Shayx Mutavalli Sha'roviy rahimahulloh masjidda odamlarga dars o'tib beribdilar, dars asnosida hamma u kishini olqishlabdi, natijada o'zlarida kibrni va ujubni sezibdilar.
Dars tugagach haydovchilari mashinani uylari tomon haydabdi. Yo'lda bir masjidni ko'rib, haydovchilariga “Shu erda to'xtat”, debdilar.
Haydovchi: “Shayx janoblari, hali namoz vaqti bo'lmadi-ku”, debdi.
Shayx masjidga kirib, tahoratxonani yaxshilab tozalab chiqibdilar. Keyin mashinaga qaytganlarida haydovchilari: “Nega bunday qildingiz”, deb so'rabdi.
Shunda Shayx Sha'roviy: “Men o'zimdan g'ururlanib qoldim, shu sabab uni xorlab qo'ygim keldi!” degan ekanlar.
Biror ishda muvaffaqiyat qozonsangiz, oshig'ingiz olcha bo'lsa, g'urur qalbingizga sizib kirishiga qo'yib bermang!
Zero Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Alloh menga kamtar bo'lishingizni vahiy qildi, toki hech kim boshqalar ustidan faxrlanmasin, katta ketmasin va zulm qilib qo'ymasin” (Imom Muslim rivoyati).
Alloh taolo Qur'oni karimda bunday marhamat qiladi: “O'zingizni poklamangiz (oqlamangiz), U taqvodorlarni juda yaxshi biladi”(Najm surasi, 32-oyat).
Tog'ning cho'qqisiga yaqinlashganingizda ehtiyot bo'ling, g'ururga berilib to'g'ri yo'lingizdan adashib, tog'dan qulab tushmang! Qiyalikda turgan odamlarni past ko'rmang, axir Alloh taolo oyati karimada aytgan-ku: “Odamlardan takabburla yuz o'girma va er yuzida kibr-havo ila yurma. Albatta, Alloh hech bir mutakabbir va maqtanchoqni sevmas”.(Luqmon surasi, 18-oyat).
Mag'rur odam borliqning boshqaruvchisini unutib qo'yadi, Alloh azza va jalla yordam va tavfiq egasi ekanini yodidan chiqaradi. Bajarayotgan ishlari aslida Alloh xohlagani uchun bo'lganini, agar xohlasa undan hamma ne'matlarini olib qo'yishga ham qodir ekanini, lekin rahm qilib muhlat berayotganini mutlaqo unutib qo'yadi.
Hurmatli otalar, shu o'rinda bir narsani sizga eslatib o'tmoqchimiz. Farzandlaringizning odobi, salohiyati sizning ilmingiz va chiroyli tarbiya etishingiz bilan hosil bo'lib qolmaydi. Ularning solih inson bo'lib etishishi Allohning fazlidan o'zga narsa emas! Shunday ekan, qalbingiz bilan olamlar Robbi Allohga yuzlaning. Allohdan farzandlaringizni isloh qilishini, ularga go'zal tarbiya berishini so'rab duo qiling! “Ey iymon keltirganlar, o'zingiz va ahlingizni do'zaxdan saqlangiz”(Tahrim surasi, 6-oyat).
Umar ibn Abdulaziz rahimahulloh aytadi: “Odob otalarning qo'lida, farzandning solih bo'lishi esa Allohning qo'lida”.
Hurmatli ayollar! Eringiz sizni yaxshi ko'rishi, qalbi sizga bog'lanishi – faqatgina go'zalligingiz, u bilan muomala qilish mahoratingiz orqali bo'ladi deb o'ylamang! Eringizning qalbi Allohning qo'lida, xohlasa uni sizga beradi, xohlasa sizdan burib yuboradi. Shundoq ekan, qalbingizni qalblar Podshohi – Allohga bog'lang va Undan istagan kishingizning qalbini so'rang!
Aziz yoshlar! To'g'ri yo'lda yurishingiz Allohning metin arqonini mahkam tutishingiz shaxsiy yutuqlaringizdan biri deb o'ylamang, aslida hidoyatda bo'lishingiz, unda sobit turishingiz Alloh taloning rahmatidir! Agar xohlasa sizni ketma-ket fitnalarga giriftor etgan bo'lardi. Alloh taolo Payg'ambarimiz alayhissalomga nido qilib: “Agar Biz seni sobit qilmaganimizda, batahqiq, ularga biroz bo'lsa-da, moyil bo'lishingga oz qolar edi”, deya marhamat qildi va hidoyatida sobit qilish hatto ikki olam sarvari Muhammad sollallohu alayhi vasallam haqlarida ham faqat O'zi tomonidan bo'lishini o'rgatdi.
Alloh sizga tashqi yoki ichki biror ne'mat bersa, Unga muhtoj ekaningizni izhor eting, Unga qalbingiz va tilingiz ila hamd ayting, tana a'zolaringiz bilan shukrini ado eting. Alloh taolo aytadi: “Va Robbingiz sizga: «Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilurman. Agar kufr keltirsangiz, albatta, azobim shiddatlidir», deb bildirganini eslang”(Ibrohim surasi, 7-oyat).
“Menga u faqat o'zimdagi ilm tufayligina berilgandir”(Qasas surasi, 78-oyat) deyishdan ehtiyot bo'ling! Bu gapni Qorun aytgan edi, natijasi mana bunday bo'ldi: “Bas, Biz uni va uning hovli-joyini erga yutdirdik”(Qasas surasi 81-oyat).
G'ururlanishdan hazir bo'ling, Robbingiz oldida kamtarlik qiling, Unga xorligingizni, muhtojligingizni izhor eting!
Doktor Hasson Shamsi Poshoning "Metin qoyalar" kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.
Payariq tumanida viloyat hokimligi hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakilligi tashabbusi bilan shahar va tuman imom-xatiblari, iqtidorli imomlar hamda 65 nafar hojilar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda xalq bilan, keng jamoatchilik bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va yuzaga kelayotgan muammolarni hal etish yuzasidan fikrlar bildirildi. Bu bo‘yicha qilinishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.
Tadbir davomida yig‘ilish qatnashchilari hududdagi ijtimoiy ahvoli og‘ir, bemor va nogironligi bor oilalar yashaydigan xonadonlarga borishdi. Ularni qiynayotgan muammolar o‘rganildi. “Vaqf” xayriya jamoat fondining Samarqand viloyati filiali tomonidan 50 ta nogironi bor ana shunday oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.
Shuningdek, viloyatda diniy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish yo‘lida faol ishtirok etib kelayogan besh nafar amaliyotchi moddiy jihatdan rag‘batlantirildi.
Vaqf.uz