Dinimiz – go‘zallik dini. Shu boisdan shariatimiz go‘zallikni ulug‘laydi va bandaning barcha narsasi – so‘zlagan so‘zi, bajargan amali, kiygan kiyimi... hamma-hammasi o‘ziga munosib ravishda unga ziynat bo‘lishiga targ‘ib etadi.
عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ مَسْعُودٍ عَنِ النَّبِىِّ صلى الله عليه وسلم قَالَ: «… إِنَّ اللَّهَ جَمِيلٌ يُحِبُّ الْجَمَالَ …»
(رواه مسلم)
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «… Alloh go‘zaldir, go‘zallikni yaxshi ko‘radi…» dedilar (Muslim rivoyati).
Ayniqsa, insonning axloqiy va estetik jihatlarning uyg‘unlashuvi dinimizning asosiy talablaridan biri sanaladi. Buni Jaloliddin Rumiy hazratlari “Yo asling kabi ko‘ringil, yo ko‘ringaning kabi bo‘l”, deya juda ham chiroyli tushuntirgan.
Rus donishmandlaridan biri aytgan edi: “Insonda hamma narsa go‘zal bo‘lishi kerak – qiyofasi, kiyimi, qalbi va tafakkuri” Ushbu fraza bugungi kunimizda ham dolzarbligini yo‘qotmagan. Boz ustiga uning to‘liq bayoni Islomda o‘z ifodasini topgan. Qur’oni karimda insonga o‘ziga qarab yurish, gunohga boshlovchi xayollarga berilmaslik, qalbini zikrulloh bilan poklab yurish, tanasini va kiyimlarini ham ozoda qilib yurish amr etilgan. Yuqorida aytganimizdek, hadisi sharifda “Alloh go‘zaldir, U go‘zallikni sevadi”, deb marhamat qilingan.
Biroq ayrim insonlarda bu ikkisi – zohiridagi va botinidagi go‘zalligi bir-biriga muvofiq emas. Ulardan biri ruhining go‘zalligiga oro berib, tashqi qiyofasiga e’tibor qilmaydi, boshqasi esa buning aksini qilib tanasini bezaydi va qalbini unutadi.
Unutmaslik kerakki, inson go‘zalligini belgilaydigan ana shu ikki omilning tabiati har xil bo‘ladi. Hatto bir-biriga qarama-qarshi kelishi ham mumkin. Chunki ularning har birining o‘ziga xos qiymati va noyob xususiyati bor. Agar botiniy go‘zallik insonning ma’naviyatini boyitib, axloqini yuksaltirib, vazminlikka, sabr-toqatga o‘rgatsa; musulmon kishining tashqi ko‘rinishi jussasiga yarashagan pokiza kiyimi, ochiq chehrasi atrofdagilarda nafaqat uning o‘ziga nisbatan, balki dinimizga nisbatan ham qiziqish va hurmat uyg‘otadi. Islom dinida aynan axloqiy va estetik go‘zallikning uyg‘unligi butun go‘zallik sanaladi. Buni Abul Axvas al-Jashamiydan rivoyat qilingan ushub hadis tasdiflaydi:
“Bir kuni Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga eski, yirtiq-yamoq kiyib yurgan holimda duchlashib qoldim. Meni bu holda ko‘rgan Rasul alayhissalomning rahmi kelib moddiy ahvolim bilan qiziqdilar. Men juda ham boy odam ekanimni aytdim. “Sening boyliging nimalardan iborat?” deb so‘radilar”, u zot. “Alloh taolo menga ato qilgan tuya va qo‘yning son -sanog‘i yo‘q”, deb javob berdim. Shunda Rasuli akrom sollallohu alayhi vasallam: “U holda Alloh taoloning senga bergan ne’matlarini ko‘rsatib kiyingan”, deya maslahat berdilar” (Imom Termiziy, Imom Ahmad, Imom Nasoiy rivoyati).
Botiniy va zohiriy go‘zallik timsoli sifatida imom Abu Hanifa rahmatullohu alayhni ham keltirish mumkin. Ana shu buyuk olim tashqi qiyofasiga ham jiddiy e’tibor qaratgan. U zot uzun soqolli ko‘rkam odam bo‘lgan, har doim chiroyli kiyingan, sallasini ham chiroyli o‘ragan, ovozi juda ham yoqimli bo‘lgan, har doim muattar hid taratadigan xushbo‘yliklar sepib yurgan, o‘sha xushbo‘yliklarning hididanoq u zotning kelayotganini bilib olish mumkin bo‘lgan.
Shunday qilib, dinimiz insonlarga chiroyli kiyinishni taqiqlamaydi, aksincha, shunga da’vat etadi. Ammo bunda haddan oshilsa kibrga ketib qoladi.
يَا بَنِي آدَمَ خُذُواْ زِينَتَكُمْ عِندَ كُلِّ مَسْجِدٍ وكُلُواْ وَاشْرَبُواْ وَلاَ تُسْرِفُواْ إِنَّهُ لاَ يُحِبُّ الْمُسْرِفِينَ
“Ey Odam bolalari, har bir ibodat chog‘ida o‘z ziynatingizni oling. Yeb-iching va isrof qilmang. Chunki U zot isrof qiluvchilarni sevmas. (O‘tgan oyati karimada kelganidek, kiyimsiz holda ibodat-tavof qilish yoxud janda, yamoq-yasqoq kiyim bilan bajarish ibodat fazli va savobini ziyoda etmaydi. Lekin tabiati buzuq kishilar buzuq dindorlikka urinadilar, taqvoni juldur kiyimlar ila hosil bo‘ladigan etib ko‘rsatishga harakat qiladilar. Alloh taolo esa, engil-boshda haddan oshib faxr va g‘ururga ketishni qoralaganidek, uning past va tabiatsiz holda iste’mol qilinishini ham qoralaydi)” (A’rof surasining 31-oyati).
Dinimizda xuddi javohirga o‘xshab begona nigohlardan to‘silgan ayol go‘zalligiga alohida e’tibor qaratiladi. Faqat uydagina uning yorqinligi va ulug‘vorligi yaqqol ko‘zga tashlanib turadi hamda uning bezanishi turmush o‘rtog‘iga xotirjamlik bag‘ishlaydi. O‘ziga oro berib, chiroyli va ozoda kiyimlarini kiyib, erini ochiq chehra bilan kutib olish – Alloh taolo muslimalarga amr etgan yoqimli yumushlardan biridir.
Damin JUMAQUL
O‘MI Matbuot xizmati
Ayni kunlarda haj safariga kirishgan ilk ziyoratchilarimiz Madina shahridagi besh yulduzli “Zamzam Pullman” zamonaviy mehmonxonasida istiqomat qilishmoqda.
Mazkur mehmonxona Masjidi Nabaviyning yonida joylashgan bo‘lib, ziyoratchilarimiz besh mahal namozni ado etish, Ravzai sharifga kirish va bir necha bor Rasul alayhissalomga salom yo‘llash saodatiga ega bo‘lmoqda.
Mehmonxonada hozirlangan sharoitlar barcha hojilarimizni mamnun etmoqda. Har bir xonada kiyim javoni, yozuv stoli, sovutgich va muzlatgich, qibla ko‘rsatkichi, joynamoz, Qur’oni karim, televizor bor. Foye, lift va xonalar keng va yorug‘.
Hojilarga xizmat ko‘rsatadigan oshxona-restoranda ham zarur o‘rinlar va barcha qulayliklar yaratilgan. Bir necha ming kishilik oshxonada ibodatga quvvat bo‘ladigan laziz taomlar, salatlar, sarxil mevalar, shirinliklaru sharbatlar tortiq qilinmoqda.
Mazkur mehmonxonada joylashgan O‘zbekiston ishchi guruhi shtabi barcha tashkiliy ishlarni risoladagidek bo‘lishi uchun 24 soat davomida uzluksiz ziyoratchilar xizmatida bo‘lmoqda.
Mavsum davomida hojilarimiz tetik, sog‘lom bo‘lishlari uchun avvalo, o‘zlari, so‘ngra tibbiyot xodimlari ham mas’ul. Bu yil ham hojilarimizning sog‘liklarini doimiy kuzatib borish uchun oliy toifali shifokorlar jalb etilgan. Ular hamyurtlarimiz salomatliklari uchun tunu kun xizmatda bo‘lib turishibdi.
Tibbiyot xodimlari hojilarning sihatlarini ko‘zdan kechirib, kerakli yordam, maslahat va dori-darmonlar bermoqda. Tibbiy xizmat markazlarida muolaja uchun kerakli jihozlar, shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish uchun sharoitlar mavjud. Barcha turdagi kasalliklarga birinchi yordam ko‘rsatish maqsadida yurtimizdan yetarli darajada dori-darmonlar olib borilgan.
Joriy mavsumda hojilarimizga yana bir qulaylik va tuhfa ulashildi. O‘zbekiston aloqa operatori tarafidan bu yilgi har bir ziyoratchiga internet trafigi va bonusli daqiqalari mavjud bo‘lgan bepul telefon sim kartasi, maxsus sumka, termos, soyabon va bosh kiyim kabilar taqdim etildi.
Joriy mavsumda bo‘lg‘usi hojilarga xizmat ko‘rsatish sifati yangi bosqichga olib chiqilgani va sharoitlar sezilarli darajada yaxshilangani barchani cheksiz mamnun etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati