Davlat tuzilmasi va davlat chegaralari daxlsizligini ishonchli himoya qilish, inson huquqlari va erkinliklariga og‘ishmay rioya etish, jamiyatdagi millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik, tinchlik va osoyishtalik – demokratik huquqiy davlat qurishning hamda mamlakatni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning muhim shartlaridan hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati mamlakatning konstitutsiyaviy tuzumi, suvereniteti, hududiy yaxlitligi, iqtisodiy va mudofaa salohiyatini tashqi va ichki tahdidlardan himoya qilish tizimida alohida o‘rin tutadi.
Shu bilan birga, Milliy xavfsizlik xizmatining maqomi, vazifalari va vakolatlari doirasini aniq belgilab beruvchi qonun hujjati yaratilmay turib, unga milliy xavfsizlikni ta’minlashning barcha jihatlari yuklatilgani ushbu idoraning davlat organlari faoliyatining barcha sohalariga asossiz aralashuviga shart-sharoit yaratib berdi.
Mamlakatni rivojlantirishning hozirgi bosqichidagi ustuvor yo‘nalishlar, davlat va ijtimoiy hayotning barcha sohalarini isloh qilish borasidagi vazifalarni samarali amalga oshirish davlat xavfsizligini ta’minlashning sifat jihatdan yangi tizimini shakllantirishni taqozo etadi.
O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumi, suvereniteti, hududiy yaxlitligi va manfaatlarini tashqi va ichki tahdidlardan himoya qilish borasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi vazifalariga muvofiq:
1. O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati sifatida qayta tashkil etilsin.
Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmatining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha huquqiy voris hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumi, suvereniteti, hududiy yaxlitligi va manfaatlarini tashqi va ichki tahdidlardan himoya qiluvchi maxsus vakolatli organ etib belgilansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati (bundan buyon Xizmat deb yuritiladi) faoliyatini tashkil etishning ustuvor yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:
Xizmatning maxsus vakolatli davlat xavfsizlik organi sifatidagi huquqiy maqomi, vakolatlari va faoliyat yo‘nalishlarini aniq belgilab beruvchi mustahkam qonunchilik bazasini yaratish;
bugungi kundagi xavf-xatarlar va tahdidlarga qarshi kurashishning ta’sirchan shakl hamda uslublarini joriy etish;
yuzaga kelayotgan ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy vaziyatni inobatga olgan holda davlat xavfsizligini ta’minlash borasidagi vazifalarni bajarishda mavjud kuch hamda vositalardan samarali foydalanish imkonini beruvchi tashkiliy tuzilmani shakllantirish;
Xizmat faoliyatini davlat xavfsizligini ta’minlash ishlarining shakl va uslublari, shuningdek, Xizmat harbiy xizmatchilarining idoraviy mansubligi haqidagi ma’lumotlar oshkor bo‘lishini istisno etuvchi konspiratsiya tamoyili asosida tashkil etish;
fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga og‘ishmay rioya etilishini kafolatlaydigan ta’sirchan mexanizmlarni joriy qilish;
O‘zbekiston Respublikasining manfaatlarini munosib himoya qilishga qodir, har tomonlama yetuk va vatanparvar yoshlarni Xizmatga jalb etishga qaratilgan kadrlarni tanlash va tayyorlashning mutlaqo yangi tizimini yaratish;
mehnatga munosib haq to‘lash, uy-joy va maishiy shart-sharoitlarni yaxshilash, sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish orqali Xizmat harbiy xizmatchilarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish.
3. Xizmatning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:
O‘zbekiston Respublikasining davlat xavfsizligi va manfaatlarini tashqi va ichki tahdidlardan himoya qilishni ta’minlash, mazkur sohada qonuniylik va qonun ustuvorligini mustahkamlash, huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni aniqlash va ularga barham berish;
O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumi, suvereniteti va hududiy yaxlitligiga tajovuzlarning oldini olish, ularni aniqlash hamda ularga barham berish bo‘yicha razvedka va kontrrazvedka faoliyatini amalga oshirish;
O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegaralarini qo‘riqlash va himoya qilish;
O‘zbekiston Respublikasining Qurolli Kuchlari va mudofaa-sanoat majmuasini davlat xavfsizligiga xavf-xatarlar hamda tahdidlardan himoya qilish, mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash bo‘yicha strategik tashabbuslarni amalga oshirishda ishtirok etish;
terrorizm, ekstremizm, uyushgan jinoyatchilikka, qurol-yarog‘, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish;
davlat manfaatlari va xavfsizligiga tahdid soluvchi milliy, irqiy va diniy adovatni targ‘ib etishga qaratilgan buzg‘unchilik faoliyatining oldini olish, uni aniqlash va unga barham berish;
iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy va axborot sohalarida davlat xavfsizligini ta’minlash, O‘zbekiston Respublikasi xalqining tarixiy-madaniy va boy ma’naviy merosini himoya qilish;
davlat organlari va boshqa tashkilotlarda davlat manfaatlari va xavfsizligiga tahdid soluvchi korrupsiya holatlariga qarshi kurashish;
telekommunikatsiya va transport sohasida davlat xavfsizligini ta’minlash, favqulodda holatlarni yuzaga keltiruvchi omillarning oldini olish, aniqlash va ularga barham berish;
Xizmat tergov qilish vakolatiga kiruvchi jinoyat ishlari bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv va dastlabki tergov olib borish va tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirish;
davlat organlari va boshqa tashkilotlarda davlat sirlari saqlanishi, maxsus aloqa xavfsizligining ta’minlanishi hamda axborotlarni kriptografik himoya qilishni tashkil etish ustidan nazoratni amalga oshirish;
davlat manfaatlari va xavfsizligiga tahdid soluvchi huquqbuzarliklar sodir etilishiga imkon beradigan sabab va shart-sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etish;
Xizmatning jangovar va safarbarlik tayyorgarligi holatini takomillashtirish va saqlab turish, kuch va vositalarni favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan hamda harbiy holat joriy qilingandagi harakatlarga tayyorlash.
4. 2018 yil 1 apreldan quyidagi funksiyalar:
O‘zbekiston Respublikasining o‘ta muhim va toifalangan obyektlarida qo‘riqlashning texnik vositalarini loyihalash, montaj qilish, sozlash, ta’mirlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ishlarni bajarishga ruxsat berish – O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga;
rejimli mudofaa obyektlarini loyihalash, qurish, ulardan foydalanish va ularni ta’mirlash uchun litsenziya talabgorlariga ruxsat etilganligi haqida ma’lumotnoma berish – O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga o‘tkazilsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 22 yanvardagi
PF–5308-son “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Milliy xavfsizlik xizmati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi ishlab chiqilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga mazkur Farmon qoidalaridan kelib chiqqan holda qonun loyihasini qayta ishlash tavsiya etilsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Xizmat bilan birgalikda bir oy muddatda 2018-2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchilari uchun arzon uy-joylarni qurish dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining bayrog‘i va emblemasi namunalari 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilansinki, bayroq va emblemadan foydalanish tartibi Xizmat raisi tomonidan tasdiqlanadi.
8. Xizmat ikki oy muddatda:
Xizmat faoliyatini tashkil etish;
Xizmatning ta’lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasini qo‘riqlash tizimining samaradorligini oshirishni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari loyihalarini kiritsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Xizmat va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V.Maxmudov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOЕV
Toshkent shahri, 2018 yil 14 mart
O‘tgan 2024 yili O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi rahbariyatining Qatar davlatining O‘zbekistondagi elchixonasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida xayriya yo‘nalishidagi bir qancha masalalar yuzasidan muzokaralar bo‘lib o‘tgan edi. Xususan, Qatar davlatining favqulodda va muxtor elchisi kam ta’minlangan oilalarga yordam ajratish, imkoniyati cheklangan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun kasb va bilimga o‘rgatish kurslarini tashkil etish, zaruriy jihoz-uskunalar (eshitish moslamalari, nogironlik aravachalari, qo‘ltiqtayoq va protez ortopediya-mahsulotlari) bilan ta’minlash kabi bir qancha yo‘nalishlar doirasida fond bilan hamkorlik qilish istagini bildirgan edi.
Kecha ana shu muzokaralar natijasi o‘laroq, Qatar davlati mablag‘lari hisobiga xarid qilingan yuzdan oshiq nogironlik aravachalari va 80 ga yaqin qo‘ltiqtayoqlar “Vaqf” xayriya jamoat fondiga olib kelindi. Nogironligi bo‘lgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash aksiyasi doirasida keltirilgan mazkur jihozlarni topshirish jarayonida Qatar davlatining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Fahad Ali al-Hammadiy ishtirok etib, fond bilan hamkorlikdan minnatdor ekanligini, o‘zgalar parvarishiga muhtoj insonlarga oz bo‘lsada yordam berayotganidan xursandligini bildirdi.
O‘z navbatida “Vaqf” xayriya jamoat fondi boshqaruvi rahbari Isoxon Abdullayev Qatar elchixonasi vakiliga minnatdorlik bildirib, bu hamkorlik har ikki tomon uchun ham xayrli bo‘layotganini, bu jihozlardan ko‘plab insonlarning mushkuli oson bo‘lishini ta’kidlab o‘tdi.
O‘zaro muloqot davomida ikki tomon ham bu kabi xayrli tashabbuslarni yanada ko‘paytirishni maqsad qilishdi.