Poytaxtimizning Olmazor tumanida yana bir ko‘rkam inshoot – Imom at-Termiziy jome’ masjidining yangi binosi tez orada foydalanishga topshiriladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 21 aprel kuni poytaxtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy loyihalar bilan tanishish jarayonida Yuqori Sebzor mahallasida bo‘lib, Imom at-Termiziy jome’ masjidini qayta qurish yuzasidan ko‘rsatmalar bergan edi.
O‘zA xabariga ko‘ra, 1876 yilda ushbu mahallada yashagan suvoqchi Ismoil ota boshchiligida hashar yo‘li bilan qurilgan masjid 1989 yilda qayta ta’mirlangan. 2007 yilda esa bitta qo‘shimcha xonaqoh qurilgan. Shu mahalladan ham allomalar, Termiziylar chiqsin, deb yaxshi niyat qilingan holda masjid nomi shunday atala boshlangan. Hayit namozlarida ancha gavjum bo‘ladigan masjid ayvoniga bir vaqtning o‘zida mingga yaqin namozxon sig‘ar edi.
“Ijod-Ijod” xususiy korxonasi mutaxassislari tomonidan qariyb bir yil davom ettirilgan qurilish ishlaridan so‘ng ushbu mahalla va masjid qiyofasi tubdan o‘zgardi. Ustalarning aytishicha, qurilish ishlarining yetmish foizi nihoyasiga yetgan. Ayni vaqtda ichki va tashqi bezak va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.
Yurtimizning barcha hududlaridan jam bo‘lgan ikki yuzdan ziyod usta, muhandis, hunarmand, bezakchi va boshqa mutaxassislar tarixiy obidani qayta tiklashda faol qatnashmoqda.
– Surxondaryo viloyatidagi Abu Iso Muhammad at-Termiziy ziyoratgohi qurilishida ham qatnashganman, – deydi usta Nurozxon Po‘latov. – Allomalar majmuasi, ziyoratgohi yoki masjidlarni qayta qurish jarayonida tarixni yanada chuqurroq o‘rganamiz. Ish jarayonida bu juda asqotadi. Loyihalardagi farqli jihatlar yoki o‘xshash tomonlarini solishtiramiz. Bu o‘z-o‘zidan farzandlarimizga ham shu haqda ma’lumot berishga undaydi. Ularning savollariga ikkilanmay javob bera olaman.
Birinchi qavati yerto‘la, ikkinchisi asosiy ayvon va uchinchisi qo‘shimcha ayvon shaklida qurilayotgan masjidning balandligi 23 metr. Bu yerda 1800 o‘rinli katta xonaqoh, kutubxona va boshqa xizmat xonalari barpo etilgan. Masjidga yondosh joydan ayollar uchun alohida ibodatxona bunyod etildi. Unda bir vaqtning o‘zida yuzdan ziyod ayol namoz o‘qishi mumkin.
– Bahor ko‘kalamzorlashtirish fasli, – deydi mahalla oqsoqoli Shomahmud Shoaliyev. – Mahalla faollari ustalarga yordam beryapti. Ular nafaqat qurilish bo‘layotgan hudud, balki butun mahallani obodonlashtirish va tozalashda qatnashmoqda.
Ushbu maskandagi qurilish-bunyodkorlik, obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlarini tez orada yakunlash rejalashtirilmoqda. Mahalla ahli bu yil Ramazon hayiti namozini yangi masjidda o‘qishni niyat qilgan.
O‘zbekiston musulmonlar idorasi matbuot xizmati
Shu yil 8 may kuni Buxoro shahridagi Mir Arab oliy madrasasida vakillik tasarrufidagi masjid imom-xatiblari o‘rtasida “Moturidiy ta’limoti bilimdoni” nomli intellektual bellashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni O‘zbekiston musulmonlari idorasining Buxoro viloyatidagi vakili, Mir Arab oliy madrasasi rektori Jobir domla Elov kirish so‘zi bilan ochib, bellashuvning ma’naviy, ilmiy va tarbiyaviy ahamiyati haqida so‘z yuritdi. Viloyat bosh imom-xatibining o‘rinbosari Otabek domla Avezovga esa tanlov tartib-qoidalarini tushuntirdi.
Bellashuv quyidagi to‘rt shart asosida o‘tkazildi:
1. Taqdimot sharti
2. Moturidiy ta’limoti bo‘yicha savol-javob;
3. Diniy-ma’rifiy sohadagi davlat siyosatiga oid savol-javob;
Tanlov ishtirokchilari moturidiylik ta’limotining asosiy qoidalari, aqidaviy yechimlari va mantiqiy-ilmiy asoslari yuzasidan o‘z bilimlarini namoyon etdi.
Bellashuv yakunlariga ko‘ra quyidagi jamoalar g‘olib deb topildi:
• 1-o‘rin: Moturidiy me’rosxo‘rlari;
• 2-o‘rin: E’tiqod durdonalari;
• 3-o‘rin: Aqida imomlari.
Mazkur tanlov Imom Abu Mansur Moturidiyning ilmiy merosini chuqur o‘rganish, uni keng targ‘ib qilish va bu orqali sof e’tiqod, ilm va ma’rifat asoslarini jamiyatda mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati