Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2025   |   9 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:15
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2025, 9 Rajab, 1446

Qozog‘istonda “O‘zbekiston yili” nishonlanadi

15.03.2018   4109   4 min.
Qozog‘istonda “O‘zbekiston yili” nishonlanadi

O‘zbek va qozoq xalqi bir ildizdan suv ichgan xalq. Azaldan O‘zbekiston zamini qozoq xalqi uchun ilmu ma’rifat manbai, ma’naviy tayanch maskani bo‘lib kelgan. Qozoq zaminida mangu qo‘nim topgan buyuk Turkiston piri Ahmad Yassaviy hazratlari Buxoroi sharifda, Xoja Yusuf Hamadoniy dargohida ta’lim olgan.

Buyuk qozoq ma’rifatparvari Abay Qo‘nonboyevning o‘zbek xalqiga hurmati nihoyatda baland bo‘lgan. U millatimizga bo‘lgan cheksiz hurmatini “O‘zbeklar haqida maqola”sida quyidagicha izhor qilgan: “Hozirda ko‘rmoqdamanki, o‘zbek dehqoni yetishtirmagan o‘simlikning o‘zi yo‘q, o‘zbek savdogari qadami yetmagan joy yo‘q, ular yasamagan buyum yo‘q. Ahillikda yashashadi, adovat qo‘zg‘ashmaydi. Rus savdogarlari yo‘qligida qozoqlarga kiyim-kechak va marhumlariga kafan keltirib berishdi... Ruslar zamoniga kelib esa yangiliklarni boshqalardan oldinroq o‘zlashtirishmoqda. Taniqli boylari, bilimdon mullalari, hunarmandchilik va mo‘l-ko‘llik deysizmi, boadablik deysizmi – hammasi ularda bor..."

Ko‘hna tarix qa’rini titkilayversangiz o‘zbek va qozoq xalqining har jihatdan bir-biriga ko‘makchi va ishonchli yo‘ldosh bo‘lib kelganiga doir misollar juda ham ko‘p topiladi.

Bugun esa ajoyib zamon. O‘zbekiston ham, Qozog‘iston ham  barqaror taraqqiyot yo‘liga tushib olib jadallik bilan odimlab borayotir. bugun ikki davlat orasida integratsiyalashuv,  savdo aloqalari, ta’lim, tibbiyot, fan va madaniyat, qishloq xo‘jaligi, sanoat, sport, yoshlar o‘rtasidagi muloqotlar va boshqa sohalardagi hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish ikki mamlakat rivoji, ikki millat ravnaqiga xizmat qiladi.

Bugun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning taklifiga binoan amaliy tashrif bilan Ostonaga boradi.

Tashrif doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining keng ko‘lamli kun tartibiga ega birinchi maslahat uchrashuvida ishtirok etadi. Ushbu uchrashuvni o‘tkazish taklifini Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasining 2017 yil sentyabr oyida o‘tgan 72-sessiyasida ilgari sur  gan hamda Samarqand shahrida bo‘lgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik” mavzusidagi xalqaro konferensiyada yaxlit dastur darajasigacha rivojlantirilgan edi.

O‘zbekistonning ushbu tashabbusini mintaqadagi barcha mamlakatlar qo‘llab-quvvatlab, Qozog‘iston oliy darajadagi birinchi uchrashuvni Ostonada o‘tkazish istagini bildirgan edi.

Ma’lumingizki, 2018 yil Qozog‘istonda “O‘zbekiston yili” deb e’lon qilindi.  Davlatimiz rahbari Qozog‘istonda O‘zbekiston yilining rasmiy ochilish marosimida ishtirok etadi.

Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan uchrashuvi ham rejalashtirilgan.

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qo‘nonboyev ijodiy merosini keng o‘rganish va targ‘ib qilish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Buyuk ma’rifatparvar shoir va mutafakkir, ezgulik va do‘stlik kuychisi Abay Qo‘nonboyevning sharafli nomi va boy ijodiy merosi nafaqat qozoq xalqi, ayni paytda, butun turkiy xalqlar, jumladan, o‘zbek xalqining ham qalbida bezavol yashab kelmoqda, degan so‘zlar boshlangan qaror besh banddan tarkib topgan.

Unda Abay Qo‘nonboyevning umuminsoniy qadriyatlar va mehr-oqibat tuyg‘ulari yuksak pardalarda tarannum etilgan yetuk badiiy asarlari, ibratli hayoti va ijtimoiy faoliyati bilan xalqlarimiz madaniyati rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini inobatga olib hamda o‘zaro madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish, el-yurtimizni qozoq adabiyotining ulug‘ namoyandalari ijodi bilan keng tanishtirish maqsad qilingan.

Qozog‘istonda O‘zbekiston yili e’lon qilinishi, O‘zbekistonda buyuk qozoq shoirining ijodiy merosini o‘rganish va uni keng targ‘ib qilish to‘g‘risida davlat rahbarining qarori qabul qilinishi ikki xalqning qalbini yanada yaqinlashtiradi, xayrixohligini yanada oshiradi, qardoshlik aloqalarini mustahkamlaydi. Bundan esa barcha insonlar manfaatdor bo‘ladi, inshoalloh!

O‘MI Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Nomai a’mol berilishi haqidagi e’tiqodimiz

9.01.2025   2034   8 min.
Nomai a’mol berilishi haqidagi e’tiqodimiz

 - 56وَتُعْطَى الْكُتْبُ بَعْضًا نَحْوَ يُمْنَى وَبَعْضًا نَحْوَ ظَهْرٍ وَالشِّمَالِ

Ma’nolar tarjimasi: Nomai a’mollar ba’zilarga o‘ng tomondan beriladi, ba’zilarga orqa va chap tomondan (beriladi).

Nazmiy bayoni:

Ayrimlarga nomalar kelar o‘ng qo‘ldan
Ba’zilarga berilar orqa va so‘ldan.

Lug‘atlar izohi:

تُعْطَى – ikki maf’ulli fe’l.

الْكُتْبُ – noib foil, birinchi maf’ul. كُتْبُ kalimasi كِتَابٌ ning ko‘pligi bo‘lib, aslida, كُتُبٌ dir. Bu yerda nazm zaruratiga ko‘ra كُتْبُ qilib keltirilgan.

بَعْضًا – ikkinchi maf’ul.

نَحْوَ – nahv kalimasining bir qancha ma’nolari bo‘lib, bu yerda “tomon” ma’nosida kelgan. Zarflikka ko‘ra nasb bo‘lib turibdi. Quyidagi baytlarda نَحْو kalimasining besh xil ma’nosi bayon qilingan: 1. “qasd”; 2. “jihat”; 3. “miqdor”; 4. “misl”; 5. “qism”.

نَحَوْنَا نَحْوَ دَارِكَ يَا حَبِيبِي

لَقِينَا نَحْوَ أَلْفٍ مِنْ رَقِيبِ

وَجَدْنَاهُمْ جِيَاعاً نَحْوَ كَلْبٍ

تَمَنَّوْا مِنْكَ نَحْوًا مِنْ شَرِيبِ

Ey do‘stim, yo‘l oldik hovlinga tomon,

Yo‘liqdik ming qadar raqibga hamon.

Ularning it misol ochligin bildik,

Biror qism yutiming kutishar har on.

يُمْنَى – “o‘ng” ma’nosida bo‘lib, taraf va a’zoga nisbatan ishlatiladi.

وَبَعْضًا – oldin o‘tgan بَعْضًا ga atf qilingan.

ظَهْر – orqa taraf ma’nosini bildiradi. Masalan, ظَهْرُ الاِنْسَان deganda inson yelkasi ortidan beligacha bo‘lgan qismi tushuniladi.

الشِّمَالِ – chap taraf ma’nosini anglatadi.


Matn sharhi:

Qiyomat kunida hamma mahshar maydoniga to‘planadi. Barchaga bu dunyoda qilgan ishlari yozib qo‘yilgan kitob – nomai a’mol tarqatiladi. Ushbu nomai a’mollar insonlarning hayotlari davomida qilgan barcha hatti-harakatlari davomida yozilgan bo‘ladi. Bu haqida Qur’oni karimda shunday xabar berilgan:

“Holbuki, sizlarning ustingizda (barcha so‘zingiz va ishingizni) yodlab turuvchi (farishtalar) bor. (Ular nomai a’molga) yozuvchi ulug‘ zotlardir. (Ular) siz qilayotgan ishlarni bilurlar”[1].

Ya’ni insonlarning qilayotgan amallarini kuzatib, yozib turuvchi farishtalar bor. Ular Alloh taolo huzurida eng hurmatli farishtalar bo‘lib, insonlarning talaffuz qilgan barcha so‘zlarini va qilgan barcha amallarini yozib turadilar. Qurtubiy ushbu oyat haqida: “Ustilaringizda kuzatib turuvchi farishtalar bordir” ma’nosini anglatadi, – degan. Ushbu hurmatli farishtalar insonlar tarafidan sodir bo‘lgan barcha yaxshiyu yomon ishlarni bilib turadilar hamda qiyomat kunida qilmishlariga yarasha jazo yo mukofot olishlari uchun nomai a’mollariga yozib turadilar.

Qiyomat kunida farishtalar barcha insonlarni bir joyga to‘plaganlaridan so‘ng har biri bilan alohida hisob-kitob boshlanadi. Hisob-kitobdan oldin ularga bu dunyoda qilgan barcha ishlari yozib qo‘yilgan nomai a’mollari beriladi. Ashaddiy kofirlarga nomai a’mollari orqa tomondan beriladi va ular uni chap qo‘llari bilan oladilar. Ba’zi kofirlarga chap tomondan beriladi.

Taqvodor mo‘minlarga o‘ng tomondan beriladi. Tavba qilishga ulgurmasdan o‘lgan fosiq mo‘minga nomai a’moli qaysi tarafdan berilishi haqida ulamolar ikki xil qarashda bo‘lganlar:

– O‘ng tarafdan beriladi;

– Bu haqida gapirmaslikni afzal ko‘rishgan.

O‘ng tarafdan beriladi, deganlar ham qachon berilishi haqida o‘zaro ikki xil gapni aytganlar:

1. Do‘zaxga kirishidan oldin beriladi va bu uning do‘zaxda abadiy qolmasligi alomati bo‘ladi;

2. Do‘zaxdan chiqqandan keyin beriladi.

Nomai a’mollari o‘ng taraflaridan berilganlar osongina hisob kitobdan so‘ng jannatdagi ahllari oldiga xursand holda qaytadilar:

“Bas, kimning nomai a’moli (qiyomat kuni) o‘ng tomonidan berilsa, bas, u oson hisob bilan hisob-kitob qilinajak va (jannnatga tushgan) o‘z ahli (oilasi)ga shodu xurram holda qaytajak”[2].

So‘fi Ollohyor bobomiz ushbu masala to‘g‘risida qanday e’tiqodda bo‘lish lozimligi haqida bunday yozgan:

Bilur garchi jami’i holimizni,

Yuborur nomayi a’molimizni.

* * *

Yuborsa nomani rahmat yo‘lidin,

Kelur noma u qulni o‘ng qo‘lidin.

* * *

Qizil yuzlik bo‘lub ul ham sarafroz

Suyunganidin qilur ul banda ovoz.

* * *

O‘qung nomamni ey turg‘on xaloyiq

Kelubdur noma ixlosimg‘a loyiq.

Ya’ni Alloh taologa barcha holatlarimiz ma’lum bo‘lsa-da, amallarimiz yozilgan sahifalarni yuboradi. U zotning buyruqlarini bajarib, rahmatiga sazovor bo‘lganlarga amallari yozilgan sahifalarni o‘ng tarafidan yuboradi.

Bunday baxtli insonlar kitoblari o‘ng tomondan berilishi bilanoq o‘zlarining abadiy baxt-saodatga erishganlarini biladilar va mislsiz xursandchilikdan quvonch ko‘z-yoshlari bilan entikishib:“Mana, mening kitobimni o‘qib ko‘ringlar! Albatta, men hisob-kitobimga yo‘liqishimga ishonardim”, – deydilar:

“Bas, o‘z kitobi (nomai a’moli) o‘ng tomonidan berilgan kishi aytur: “Mana, mening kitobimni o‘qingiz! Darhaqiqat, men hisobotimga ro‘baro‘ bo‘lishimni bilar edim”, – der”[3].

Ammo kimki Allohga iymon keltirmay, Uning buyruqlarini bajarmasdan o‘ziga berilgan fursatni faqat ayshu ishratda yashashga erishish, go‘yo dunyo lazzatlarining oxirigacha yetish yo‘lida sarf qilib yuborgan bo‘lsa, unga kitobi orqa tarafidan beriladi. Kitobi orqa tarafidan berilganlar qizib turgan do‘zaxga kiradilar:

“Ammo kimning nomai a’moli orqa tomonidan berilsa, bas, (o‘ziga) o‘lim tilab qolajak va do‘zaxda kuyajak”[4].

Ba’zilarga kitobi chap tarafidan beriladi. Bunday kimsalar kitobi chap tarafdan berilganning o‘zidayoq sharmanda bo‘lganlarini biladilar. Oldindagi dahshatli azob-uqubatlarni his etganlaridan titrab-qaqshab: “Voy sho‘rim, koshki menga kitobim berilmasa edi”, – deb qoladilar.

“Endi, kitobi chap tomonidan berilgan kimsa esa der: “Eh, qaniydi, menga kitobim berilmasa va hisob-kitobim qanday bo‘lishini bilmasam! Eh, qaniydi, o‘sha (birinchi o‘limim hamma ishni) yakunlovchi bo‘lsa! Menga mol-mulkim ham asqotmadi. Saltanatim ham halok bo‘lib mendan ketdi”[5].

Xulosa qilib aytganda, barchaning qilgan qilmishlari va holatlari ma’lum bo‘lsa-da, Alloh taolo ularga nomai a’mollarining ham berilishini iroda qilgan. Ushbu nomai a’mollarning qanday berilishining o‘zidayoq yaxshi amal qilganlarni taqdirlash ko‘rinishi bor.


Keyingi mavzu:
Amallarning o‘lchanishi va sirot haqidagi e’tiqodimiz

 

[1] Infitor surasi, 10, 12-oyatlar.
[2] Inshiqoq surasi, 7, 9-oyatlar.
[3] Al-Haqqoh surasi, 19, 20-oyatlar.
[4] Inshiqoq surasi, 10, 12-oyatlar.
[5] Al-Haqqoh surasi, 25, 29-oyatlar.