O‘zbekiston musulmonlari idorasining muslim.uz portali ijodkorlari ko‘pchilik xorijda yurgan hamyurtlarimizning talab va istaklaridan kelib chiqqan holda “Xorijdagi yurtdoshim” deb nomlangan yangi loyihani ishga tushirdi.
Ushbu loyihani tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – tirikchilik, xizmat safari yoki ta’lim olish uchun chet ellarda yurgan yurtdoshlarimizning diniy masalalar bo‘yicha barcha savollariga javob berish, ularni qiynayotgan muammolar va ularning yechimini ko‘rsatish, shuningdek, xorijdagi yurtdoshlarimizning dardu tashvishlari, kechinmalari va muammolari aks etgan virtul maktublarni o‘rganib, muammoni bartaraf etish choralarini ko‘rishdan iborat.
Shuningdek, ushbu ruknda, turli mamlakatlarda, ibodat qilish bilan bog‘liq farqli jihatlar, iste’mol qilinadigan yoki qilinmaydigan oziq-ovqat mahsulotlari, ishtirok etish mumkin yoki mumkin bo‘lmagan ma’raka-marosimlar va hokazo masalalar bo‘yicha turkum maqolalar ham e’lon qilib boriladi.
Hurmatli muxlislar! Bizni kuzatishda davom eting. Hali oldinda, Siz uchun yana-da foydali va qiziqarli mega loyihalar tayyorlab qo‘yganmiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtincha bo‘lib turgan fuqarolarimiz bilan doimiy muloqotni qo‘llab-quvvatlab turish, ularning haq-huquqlarini himoyalash, huquqiy ongini oshirish, ma’rifatini ziyoda qilish bo‘yicha suhbatlar o‘tkazish maqsadida O‘zbekiston delegatsiyasining Tatariston va Boshqirdistonga xizmat safari uyushtirildi.
Prezident Administratsiyasining topshirig‘i ijrosiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari O. Abdullayev boshchiligida yurtimizning Rossiya Federatsiyasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi B.Asadov, Bosh konsuli M.Xayriddinov va bir qator tegishli tashkilotlar vakillaridan tashkil topgan delegatsiya tarkibida O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili Ibrohimjon Inomov ham ishtirok etdi.
Vatandoshlarimiz bilan “Ota-onani rozi qilish – farzandlik burchi”, “Halol kasb – baraka kaliti”, “Milliy va diniy qadriyatlarimiz”, “Oilada farzand tarbiyasi”, “Aqidada adashmaylik!”, “Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish odobi”, “Islomda bag‘rikenglik”, “Islomda vatanparvarlik tushunchasi” mavzularida suhbatlar o‘tkazildi. Har qanday diniy mavzudagi ma’lumotlar borasida O‘zbekiston musulmonlari idorasiga tegishli rasmiy internet tarmoqlardan foydalanish tavsiya etildi. Turli diniy oqimlardan ehtiyot bo‘lish zarurligi – ham shariat ko‘rsatmasi, ham zamon talabi ekani ta’kidlandi.
Rossiya musulmonlari markaziy diniy idorasi raisi, muftiy Talgat Safa Tadjuddin hazrat delegatsiya a’zolarini qabul qilib, O‘zbekiston xalqiga mehri o‘zgacha ekanini bildirdi. Uchrashuv davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining salomi esdalik hadyalari taqdim etildi. Muftiy Talgat Safa Tadjuddin hazrat mehmonlarni Diniy idora va uning qoshidagi Rossiya islom universiteti bilan tanishtirib chiqdi.
Xizmat safari davomida vatandoshlarimiz bilan bo‘lgan suhbatlarda bugun mamlakatimizda qilinayotgan ishlar to‘g‘risida to‘xtalinib, yurt tinchligi, xalq farovonligi va salomatligi, dinimiz ravnaqi yo‘lidagi islohotlar, yangiliklar haqida ham aytib o‘tildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati