Kecha, 13 mart kuni Toshkent shahriga Dehli shahri Jome masjidining bosh imomi, Hindistondagi Naqshbandiya tariqatining namoyandalaridan biri Said Ahmad Buxoriy rahbarligidagi diniy delegatsiya tashrif buyurgani haqida xabar bergan edik.
Bugun, 14 mart kuni hindistonlik mehmonlar Samarqand shahriga yetib bordilar. Ularni Samarqand viloyat vakilligi mutasaddilari kutib olib, rasmiy muzokaralar olib bordilar.
Mehmonlar yurtimizda islom dini rivoji yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishish, tabarruk qadamjolarni ziyorat etish, qadimiy obidalar, tarixiy yodgorliklarni ko‘zdan kechirishni maqsad qilganlar.
Delegatsiya a’zolari dastlab O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universitetida bo‘lib, bu yerda o‘qituvchi va talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Mamlakatimizda inson manfaatlari hamda erkinliklarini ta’minlashga, milliy va diniy qadriyatlarni yanada yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, yo‘lga qo‘yilgan diniy ta’lim tizimi zamonaviy talablarga javob beradi. Toshkent islom universitetida yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikrlovchi, diniy bag‘rikenglik tamoyillari asosida tarbiyalangan mutaxassislar yetishib chiqmoqda.
Ayni paytda mazkur o‘quv dargohida diniy hamda dunyoviy fanlar o‘zaro uyg‘unlikda o‘rganilib, ilmiy tadqiqotlar olib borilayotir. Jumladan, universitet qoshida ta’sis etilgan Islomshunoslik ilmiy-tadqiqot markazi Qur’oni karim va hadislarning diniy aqidaparastlik hamda mutaassiblikka qarshi kurashdagi o‘rnini ochib berish, islom madaniyatining umuminsoniy madaniyat rivojiga qo‘shgan hissasini tizimli o‘rganish va boshqa yo‘nalishlarda samarali faoliyat yuritmoqda.
— Qutlug‘ zaminingizga qadam qo‘yishimiz bilan qalbimizni cheksiz quvonch, surur egallab oldi, — deydi Said Ahmad Buxoriy janoblari. — Zero, bu tuproq ne-ne muborak zotlarni kamolga yetkazgan. Ularning qilgan ishlari, ilmu amalidan taralgan yog‘du bugun ham insonlar qalbini yoritib, yurtingizda ezgulik sog‘inib yashash, mehr-oqibat, bag‘rikenglik muhitini mustahkamlab turibdi.
O‘zbekistonda islom dinini yanada rivojlantirishga yo‘naltirilgan ishlar tahsinga loyiq. Samarqandda Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi, Islom akademiyasi faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi dunyo ahli e’tiborini yana bir bor mamlakatingizga qaratdi. O‘zbekistonda “Jaholatga qarshi ma’rifat” tamoyili asosida olib borilayotgan ishlar, ilmning hamma uchun ochiqligi ta’minlanayotgani bugun tobora dolzarblashib borayotgan din masalasidagi jaholatga barham berishda muhim ahamiyatga ega.
O‘zbekiston rahbarining BMT Bosh Assambleyasining Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan 72-sessiyasida so‘zlagan nutqi butun dunyoda, jumladan, Hindistonda katta qiziqish bilan kutib olindi. Prezidentingiz islom dini ezgulik hamda tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etishini alohida ta’kidladi. O‘z navbatida, muhim takliflarni o‘rtaga tashladi. Xususan, Shavkat Mirziyoyevning BMTning “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusi butun islom olamida quvonch, g‘urur-iftixor uyg‘otdi. Bu takliflar hozirgi murakkab davr uchun g‘oyat dolzarb ahamiyatga ega. Ekstremizm, radikalizmga qarshi kurashishda islomning asl manbalari — Imom Buxoriy, Hakim at-Termiziy hadislari, Nasafiy tafsirlariga murojaat qilish kerak. O‘ylaymanki, islom madaniyatini tushunmoqchi bo‘lganlar, albatta, O‘zbekistonga kelishlari zarur. Bu ham ilm, ham ziyorat bo‘lar edi.
O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlar, ziyorat turizmini qo‘llab-quvvatlash hamda rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, yurtingizdagi tabarruk manzillarda sayyohlar uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar bu borada muhim o‘rin tutadi.
Tadbir davomida mehmonlar Toshkent islom universitetida saqlanayotgan xalifa Usmon Mus'hafi nusxasi, Burhoniddin Marg‘inoniy o‘z qo‘li bilan yozgan “Al-Hidoya” asari, ta’lim dargohida olib borilayotgan ilmiy izlanishlar bilan tanishtirildi.
O‘MI Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin Eshonqulov Toshkent islom instituti talaba- yoshlari bilan muloqot o‘tkazdi. Uchrashuvni institut rektori Uyg‘un G‘afurov ochib, mazkur tadbirning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Bu kabi muloqotlar barcha diniy ta’lim muassalarida tashkil etilib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari raisligida o‘tgan Ulamolar Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgani ta’kidlab o‘tildi.
Tadbirda Zayniddin Eshonqulov yoshlarga o‘zining hayotiy, ilmiy va kasbiy tajribalarini so‘zlab berdi. Ma’ruzada Diniy idora tizimidagi tashkilotlar va ta’lim muassasalarida amalga oshirilayotgan islohotlar, faoliyat yo‘nalishlari va kelgusidagi rejalar haqida ma’lumot berdi.
Zayniddin domla diniy-ma’rifiy faoliyatda ilm va ma’rifatning o‘rni, kadrlarning vatanparvarlik va axloqiy tarbiyasi va turli yot g‘oyalardan ma’naviy immunitetning shakllangani haqida o‘z fikr va tavsiyalarini bildirdi.
Notiq o‘z so‘zi davomida talaba-yoshlarni sabr-toqat va qat’iy intizom bilan ilm olishga da’vat etdi. Shuningdek, ixlosli bo‘lish va ustozlarni ehtirom qilish muvaffaqiyat kaliti ekanini ta’kidladi.
Yetuk imom-xatib bo‘lish uchun doimiy ravishda o‘zi ustida ishlash hamda bilim va tajribalarini oshirib borishi lozimligi haqida qimmatli maslahatlar berdi.
Ana shunday tadbirlar yoshlarning ilm olishi va kelgusidagi kasbiy faoliyatini muvaffaqiyatli amalga oshirishiga xizmat qiladi, rahbar xodimlar esa ular uchun hayotiy namuna bo‘ladi, inshoalloh.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati