Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Yanvar, 2025   |   13 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:47
Peshin
12:37
Asr
15:35
Shom
17:19
Xufton
18:38
Bismillah
13 Yanvar, 2025, 13 Rajab, 1446

Diniy idorada maktab o‘quvchilari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi (Videolavha)

13.03.2018   4182   1 min.

2018 yil 13 mart kuni diniy idorada O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamkorligida o‘quvchi yoshlar ishtirokida davra suhbati tashkil etildi. Ushbu tadbirda Toshkent shahar Shayxontohur tumanidagi 157 umumiy o‘rta ta’lim maktabining 50 nafarga yaqin o‘quvchisi ishtirok etdi.
Tadbir Qur’oni karim tilovati bilan ochildi. Dastlab, o‘quvchilarga diniy idoraning maqsad va vazifalari haqida batafsil ma’lumot berildi. So‘ngra, diniy idora xodimi Is'hoqjon domla Begmatov so‘zga chiqib, ta’lim va tarbiya, odob-axloq, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikni oldini olish mavzusida ma’ruza qildi.


U o‘z nutqida jinoyat sodir etish juda ham og‘ir gunoh ekani, Qur’oni karim oyatlari va hadisi shariflarda bunday xatti-harakatlardan qattiq qaytarilganini jonli misollar orqali ta’sirchan qilib, tushuntirdi. Jumladan, “Bir ishning gunoh ekanini bilgan odam albatta undan qaytadi. Jinoyatning qaysi bir turini olib qaramang, dinimiz, insoniylikka xilofdir. Odam o‘ldirish, o‘g‘rilik, firibgarlik, tovlamachilik – bularning barchasi inson hayotiga zarar” deb ta’kidladi Is'hoqjon domla.


Uchrashuv juda ham ko‘tarinki ruhda, savol-javoblarga boy bo‘ldi. O‘quvchilar bugungi davra suhbatidan naqadar katta ma’naviy ozuqa olishganini ularning yonib turgan ko‘zlaridan anglash mumkin edi.
Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning 5 yanvar kuni yoshlar bilan ishlash borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish uchun O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi o‘rtasida hamkorlik qilish to‘g‘risidagi memorandum imzolangan edi. Hozirda ushbu memorandum doirasida hamkorlik ishlari davom etmoqda.

 


O‘MI Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Vaqt va yoshlik qadri (3 qism)

13.01.2025   21   3 min.
Vaqt va yoshlik qadri (3 qism)

Bismillahir Rohmanir Rohiym

«Yosh farzandlarni ovqatdan oldin va keyin qo‘l yuvishga, ovqatlanishni «Bismillah» bilan boshlashga, o‘ng qo‘l bilan yeyishga, yeb bo‘lganidan so‘ng Yaratganga shukr aytishga odatlantirishingiz lozim. Shuningdek, o‘ng qo‘l bilan yozish, kiyim kiyganda o‘ngidan boshlash, uyga o‘ng oyoq bilan kirish, har bir ishni «Bismillah» bilan boshlashga ham o‘rgating.

Bolalarga tozalikka rioya qilish, tirnoqlarini olish, kiyimlarini toza-pok saqlash, tahoratxonaga kirish-chiqish tartiblaridan ta’lim bering.

Farzandlarga xoli holda, uyaltirmay, boshqalar oldida sharmanda qilmay nasihat qilishingiz lozim. Ba’zan sho‘xlik qilib, gapingizga quloq solishmasa yoki biror ishda xato qilishsa, ularni urmay-so‘kmay, tushuntirishingiz zarur. Juda iloji bo‘lmay qolganida bir-ikki kun gaplashmay qo‘ysangiz, kifoya.

Farzandlaringizning kimlar bilan do‘st va hamsuhbat bo‘lishlariga e’tiborli bo‘ling, ko‘chada sababsiz, bemaqsad turish va yurishlariga, sizdan so‘ramay, uzoq vaqt biror mashg‘ulot bilan shug‘ullanishlariga yoki olis joyga ravona bo‘lishlariga ruxsat bermang.

Farzandlarni uyda va ko‘chadagi tanish-notanish odamlarga «Assalomu alaykum» deb salom berishga, qo‘ni-qo‘shnilarga yaxshilik va yordam ko‘rsatishga, aziyat yetkazmaslikka, uyingizga kelgan mehmonga hurmat ko‘rsatish va xizmat qilishga odatlantiring.

O‘g‘il-qizlaringizni kufr so‘zlardan, birovlarni haqorat qilishdan, behayo gaplarni gapirishdan qaytaring. Bularning nihoyatda yomonligini, yaramas so‘z-gaplar tufayli odam qattiq gunohkor bo‘lishi va zarar ko‘rishini muloyimlik bilan tushuntiring. O‘zingiz ham bu borada ularga ibrat-namuna bo‘ling, chiroyli axloq sohibi ekaningizni isbotlang.

Farzandlarni qimorning turli ko‘rinishlari, qarta, oshiq va o‘rtaga pul qo‘yib o‘ynaladigan barcha o‘yinlardan qaytarish darkor. Qimor bo‘lmasa ham, qimmatli vaqtini behuda sovuradigan, dars tayyorlash va foydali mashg‘ulotlardan ayiradigan o‘yinlarni ham cheklash lozim. Ularning axloqsiz, behayo, fahsh suratli gazeta-jurnallar, kitoblarni o‘qishlariga, jinsiy munosabatlarni, shafqatsizlik, axloqsizlik, yovuzliklarni targ‘ib qiladigan film va tomoshalarni ko‘rishlariga yo‘l bermang.

Bamisoli sirka asalni buzganidek, badfe’llik va axloqsizlik ham kishining qilayotgan amallarini buzadi”.

Farzandlaringizni sigaret chekish va aroq ichishdan qaytarib, bu illatlarning inson sog‘lig‘i va iqtisodiga qanchalar zarar keltirishini, kulfatga boshlashini erinmay tushuntiring. Buning o‘rniga meva va shirinliklar iste’mol qilishga targ‘ib eting”.

O‘g‘il-qizlarimizni har qanday holatda ham rost so‘zlashga, yolg‘onni hatto hazil tariqasida ham gapirmaslikka, va’daga albatta vafo qilishga o‘rgatishimiz lozim. Chunki yosh bolalar odatda o‘ta ta’sirchan va taqlid qilishga o‘ch buladilar. Yolg‘onni atrofidagi muhitdan o‘rganib, ota-onasi yoki aka-ukalaridan biror manfaatga erishish uchun yolg‘on ishlatishlari mumkin. To‘g‘rilik har bir yaxshilikning asosi, yolg‘on esa har qanday yomonlikning onasi va boshlanishidir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, to‘g‘rilik yaxshilikka boshlaydi. Yaxshilik jannatga boshlaydi. Yolg‘on yomonlikka olib boradi. Yomonlik esa do‘zaxga olib boradi”, deganlar. O‘zimiz ham ularga biror narsa va’da qilsak, olib berishimiz, bordi-yu, buning imkoni topilmay qolsa, ularga tushuntirib, muddatini uzaytirishimiz kerak.

Davomi bor...

Muhammad Quddus ABDULMANNON,
Xo‘jaobod tumani “Yetti chinor” jome masjidi imom noibi.

Maqolalar