Odamlarning yaxshisi o‘z qalbida yaxshilikka yo‘l ochgani va yomonlikni hamda ochko‘zlikni haydab chiqarganidir.
Muhammad ZЕHNIY
Amerikalik mashhur sprot yulduzi yangi, cho‘g‘dek qip-qizil “yaguar” sotib oldi. Bir kuni mashinasiga yastanib o‘tirib olib, musiqani baland ovozda qo‘yib rohatlanib ketayotganda mashina oynasiga “chars” etib kichik tosh tegdi. U mashinani chetga olib qarasa, oynaga tosh tekkan joyda dog‘ga o‘xshagan iz qolibdi.
Mashinadan tushib tosh otgan bolaga: “Nima qilganing bu, ahmoq?! Bu mashina qancha turishini bilasanmi?! deb baqirdi
Bola qo‘rquvdan titrab: “Amakijon, meni kechiring. Bunday qilmoqchi emasdim. Nogiron akam aravachasidan yiqilib tushdi. Aravachaga ko‘tarib o‘tqazishga kuchim yetmadi. Bir necha soatdan beri shu yerda turibmiz. Ammo birorta mashina to‘xtamadi. Axiyri, shunday qilishga majbur bo‘ldim, meni kechiring”, dedi.
Sport yulduzi shunda uning sherigini ko‘rdi. U zax yerga o‘tirib olgan, yonida nogironlik aravachasi turardi. Ilk bor o‘zidan uyaldi. Yig‘layotgan bolaga yaqinlashib, boshini siladi, akasini ham yupatgan bo‘ldi. O‘zini aybdor his etib ularni manziliga eltib qo‘ydi. Bolalar xursand bo‘lganidan takror-takror rahmat aytishdi.
U bolalar bilan xayrlasharkan, mashinasining tosh tekkan joyini hech qachon ta’mirlatmaslikka qaror qildi. Chunki aynan ana shu kichik dog‘ unga har odim odamiylik masnadini eslatib turadi...
Shu voqeani o‘qidim-u xayolga cho‘mdim. Nega atrofdagilarga bu qadar befarq bo‘lib boryapmiz! Bir chimdim mehrni, yaxshilikni bir-birimizdan nega qizg‘anamiz, bunda nima ma’no bor?.. O‘sha sport yulduzi mashinasiga otilgan tosh tufayli buni anglab yetibdi. Biz-chi, biz qachon anglab yetamiz?! Yoki biz ham qimmatbaho mashina olaylig-u, unga ham tosh otsinlarmi!..
Anushervoni odil har yili navro‘z kuni quyuq ziyofat tashkil qilib xalqni da’vat qilardi. Bir yil navro‘z ziyofatiga kelganlar orasida ikkita o‘zga yurtlik mehmon bor. Ulardan biri baland ovozda quyidagi nazmni o‘qidi:
Yaxshiligim qaytsin desang sen,
Yaxshilik qil, yaxshi o‘y o‘yla.
Ikkinchisi esa quyidagi baytni o‘qidi:
Yomonligim qaytmasin desang,
Yomon bo‘lma, o‘y surma yomon.
Bu baytlar Anushervonga yoqib qoldi. U birinchi baytni o‘qiganga ming dirham, ikkinchi baytni o‘qiganga besh yuz dirham berishni buyurdi. A’yonlaridan biri bundan ajablanib Anushervondan: “Ey odil podshoh, ularning baytlari ma’nosi bir-ku, nega tuhfani ikki xil berdingiz?” deb so‘radi.
Anushervon: “Ifodada tavofut bor, birinchisining so‘zi yaxshilik haqida bo‘ldi, ikkinchisi esa yomonlikni eslatdi. Kimning yuragida yaxshilik bo‘lsa, doimo yaxshilikni zikr qiladi; kimning ko‘nglida yomon o‘ylar bo‘lsa, yomonlikdan gapiradi”, dedi.
Ajdodlarning ana shunday ulug‘vor xislatlarini qalbimizga mustahkam joylab, yoshlarimizga islomiy tarbiya xususiyatlarini tushuntirish, ularning qalbiga diniy bilimlarni yetkazish – har bir ota-ona, murabbiy, buva-buvilarning asosiy vazifasidir.
Muhammad Zehniy: “Jolinus vafot etganda uning cho‘ntagidan bir xat chiqdi. Unda quyidagi so‘zlar yozilgan edi: “Yaxshi odam ushbu dunyoni tark etsa-da, biroq u tirik hisoblanadi. Yomon odam tirik bo‘lsa-da, baribir, o‘liklar qatoridadir”, deb yozgan edi.
Nargiza ABDUG‘ANI qizi,
Xadichai kubro ayol-qizlar o‘rta maxsus
islom bilim yurti katta o‘qituvchisi
O‘MI Matbuot xizmati
Odatda har yili 31-dekabr sanasida shomdan keyin boshlangan paqildoq va salyutlar tovushi soat o'n ikkiga yaqin avjiga chiqib, tonggacha davom etadi. Ba‘zi insonlarning xursandchilik qilaman, degan niyatda solayotgan shovqinlari hammaga ham yoqmaydi.
Hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Bu ovozu shovqinlar qanchalab xonadonlarning tinchini buzar ekanaa?!. Ba'zi uylarda qon bosimi baland bo‘lgan qariyalar, og'riqdan ko'ngliga qil ham sig‘mayotgan bemorlar, kunu tun betob bo‘lib yotgan farzandining tepasida mijja qoqmay chiqayotgan onalar, shovqindan qo'rqib tinmay yig‘layotgan go‘daklar tong otishi, shovqin-suronlar to‘xtashiga intizor bo‘ladilar. Kishilar tinchini buzayotganlarni uyida ham yuqoridaga aytgan holatlar bo'lganda shu ishni qilisharmidi?
Dinimizda boshqalarga tili va qo‘li bilan ozor yetkazishdan qaytarilgan. Islomda insonlarni qo'rqitish zulm hisoblanadi. Hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Musulmon musulmonni qo'rqitishi halol bo‘lmaydi", deya marhamat qilganlar.
Yangi yil arafasida paqildoq va salyutlar narxi qancha qimmat bo'lishi hammamizga ma‘lum. Mana shu narsalarga pullarini isrof qilib, uni havoga uchirmay, ehson qilinsa, qanday ham yaxshi amal bo‘lardi.
Bularni nega yozayapmiz?! Iltimos, o'zingizning ozgina xursandchiligingizni, deb boshqalarga ozor bermang, bizni o‘z uyimizda tinch yashashga qo‘ying, o'zgalarga ozor berishni bas qiling!"
Joziba Jamol qizi,
Xadichai Kubro ayol-qizlar islom ta‘lim muassasasi o'qituvchisi