O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Prezident Imomali Rahmonning taklifiga binoan 9 mart kuni davlat tashrifi bilan Tojikiston Respublikasiga keldi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.
Dushanbe xalqaro aeroportida davlatimiz rahbarini Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon kutib oldi.
O‘zbekiston Prezidenti sharafiga butun shahar bo‘ylab davlatimiz bayrog‘i ko‘tarilgan. Ko‘chalarga chiqqan minglab tojikistonliklarning yuz-ko‘zidagi hursandchilik ushbu tashrif ular uchun orziqib kutilgan voqea ekanidan dalolat beradi.
Darhaqiqat, o‘zaro munosabatlar tarixida bu O‘zbekiston Prezidentining Tojikistonga ilk davlat tashrifidir. Tomonlar ushbu muzokaralarga mamlakatlarimiz hamkorligini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, uni amaliy mazmun bilan boyitish uchun imkoniyat sifatida qaramoqda.
Avval habar qilinganidek, oliy darajadagi muzokaralarda turli sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama etiladi, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar ko‘rib chiqiladi.
Turli sohalarda hamkorlikni rivojlantirish, ikki mamlakat xalqiga qulayliklar yaratishga qaratilgan tarixiy hujjatlar imzolanadi.
Tashrif doirasida biznes-forum va O‘zbekiston milliy sanoat ko‘rgazmasi, ikki mamlakat san’at ustalari ishtirokida konsert tashkil etiladi.
O‘MI Matbuot xizmati
Bugun, 20 yanvar kuni poytaxtimizdagi "Wyndham Tashkent" mehmonxonasida "Tinchlik – dunyo dinlarining muhim tamoyili" mavzusida ilmiy-amaliy konferensiyasi boshlandi.
Nufuzli anjumanni O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobiljon Sobirov, Konrad Adenauer jamg‘armasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatli vakili Andre Algermissen, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov va boshqa mutasaddi vakillar tabrik so‘zi bilan ochib berdi.
Konferensiyada dinshunos ekspertlar, islomshunoslar, etnik-madaniy birlashmalar, diniy konfessiya vakillari, shuningdek, jamoat tashkilotlari, fuqarolik jamiyat, milliy madaniy markazlari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchilari va talabalari ham qatnashmoqda.
Konferensiya davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati