Ushbu masjid Makka shahridagi “Jannat al-Mualla” qabristoni yonida joylashgan bo‘lib, “Masjidul Hars” (Himoyachilar masjidi) va “Masjidul Bayet” (Sadoqat masjidi) nomlari bilan ham ataladi. Bu joyda Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) bir guruh jinlarga Qu’onni tilovat qilib bergan edilar.
Ul zot bu yerga yetganlarida o‘zlariga hamroh bo‘lgan Abdulloh Ibn Mas’ud (roziyallohu anhu) oldilariga aylana chizib, shu aylanadan chetga chiqmay turishni buyuradilar va o‘zlari esa jinlarga Qur’on o‘qib, ularni islomga da’vat etadilar. 1700 yilga kelib aynan o‘sha yerda masjid barpo etiladi va unga “Jinlar masjidi” deya nom beriladi. Masjid 1943 yilda qayta tiklanadi va 2000 yilda zamonaviy masjid barpo etiladi.
Jinlar inson ko‘ziga ko‘rinmaydigan g‘aybiy narsa bo‘lib, u haqiqatan mavjud maxluqdir. Alloh taolo va Uning payg‘ambari xabar bergan, ammo bizga ko‘rinmaydigan narsalar g‘aybiy sanalib, ularga imon keltirish islomiy aqidaning asosi hisoblanadi va har bir musulmon bunga imon keltirishi lozim.
Jinlarning mavjudligiga Qur’oni karimda dalillar ko‘p: “Ey Muhammad, eslang, Biz sizning oldingizga bir guruh jinlarni Qur’on tinglasinlar, deb yuborgan edik” (Ahkof surasi, 29-oyat);
“Ey jin va ins jamoasi! Agar sizlar (Allohning jazosidan qochib) osmonlar va yer chegarasidan o‘tib ketishga qodir bo‘lsangizlar, u holda o‘tib ketaveringlar” (Ar-Rahmon surasi, 33-oyat); “Albatta insdan bo‘lgan (ayrim) kishilar jindan bo‘lgan kimsalardan panoh tilashib, ularga yanada haddan oshishini - muttahamlikni ziyoda qilur edilar” (Jin surasi, 6-oyat).
Jinlarning mavjudligi va ularning tabiati haqida Payg‘ambarimiz Muhammaddan (a.s.) ham bir necha hadislar rivoyat qilingan. Imom Muslim ibn Mas’uddan (r.a.) ushbu hadisni rivoyat qiladilar: “Biz bir tun Rasululloh (s.a.v.) bilan birga edik, u kishini yo‘qotib qo‘ydik... Tong otganda esa u zot Xiro tomondan keldilar. Biz: “ey Rasululloh, biz sizni yo‘qotib qo‘yib izladik, lekin topa olmadik va eng yomon tunimizni o‘tkazdik”, dedik. Shunda Rasululloh: “Menga jinlarning da’vatchisi keldi, u bilan jinlarning oldiga bordik. Men ularga Qur’on o‘qidim”, dedilar”.
O‘MI Matbuot xizmati
Bugun, 13 may kuni muborak haj safarini niyat qilgan hojilarimizning dastlabki guruhi muqaddas zamin tomon yo‘lga chiqishdi.
Bo‘lg‘usi hojilarni kuzatish uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, shuningdek, taniqli ulamolar, imom-domlalar, mutasaddilar va OAV vakillari Toshkent xalqaro aeroportida jam bo‘lishdi.
Muborak safar oldi Muftiy hazratlari Alloh taoloning bayti sari yo‘l olayotgan ziyoratchilar eson-omon Haj amallarini bajarib, yurtimizga sog‘-salomat qaytib kelishlarini so‘rab xayrli duolar qildilar.
Shunday qilib, orzulari ro‘yobidan his-hayajonga to‘lgan “Haj – 2025” mavsumining ilk ziyoratchilari Toshkent xalqaro aeroportidan Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdilar.
Alloh taolo Haj amalini ado etishga otlangan yurtdoshlarimizning safarlarini xayrli va barakali qilsin!