Sabr – insonga dunyo va din ishlarida to‘g‘ri yo‘l tutishda yordam beradigan fazilat. Inson zoti yaralibdiki, o‘zining barcha maqsadlarini sabr asosida ro‘yobga chiqaradi. Agar u sabrsizlik bilan ish tutsa xech qachon maqsadga erisha olmaydi. Har qanday ishda ham shoshqaloqlik zarar keltiradi. Saxl Ibn Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. “Nabiy sollallohu alayhi vassallam: “Shoshilmaslik Allohdandir, shoshqaloqlik shaytondardir”, dedilar (Termiziy va Bayxakiy rivoyat qilgan).
Shuning uchun ham mo‘min-musulmon banda hech bir ishda shoshilmasligi lozim.
Sabr – ulug‘lik va kamolot belgisidir. Alloh taolo o‘z ismlaridan birini “As-sobur” deb atagani xam bejiz emas. Alloh taolo gunoh qilgan bandasini darhol jazolamaydi, unga berilajak azobni orqaga suradi. A’rof surasida bunday marhamat qilinadi: “Albatta Rabbingiz osmonlaru yerni olti kunda yaratgan” (54-oyat).
Alloh taolo istasa olamni bir zumda yaratar edi. Ammo bandalarga ibrat bo‘lishi uchun uni olti kunda yaratgan. Shuningdek, Alloh taolo Quroni karimni ham bir yo‘la nozil qilsa bo‘lar edi. Ammo bandalarga oson bo‘lishi uchun yigirma uch yilda nozil etdi. Shariat ahkomlarini ham o‘sha muddatda joriy qildi. Ojiz bandalar bu dunyo ishlarini amalga oshirishda qanchalik mashaqqat va og‘irlik hosil bo‘lmasin, mustahkam iroda va sabr-toqat ko‘rsatishi lozim. Imom Buxoriy rivoyat qilgan bir hadisda: “Kimki sabr qilishni xohlasa, Alloh unga sabr beradi. Hech bir kishiga sabrdan ko‘ra yaxshiroq ne’mat berilmagan.” deyiladi. Inson hayoti davomida bir imtihondan chiqib, ikkinchi imtihondan chiqib, uchinchi imtihonga to‘qnash kelaveradi va bu narsa bir-biriga ulanib ketgan sinovlardan iborat .
Bugungi kunda ko‘p gunoh va jinoyatlar kelib chiqishiga nazar tashlasak, sabrsizligimiz evaziga sodir bo‘layotganini ko‘ramiz. Insonlarning yoshi-qari hammasi sabrni unutib qo‘ydik, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Allohu taolo shuncha sohib qudrat egasi bo‘lsa ham biz bandalarga har bir narsada ibrat olishimiz uchun aqlimizni sabrga undagan. Xato kamchilliklarning bari sabrsizligimiz oqibatida sodir bo‘layapti. U hayot ufqida ketma-ket paydo bo‘luvchi bulutlardan qo‘rqmaydigan, balki bir kunmas, bir kun o‘ziga ham omad kulib boqishidan umidini uzmasligi lozim. Bunday natijani sabr bardosh, xotirjamlik va ishonch bilan kutish esa ayni hikmatdir. Shuning uchun din bandadan xar doim sabr qilishni talab etadi.
Abduxalil ABDUNAZAROV,
Qiziriq tuman bosh imom-xatibi
O‘MI Matbuot xizmati
Shu o‘rinda bir ibratli rivoyatni keltirish maqsadga muvofiqdir.
Abdulloh ibn Muborak rahmatullohi alayh yetuk faqih, muhaddis va Allohning do‘sti edi. Alloh taolo unga oliy martaba ato qilgan edi. Vafot etgandan keyin bir kishi tushida u zotdan: “Alloh sizga qanday muomala qildi?” deb so‘radi. Abdulloh ibn Muborak rahmatullohi alayh: “Alloh taolo meni mag‘firat qildi, fazliga olib, ulkan marhamat ko‘rsatdi. Lekin menga uyimning ro‘parasidagi temirchiga berilgan maqom nasib bo‘lmadi”, dedi.
Kishi uyqudan uyg‘ondi, dilida temirchining kimligi va qanday qilib Abdulloh ibn Muborakka nasib qilmagan narsa unga berilganini o‘ylab, uning mahallasiga bordi.
Surishtirib, Abdulloh ibn Muborakning temirchi qo‘shnisi borligini, u ham o‘sha kunda vafot etganini aniqladi. Borib, temirchining xotinidan: “Eringiz nima qilar edi?” deb so‘radi va tushida ko‘rganlarini aytib berdi.
Ayol: «Erim temirchi edi, kun bo‘yi ishlar, kechasi esa uxlardi. Kechasi Abdulloh ibn Muborakning tahajjud o‘qishiga havasi kelib, hasrat qilib: “Biz ham kengchilikda bo‘lganimizda tuni bilan tahajjud o‘qir edim”, der edi. Yana u ishlayotganida qulog‘iga azon tovushi kirsa, mabodo bolg‘asini tepaga ko‘targan bo‘lsa, shuni urib qo‘yayin, demasdi. O‘sha zahoti bolg‘asini pastga tushirib: “Azonni eshitganimdan keyin menga bolg‘ani ushlab turish yarashmaydi”, deb masjidga ketar edi», dedi.
Temirchi halol rizq talabida edi. Azon eshitilib, birinchi darajadagi farz bilan ikkinchi darajadagi farz ro‘baro‘ keldi. Birinchi darajadagisini ustun qo‘ydi va Alloh buyuk muhaddislarga bermagan maqomga erishdi.
“Halol kasb-hunar – qut-baraka keltirar” kitobidan