva-sabzavotlardan yeb parhez qilib yursa ham ancha foydali bo‘ladi.

Ko‘plab tadqiqot o‘tkazgan olimlar kelgan xulosa shu bo‘ldiki, chuqur va to‘liq nafas olish oshqozon liq to‘la bo‘lmagan vaqtda xiyla oson bo‘lar ekan. Chuqur olinmagan nafas hayotning qisqarishiga sabab bo‘larkan.

Tanani uglekislo gazdan tozalash uchun qon o‘pkaga keladi. Ammo odamning nafas yo‘li keragicha ochiq bo‘lmasa (buning oqibatida kislorod o‘pkaga zaruriy miqdorda yetib kelmaydi ) jarayon sekinlashadi. Natijada qon hayotiy ehtiyoj bo‘lgan kislorod bilan keragicha ta’minlanmaydi va o‘sha holatida tanaga qaytadi. Bu esa  inson tanasiga zarar yetishiga sabab bo‘ladi.

Bir daqiqa ichida biz 16 marta nafas olib, nafas chiqaramiz. Har nafas olganimizda tanamizga yarim litr havo kiradi. Demak, inson  bir kecha-kunduzda 23 240 marta nafas olib, nafas chiqaradi. Buning natijasida tanamizga tarkibida kislorod bo‘lgan 11 620 litr havo kiradi.

Biroq to‘la-to‘kis nafas olish chuqur nafas olingandagina hosil bo‘ladi. Oshqozon hech narsa sig‘dirmaydigan darajada to‘la bo‘lsa, chuqur nafas olish imkoni bo‘lmaydi va tanamizda aylanayotgan qonni tozalash uchun zarur bo‘lgan kislorodning bir qismigina kira oladi, xolos. Oqibatda tanada turli kasalliklar paydo bo‘ladi.

Ayon bo‘layotirki,  biz kasallikni o‘z pulimizga sotib olayotgan ekanmiz. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam buni juda ham aniq qilib tushuntirganlar: “Odam avlodlari uchun oshqozonini to‘ldirishdan-da xunukroq ish yo‘q”. 

Shu o‘rinda mana bu ibratli voqea yodga tushadi. Allohning Rasulining huzuriga qimmatbaho sovg‘alar bilan bir malakali tabibni yuboradilar. Payg‘ambar alayhissalom tabibga hurmat-ehtirom ko‘rsatib uni ortiga qaytarib yuborar ekan, unga bunday deydilar: “Biz och qolmasdan turib ovqat yemaymiz, umuman, biz to‘yib ovqat yemaymiz, shuning uchun tabibga muhtoj bo‘lmaymiz”.

 

Damin JUMAQUL tayyorladi.

O‘MI Matubot xizmati

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Maqolalar

"Ey o‘g‘ilginam..."

18.09.2026   1707   3 min.

Luqmonning farzandiga aytgan nasihatlaridagi buyuk hikmatlar


Ba’zi so‘zlar borki, oradan qancha asrlar o‘tmasin, o‘z qimmatini yo‘qotmaydi. Chunki ular inson qalbiga yo‘l topadi, uni yaxshilikka chorlaydi va hayotda to‘g‘ri yo‘lni tanlashga undaydi.

«Ey o‘g‘ilginam...»


Luqmonning farzandiga aytgan bu murojaatida chuqur mehr, samimiyat va ulkan hayot hikmati mujassam. Uning nasihatlari nafaqat bir farzandga, balki har bir insonga tegishli bo‘lgan ibratli o‘gitlardir.


Luqmon farzandiga avvalo eng muhim haqiqatni eslatadi:


«Ey o‘g‘ilginam! Allohga hech narsani sherik qilma. Albatta, shirk katta zulmdir».


Inson hayotidagi eng muhim poydevor — to‘g‘ri e’tiqod. Dunyodagi boylik, mansab, obro‘ va barcha ne’matlar vaqtinchalik. Ammo insonning Alloh bilan bo‘lgan munosabati uning butun hayotiga ta’sir qiladi. Shuning uchun farzand tarbiyasi, avvalo, uning qalbiga iymon va Allohga bo‘lgan muhabbatni singdirishdan boshlanadi.


Shundan so‘ng Luqmon:

«Ey o‘g‘ilginam! Namozni to‘kis ado et...»

deb nasihat qiladi.


Namoz — insonning Robbisi bilan bog‘lanishidir. U qalbni poklaydi, insonni yaxshilikka undaydi va hayotiga tartib bag‘ishlaydi. Farzandga namozni o‘rgatish — unga faqat bir ibodatni emas, balki mas’uliyat, poklik va ma’naviy tartibni ham o‘rgatishdir.


Luqmon farzandini yaxshilikka buyurish va yomonlikdan qaytarishga ham chaqiradi. Chunki haqiqiy ezgulik faqat o‘zimiz uchun emas, atrofimizdagilar uchun ham manfaatli bo‘lishi kerak. Ba’zan bir og‘iz yaxshi so‘z insonning ko‘nglini ko‘tarsa, bir samimiy nasihat uning hayotini o‘zgartirishi mumkin.


Ammo yaxshilik yo‘li doimo oson emas. Shuning uchun Luqmon:


«Boshingga tushgan musibatlarga sabr qil», deydi.


Inson hayotida turli sinovlar uchraydi. Ba’zida rejalarimiz amalga oshmaydi, ba’zida kutilmagan qiyinchiliklarga duch kelamiz. Ana shunday paytlarda sabr insonga kuch beradi. Sabr — taslim bo‘lish emas, balki qiyinchilikka qaramay to‘g‘ri yo‘lda davom etishdir.


Luqmonning yana bir muhim nasihati — kibrdan saqlanish:


«Kishilardan kibr bilan yuz o‘girma va yer yuzida manmanlik bilan yurma».


Insonga berilgan boylik, ilm yoki martaba uni boshqalardan ustun qilib qo‘ymaydi. Aksincha, inson qanchalik ko‘p ne’matga ega bo‘lsa, shunchalik kamtar bo‘lishi lozim. Chunki haqiqiy ulug‘lik — o‘zini boshqalardan baland qo‘yishda emas, balki insonlarga hurmat va mehr bilan munosabatda bo‘lishdadir.


Nasihatlarda hatto insonning yurishi va ovozigacha e’tibor qaratilgan:


«Yurishingda o‘rtacha bo‘l va ovozingni pasaytir. Albatta, ovozlarning eng yoqimsizi eshaklarning ovozidir». Bu bizga odobning katta ishlardagina emas, balki kundalik odatlarimizda ham namoyon bo‘lishini ko‘rsatadi. Vazminlik, muloyimlik, me’yor va chiroyli muomala insonni bezaydi.


Bugun bizga ham kerak bo‘lgan nasihatlar


Luqmonning farzandiga aytgan o‘gitlari asrlar oldin aytilgan bo‘lsa-da, bugungi kun uchun ham nihoyatda dolzarb.


Bugun farzandlarimizga yaxshi kasb egasi bo‘lish bilan birga, yaxshi inson bo‘lishni ham o‘rgatishimiz kerak. Ularning qalbiga iymon, tiliga yaxshi so‘z, xulqiga kamtarlik, hayotiga sabr va mehrni singdirishimiz zarur.


Chunki farzandga qoldiriladigan eng qimmatli meros — mol-dunyo emas.


Eng buyuk meros — iymonli qalb, go‘zal axloq va to‘g‘ri tarbiyadir.


Shu bois Luqmonning:


«Ey o‘g‘ilginam...» deb boshlangan nasihatlari har birimiz uchun hamon o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Ularni o‘qishgina emas, hayotimizga tatbiq etish biz uchun eng katta ibratdir. 
 

Humoyuddin Husniddin o‘g‘li, 

Masjidlar bilan ishlash bo‘limi

                 yetakchi mutaxassisi tarjimasi 


                                      

Maqolalar