Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Yanvar, 2025   |   14 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:47
Peshin
12:37
Asr
15:36
Shom
17:21
Xufton
18:39
Bismillah
14 Yanvar, 2025, 14 Rajab, 1446

Go‘zallik – mutanosiblikdir

14.03.2018   6863   5 min.
Go‘zallik – mutanosiblikdir

Dinimiz – go‘zallik dini. Shu boisdan shariatimiz go‘zallikni ulug‘laydi va bandaning barcha narsasi – so‘zlagan so‘zi, bajargan amali, kiygan kiyimi... hamma-hammasi  o‘ziga munosib ravishda unga ziynat bo‘lishiga targ‘ib etadi.

عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ مَسْعُودٍ عَنِ النَّبِىِّ صلى الله عليه وسلم قَالَ: «… إِنَّ اللَّهَ جَمِيلٌ يُحِبُّ الْجَمَالَ …»

(رواه مسلم)

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «… Alloh go‘zaldir, go‘zallikni yaxshi ko‘radi…» dedilar (Muslim rivoyati).

Ayniqsa, insonning axloqiy va estetik jihatlarning uyg‘unlashuvi dinimizning asosiy talablaridan biri sanaladi. Buni Jaloliddin Rumiy hazratlari “Yo asling kabi ko‘ringil, yo ko‘ringaning kabi bo‘l”, deya juda ham chiroyli tushuntirgan.

Rus donishmandlaridan biri aytgan edi: “Insonda hamma narsa go‘zal bo‘lishi kerak – qiyofasi, kiyimi, qalbi va tafakkuri” Ushbu fraza bugungi kunimizda ham dolzarbligini yo‘qotmagan. Boz ustiga uning to‘liq bayoni Islomda o‘z ifodasini topgan. Qur’oni karimda insonga o‘ziga qarab yurish, gunohga boshlovchi xayollarga berilmaslik, qalbini zikrulloh bilan poklab yurish, tanasini va kiyimlarini ham ozoda qilib yurish amr etilgan. Yuqorida aytganimizdek, hadisi sharifda “Alloh go‘zaldir, U go‘zallikni sevadi”, deb marhamat qilingan.

Biroq ayrim insonlarda bu ikkisi – zohiridagi va botinidagi go‘zalligi bir-biriga muvofiq emas. Ulardan biri ruhining go‘zalligiga oro berib, tashqi qiyofasiga e’tibor qilmaydi, boshqasi esa buning aksini qilib tanasini bezaydi va qalbini unutadi.

Unutmaslik kerakki, inson go‘zalligini belgilaydigan ana shu ikki omilning tabiati  har xil bo‘ladi. Hatto bir-biriga qarama-qarshi kelishi ham mumkin. Chunki ularning har birining o‘ziga xos qiymati va noyob xususiyati bor. Agar botiniy go‘zallik insonning ma’naviyatini boyitib, axloqini yuksaltirib, vazminlikka, sabr-toqatga o‘rgatsa;  musulmon kishining tashqi ko‘rinishi jussasiga yarashagan pokiza kiyimi, ochiq chehrasi atrofdagilarda nafaqat uning o‘ziga nisbatan, balki dinimizga nisbatan ham qiziqish va hurmat uyg‘otadi. Islom dinida aynan axloqiy va estetik go‘zallikning uyg‘unligi butun go‘zallik sanaladi. Buni Abul Axvas al-Jashamiydan rivoyat qilingan ushub hadis tasdiflaydi:

“Bir kuni Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga eski, yirtiq-yamoq kiyib yurgan holimda duchlashib qoldim. Meni bu holda ko‘rgan Rasul alayhissalomning rahmi kelib moddiy ahvolim bilan qiziqdilar. Men juda ham boy odam ekanimni aytdim. “Sening boyliging nimalardan iborat?” deb so‘radilar”, u zot.  “Alloh taolo menga ato qilgan tuya va qo‘yning son -sanog‘i yo‘q”, deb javob berdim. Shunda Rasuli akrom sollallohu alayhi vasallam: “U holda Alloh taoloning senga bergan ne’matlarini ko‘rsatib kiyingan”, deya maslahat berdilar” (Imom Termiziy, Imom Ahmad, Imom Nasoiy rivoyati).

Botiniy va zohiriy go‘zallik timsoli sifatida imom Abu Hanifa rahmatullohu alayhni ham keltirish mumkin. Ana shu buyuk olim tashqi qiyofasiga ham jiddiy e’tibor qaratgan. U zot uzun soqolli ko‘rkam odam bo‘lgan, har doim chiroyli kiyingan, sallasini ham chiroyli o‘ragan, ovozi juda ham yoqimli bo‘lgan, har doim muattar hid taratadigan xushbo‘yliklar sepib yurgan, o‘sha xushbo‘yliklarning hididanoq u zotning kelayotganini bilib olish mumkin bo‘lgan.

Shunday qilib, dinimiz insonlarga chiroyli kiyinishni taqiqlamaydi, aksincha, shunga da’vat etadi. Ammo bunda haddan oshilsa kibrga ketib qoladi.

يَا بَنِي آدَمَ خُذُواْ زِينَتَكُمْ عِندَ كُلِّ مَسْجِدٍ وكُلُواْ وَاشْرَبُواْ وَلاَ تُسْرِفُواْ إِنَّهُ لاَ يُحِبُّ الْمُسْرِفِينَ  

Ey Odam bolalari, har bir ibodat chog‘ida o‘z ziynatingizni oling. Yeb-iching va isrof qilmang. Chunki U zot isrof qiluvchilarni sevmas. (O‘tgan oyati karimada kelganidek, kiyimsiz holda ibodat-tavof qilish yoxud janda, yamoq-yasqoq kiyim bilan bajarish ibodat fazli va savobini ziyoda etmaydi. Lekin tabiati buzuq kishilar buzuq dindorlikka urinadilar, taqvoni juldur kiyimlar ila hosil bo‘ladigan etib ko‘rsatishga harakat qiladilar. Alloh taolo esa, engil-boshda haddan oshib faxr va g‘ururga ketishni qoralaganidek, uning past va tabiatsiz holda iste’mol qilinishini ham qoralaydi) (A’rof surasining 31-oyati).

Dinimizda xuddi javohirga o‘xshab begona nigohlardan to‘silgan ayol go‘zalligiga alohida e’tibor qaratiladi.  Faqat uydagina uning yorqinligi va ulug‘vorligi yaqqol ko‘zga tashlanib turadi hamda uning bezanishi turmush o‘rtog‘iga xotirjamlik bag‘ishlaydi. O‘ziga oro berib, chiroyli va ozoda kiyimlarini kiyib, erini ochiq chehra bilan kutib olish – Alloh taolo muslimalarga amr etgan yoqimli yumushlardan biridir.

Damin JUMAQUL

O‘MI Matbuot xizmati

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Rasululloh ﷺning meroslari tarqatilmoqda

13.01.2025   3706   1 min.
Rasululloh ﷺning meroslari tarqatilmoqda

Maqolaning audio shakli

Sahobalar ichida eng zehni o‘tkiri Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: “Kunlardan birida bozorga bordim. Odamlarning mol-dunyo bilan ovora ekanliklarini ko‘rib ularga:

– Siz bu yerda savdo-sotiq bilan mashg‘ulsiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning meroslari tarqatilayotganidan xabaringiz yo‘qmi? – dedim. Savdogarlar qo‘llaridagi mollarini tashlab:

– Yo‘q, qayerda? – deb hovliqib so‘radilar.

– Falon masjidda, – deb javob berdim. Ular shoshib masjid tomon yugurib ketishdi.

Ammo birozdan so‘ng qaytib kelib:

– Nega bizni aldadingiz? Masjidda hech qanday meros tarqatilmayapti-ku? –deyishdi.

Men:

– Qanday qilib? Axir masjidda kimlarni ko‘rdingiz? – deb so‘radim.

Ular:

– Qur’on o‘qiyotgan qorilarni va hadis o‘rganayotgan tolibi ilmlarni, –deyishdi.

– Ana shu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning meroslaridir, – deb javob berdim.

“O‘zimdan so‘ng sizga ikki narsa qoldirdim, agar ularni mahkam tutsangiz hargiz adashmaysiz. Ular Allohning kitobi va Payg‘ambarning hadisidir”, degan sevikli Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga salavotu salomlar bo‘lsin”.

Davron NURMUHAMMAD