Foto: «President.uz»
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon muzokaralarni kengaytirilgan tarkibda davom ettirdilar. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Unda rasmiy delegatsiyalar a’zolari, ikki mamlakat vazirliklari va yirik kompaniyalari rahbarlari, chegaraoldi viloyatlari hokimlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston qo‘shni davlatlar bilan do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlashni o‘z tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilagan. Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi va sa’y-harakatlari tufayli qisqa muddatda Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, Tojikiston bilan munosabatlardagi dolzarb masalalar hal etildi.
Muzokarada savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yili 240 million dollarni tashkil etgani qayd qilindi.
Foto: «President.uz»
Prezident Shavkat Mirziyoyev tovar ayirboshlashni ko‘paytirish va uning hajmini yaqin yillarda 500 million dollarga yetkazish uchun hali ishga solinmagan ulkan salohiyat mavjudligini ta’kidladi.
Ikki mamlakat bozorida xaridorgir mahsulotlarni yetkazib berishni ko‘paytirish, savdo-logistika tarmog‘ini kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
O‘zbekiston ikki mamlakat hududlari va yetakchi korxonalari o‘rtasidagi kooperatsiyani kengaytirishdan manfaatdor bo‘lib, muzokaralarda qishloq xo‘jaligi texnikasini yig‘ish, zamonaviy qurilish materiallari, tayyor to‘qimachilik, elektrotexnika va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar taklif etildi.
Transport va tranzit tashuvlari sohasi ham hamkorlikning strategik yo‘nalishidir. O‘zbekiston Prezidenti bu boradagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish hamda temir yo‘l orqali yuk tashish hajmini oshirish uchun birgalikda zarur sharoitlar yaratishga tayyorligini bildirdi.
Mintaqa suv resurslaridan oqilona va adolatli foydalanish, shuningdek, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlik masalalari muhoqama etildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Prezident Imomali Rahmonni o‘zi uchun qulay vaqtda O‘zbekistonga davlat tashrif bilan kelishni taklif etdi.
Manba: https://www.xabar.uz
Muhtaram Prezidentimizning «Ramazon – saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi» g‘oyasi asosida Toshkent viloyatida saxovat tadbirlari davom etyapti.
Bu jarayonda mahallalarda istiqomat qilayotgan ko‘ngli o‘ksik insonlarga quvonchlar ulashilyapti.
Ramazonning to‘rtinchi kuni (4 mart) Angren shahar «Obliq» jome masjidi imom noibi shahar hokimligi mutasaddilari bilan birgalikda «Do‘stlik» hamda «Nishbosh» mahallalarida yashovchi ehtiyojmand kishilarga oziq-ovqat mahsulotlari berildi.
* * *
Toshkent tumani «Hazrati Bilol» jome masjidi imom-xatibi Jahongir Choriyev hududdagi «Zargar» mahallasidagi yetim parvarishlanayotgan, nogironi bor 15 ta xonadonga oziq-ovqatlar yetkazib berishdi.
Tumandagi «Ko‘kterak», «Rahim ota», «Eshonxo‘ja ota» masjidlari imomlari ham homiylarni jalb qilgan holda haqdor oilalarga ehsonlar tarqatdilar.
Tuman imomlari homiylar ko‘magida 80 ta kam ta’minlangan oilaga 12 turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berishdi.
* * *
Yangiyo‘l tumani «Qirsadaq» masjidi imomi Odiljon Narzullayev ham homiylar yordamida muhtoj oilalarga 12 million so‘mlik ehson uyushtirdi.
* * *
Xuddi shunday saxovat ishlari Chirchiq shahri, Chinoz tumani va barcha tumanlar/shaharlarda davom etmoqda.
* * *
Hadisi sharifda: «Saxovat shunday daraxtki, uning ildizlari jannatda, shoxlari dunyoga tushib turadi. Kim uning shoxidan ushlasa, ildizlari (jannat) sari tortadi» (Abu Nuaym, "Hilyatul avliyo"), deya ta’kidlangan.
Alloh taolo ehsonlarni qabul qilsin, savoblarini ko‘paytirib bersin.
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati