Inson yashashi uchun ozgina narsa yesa kifoya. “Oshqozoningizning bir qismini ovqatga, ikkinchi qismini suvga, uchinchi qismini esa havoga taqsimlang” (hadis)
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning ushbu hadisi sharifini har bir musulmon yodda tutib, unga amal qilsa, o‘zining sog‘ligini mustahkamlaydi, umri uzayadi va har doim kayfiyati a’lo bo‘ladi. Shuningdek, inson zamonaviy xushbo‘y meva-sabzavotlardan yeb parhez qilib yursa ham ancha foydali bo‘ladi.
Ko‘plab tadqiqot o‘tkazgan olimlar kelgan xulosa shu bo‘ldiki, chuqur va to‘liq nafas olish oshqozon liq to‘la bo‘lmagan vaqtda xiyla oson bo‘lar ekan. Chuqur olinmagan nafas hayotning qisqarishiga sabab bo‘larkan.
Tanani uglekislo gazdan tozalash uchun qon o‘pkaga keladi. Ammo odamning nafas yo‘li keragicha ochiq bo‘lmasa (buning oqibatida kislorod o‘pkaga zaruriy miqdorda yetib kelmaydi ) jarayon sekinlashadi. Natijada qon hayotiy ehtiyoj bo‘lgan kislorod bilan keragicha ta’minlanmaydi va o‘sha holatida tanaga qaytadi. Bu esa inson tanasiga zarar yetishiga sabab bo‘ladi.
Bir daqiqa ichida biz 16 marta nafas olib, nafas chiqaramiz. Har nafas olganimizda tanamizga yarim litr havo kiradi. Demak, inson bir kecha-kunduzda 23 240 marta nafas olib, nafas chiqaradi. Buning natijasida tanamizga tarkibida kislorod bo‘lgan 11 620 litr havo kiradi.
Biroq to‘la-to‘kis nafas olish chuqur nafas olingandagina hosil bo‘ladi. Oshqozon hech narsa sig‘dirmaydigan darajada to‘la bo‘lsa, chuqur nafas olish imkoni bo‘lmaydi va tanamizda aylanayotgan qonni tozalash uchun zarur bo‘lgan kislorodning bir qismigina kira oladi, xolos. Oqibatda tanada turli kasalliklar paydo bo‘ladi.
Ayon bo‘layotirki, biz kasallikni o‘z pulimizga sotib olayotgan ekanmiz. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam buni juda ham aniq qilib tushuntirganlar: “Odam avlodlari uchun oshqozonini to‘ldirishdan-da xunukroq ish yo‘q”.
Shu o‘rinda mana bu ibratli voqea yodga tushadi. Allohning Rasulining huzuriga qimmatbaho sovg‘alar bilan bir malakali tabibni yuboradilar. Payg‘ambar alayhissalom tabibga hurmat-ehtirom ko‘rsatib uni ortiga qaytarib yuborar ekan, unga bunday deydilar: “Biz och qolmasdan turib ovqat yemaymiz, umuman, biz to‘yib ovqat yemaymiz, shuning uchun tabibga muhtoj bo‘lmaymiz”.
Damin JUMAQUL tayyorladi.
O‘MI Matubot xizmati
26 avgust kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforumning “Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma’naviy mazmun-mohiyati” mavzusidagi uchinchi yalpi sessiyasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.
Sessiya doirasida Qur’oni karim merosi, qadimiy qo‘lyozmalar, islom xattotligi, hujjatli kino hamda tarixiy manbalarni o‘rganishda sun’iy intellektdan foydalanishga bag‘ishlangan xalqaro loyihalar taqdim etildi.
Xususan, “114 Qur’on: islom olami xattotligining 114 durdonasi”, “Katta Langar Qur’oni: haqiqat va afsonalar”, “Allohning 99 ismi: Uning go‘zal ismlari orqali Yaratganni anglash”, “Sun’iy intellekt – qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti” loyihalari hamda “Yagona tarixiy meros sahifalari” loyihasi doirasida yaratilgan “Masjid” hujjatli filmi namoyish etildi.
Xalqaro muhokamalarda Islom hamkorlik tashkiloti, shuningdek, Jazoir, O‘mon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Iroq, Mali va O‘zbekistonning yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etib, islomofobiya va mavjud stereotiplarni bartaraf etishda medianing o‘rni haqida fikr almashdi.
Sessiya yakunida turli mamlakatlar va xattotlik maktablarining an’analarini birlashtiruvchi noyob Qur’oni karim nusxasini yaratish bo‘yicha Xattotlar umumjahon tanlovi e’lon qilindi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur xalqaro mediaforumning asosiy tadbirlari O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilib, unda qariyb 50 mamlakatdan media va ekspert hamjamiyatining 300 nafarga yaqin vakili — media kompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati