Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Dekabr, 2024   |   24 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:47
Peshin
12:28
Asr
15:18
Shom
17:02
Xufton
18:22
Bismillah
25 Dekabr, 2024, 24 Jumadul soni, 1446

Ota-ona  mehmondir

8.03.2018   4323   3 min.
Ota-ona  mehmondir

Alloh taologa eng suyukli ishlardan biri ota-onaga itoat etish, ularga mehr-shafqatli bo‘lishdir.

«Biz insonga ota-onasini (rozi qilishni) buyurdik. Onasi uni zaiflik ustiga zaiflik bilan (qornida) ko‘tarib yurdi. Uni (ko‘krakdan) ajratish (muddati) ikki yilda (bitar). (Biz insonga buyurdikki) “Sen Menga va ota-onangga  shukr kilgin! Qaytish Mening huzurimgadir» (Luqmon, 14).

Ota-ona oldida sekin, past ovozda, odob bilan so‘zlash kerak. Zaruratdan ortiqcha gap aytilmaydi. Ularning ismlarini aytib chaqirish mumkin emas. Qo‘pollik bilan ko‘ngillarini og‘ritish, nazarlaridan qolish katta gunohlardan sanaladi. Ko‘cha-ko‘yda ota-onadan ilgari yurish, ovqatga ulardan oldin qo‘l uzatish, oldilarida yonboshlab olish odobsizlikdir.

Alloh taolo marhamat qiladi: «Rabbingiz, Uning O‘zigagina ibodat qilishingizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi. (Ey inson!) Agar ularning biri yoki har ikkisi huzuringda keksalik yoshiga yetsalar, ularga “uf!..” dema va ularni jerkima! Ularga (doimo) yoqimli so‘z ayt! Ularga, mehribonlik bilan, xorlik qanotini past tut va (duoda): “Ey Rabbim! Meni (ular) go‘daklik chog‘imda tarbiyalaganlaridek, Sen ham ularga rahm qilgin!” de» (Isro, 23–24).

Demak, ota-ona qarilik yoshiga yetganida ularga yanada shafqatli bo‘lish zarur. Keksalarning ko‘ngli xuddi bolanikiday bo‘lib qoladi. Bunday holatlarda imkon boricha ularning ko‘nglini og‘ritmasdan xohishlarini bajarish, pand-nasihat qilsa, aslo malol olmaslik kerak.

Qaysi xonadonda ota-ona yoki ulardan biri tirik bo‘lsa, o‘sha oiladagi farzandlar baxtlidir. Chunki ularda ko‘proq savobga erishib qolish imkoniyati bor. Ota-onani tirikligida qadriga yetib, izzat-hurmatini joyiga qo‘yganga nima yetsin.

Umuman, keksalarimiz borligi bizning katta davlatimiz. Ular go‘yo uylarimizning farishtalari. Ko‘pni ko‘rgan buva-buvilar yosh oilalar uchun ibrat maktabi. Ular nabiralarining ta’lim-tarbiyasini, odob-axloqini nazorat qilib, hayotiy tajribalari asosida to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadi.

Ota-ona vafot etganidan keyin ham ularning farzandlar ustidagi haqlari tugamaydi. Vasiyatlarini ado etish, haqlariga doim duoda bo‘lish farzandlar burchidir. Ularning qarindoshlik aloqalarini davom ettirish, tanigan-bilgan tengqurlarini yo‘qlash, mehmonga chaqirish nur ustiga nur bo‘ladi.

Rasululloh  huzuriga bir kishi kelib: “Yo Rasululloh vafotlaridan keyin ham ota-onamga yaxshilik qila olamanmi?” deb so‘radi. U zot : “Ha, to‘rt ish bor, ularni bajarsang, ota-onangga yaxshilik qilgan bo‘lasan: ular haqqiga duo qilish, gunohlarini kechishini Allohdan so‘rash, ularning nasihat va shar’iy vasiyatlarini bajarish, do‘st-birodarlarini izzat-ikrom qilish va ota-ona tarafidan bo‘ladigan qarindoshlikni davom ettirish”, deb javob berdilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Xalq orasida, ota-ona mehmondir, degan ibratli so‘z bor. Vaqt g‘animat, aziz mehmonlaringizning yaxshi duolarini olib qolishga ulguring. Ularga nima qilsangiz, ertaga farzandingizdan qaytadi. Bu haqiqatga hayotda ko‘p guvoh bo‘lganmiz...

 

Fazliddin MUSAXOV,

Ohangaron tumanidagi “Quraysh” jome

masjidi imom-xatibi

O‘MI Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Islom huquqi maktabi

24.12.2024   2417   3 min.
Islom huquqi maktabi

Hayotda shunday sohalar borki, ularni mukammal egallash uchun butun umr o‘qib-izlanish lozim. Ana shunday kasblardan biri imom-xatiblikdir. Kimdir bu kasb egalariga oson tutishi mumkin. Lekin yetuk imom bo‘lish uchun to‘rt yil madrasa, to‘rt yil diniy oliy ta’lim dargohida o‘qishning o‘zi kamlik qiladi. Chunki imom o‘zi uchun ham jamoat uchun Alloh oldida burchli bo‘lsa, el oldidiga javobgarlik ham katta mas’uliyat yuklaydi. Bu mas’uliyat va xalq ishonchini oqlashning birdan bir yo‘li ilm va taqvodir.

So‘nggi yillarda ilm-fanning barcha yo‘nalishlar qatori diniy-ma’rifiy xususan, shariat, fiqh, aqoid kabi ilmlarni o‘rganish uchun keng yo‘llar ochildi.  Bu borada Samarqandda Hadis ilmi oliy maktabi, Imom Moturidiy markazi qoshida Kalom ilmi, Farg‘onada – Marg‘inoniy ilmiy markazida islom huquqi maktabi, Buxoroda – Bahouddin Naqshband markazida tasavvuf maktabi, Qashqadaryoda – Abu Muin Nasafiy markazida aqida ilmi maktabini tashkil etilishi o‘z samarasini berib kelayotir. Chunki imom-xatiblarning madrasa va oliy ta’lim dargohida olgan bilimlarini mustahkamlash, ularni yanada chuqurlashtirish, yangi zamonaviy diniy masalalarni keng o‘rganishda mazkur maktablar muhim ahamiyat kasb etyapti. Bir so‘z bilan aytganda, bu maktablar imom-xatiblarni chin ma’noda sohaning yetuk egasiga aylanishiga zamin bo‘layotir.

Ayni kunda Farg‘ona viloyatidagi Marg‘inoniy ilmiy markazida islom huquqi maktabida yigirmadan ortiq vodiylik imom-xatiblar o‘z ish joylaridan uzilmagan holda diniy bilimlarini yana mustahkamlab, fiqh ilmini chuqurroq o‘rganmoqdalar. Ularga tajribali imom-xatiblar Ubaydulloh domla Abdullayev, Ibrohimjon domla Qodirov va Ahmadxon domla Nizomovlar ustoz-shogird an’anasi asosida ta’lim bermoqdalar. Shu kunga qadar tinglovchilar mazkur ustozlar ko‘magida “Muxtasarul-viqoya”, “Alfiqhul-akbar” kitoblari o‘qib tugatishdi. Ayni vaqtda “Kanzul-daqoiq” va Mulla Aliy Qorining “Alfiqhul-akbar”ga yozgan “Sharhul fiqhil Akbar” kitoblari mutolaa qilinib, asarlar batafsil o‘ranilmoqda. Ushbu asarlar Ahli sunna val jamoa aqidasi asosida mo‘min-musulmonlarni to‘g‘ri aqida hamda dinimiz ta’limotlariga amal qilishda vasatiy tarzda yurishlarida asosiy manbalardir.

Ta’kidlash joizki, imom-xatiblarning mazkur ilm dargohida olayotgan bilim va malakalari faoliyatlari uchun nihoyatda manfaatli bo‘lmoqda. Zero, turli yot g‘oyalar ta’siriga tushib adashgan yurtdoshlarimizni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, mo‘min-musulmonlarga Ahli sunna val-jamoa va Hanafiy fiqhi asosida islom ta’limotlarini yetkazish, dolzarb mavzularda chiqish qilish, maqolalar yozishda bu dargohdan olinayotgan ilmiy va hayotiy tajribalar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shuningdek, turli uchrashuvlar va mahallalarda olib borilayotgan targ‘ibot tadbirlarida ham mazkur ilmiy maktabda hosil qilingan bilim va ko‘nikmalar asqotmoqda. Imom-xatiblar o‘rtasidagi bilimlar bellashuvida ham mazkur maktab tinglovchilari o‘zini har tomonlama namoyon etayotgani ham e’tiborga molik. Shu bilan birga maktab tinglovchilarining bir qanchasi ilmiy izlanishlarda davom etib, o‘z tadqiqotlari bilan dinimiz ravnaqiga o‘z hissalarini qo‘shmoqdalar.

Ma’lumki, ilk o‘rta asrlarda Farg‘ona vodiysida fiqh maktabi shakllanib, buyuk allomalar yetishib chiqdi. Birgina Burhoniddin Marg‘inoniy islom xuquqshunosligi borasida beqiyos asarlar ta’lif etgani barchaga ma’lum. Bugun u kishining “al-Hidoya” asari butun musulmon olamida mashhur bo‘lib, islom huquqi – fiqh bo‘yicha eng aniq, mukammal asar sifatida tan olingan.

Bugun ham mazkur an’analar qayta tiklanib, yurtimiz yana ilmu ma’rifat, olim ulamolar diyoriga aylanayotgani quvonarli holdir.

Rahmatulloh JALILOV,
Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot kotibi
(Hidoyat jurnali, 12-son)

Islom huquqi maktabi Islom huquqi maktabi Islom huquqi maktabi Islom huquqi maktabi
O'zbekiston yangiliklari