Alloh taologa eng suyukli ishlardan biri ota-onaga itoat etish, ularga mehr-shafqatli bo‘lishdir.
«Biz insonga ota-onasini (rozi qilishni) buyurdik. Onasi uni zaiflik ustiga zaiflik bilan (qornida) ko‘tarib yurdi. Uni (ko‘krakdan) ajratish (muddati) ikki yilda (bitar). (Biz insonga buyurdikki) “Sen Menga va ota-onangga shukr kilgin! Qaytish Mening huzurimgadir» (Luqmon, 14).
Ota-ona oldida sekin, past ovozda, odob bilan so‘zlash kerak. Zaruratdan ortiqcha gap aytilmaydi. Ularning ismlarini aytib chaqirish mumkin emas. Qo‘pollik bilan ko‘ngillarini og‘ritish, nazarlaridan qolish katta gunohlardan sanaladi. Ko‘cha-ko‘yda ota-onadan ilgari yurish, ovqatga ulardan oldin qo‘l uzatish, oldilarida yonboshlab olish odobsizlikdir.
Alloh taolo marhamat qiladi: «Rabbingiz, Uning O‘zigagina ibodat qilishingizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi. (Ey inson!) Agar ularning biri yoki har ikkisi huzuringda keksalik yoshiga yetsalar, ularga “uf!..” dema va ularni jerkima! Ularga (doimo) yoqimli so‘z ayt! Ularga, mehribonlik bilan, xorlik qanotini past tut va (duoda): “Ey Rabbim! Meni (ular) go‘daklik chog‘imda tarbiyalaganlaridek, Sen ham ularga rahm qilgin!” de» (Isro, 23–24).
Demak, ota-ona qarilik yoshiga yetganida ularga yanada shafqatli bo‘lish zarur. Keksalarning ko‘ngli xuddi bolanikiday bo‘lib qoladi. Bunday holatlarda imkon boricha ularning ko‘nglini og‘ritmasdan xohishlarini bajarish, pand-nasihat qilsa, aslo malol olmaslik kerak.
Qaysi xonadonda ota-ona yoki ulardan biri tirik bo‘lsa, o‘sha oiladagi farzandlar baxtlidir. Chunki ularda ko‘proq savobga erishib qolish imkoniyati bor. Ota-onani tirikligida qadriga yetib, izzat-hurmatini joyiga qo‘yganga nima yetsin.
Umuman, keksalarimiz borligi bizning katta davlatimiz. Ular go‘yo uylarimizning farishtalari. Ko‘pni ko‘rgan buva-buvilar yosh oilalar uchun ibrat maktabi. Ular nabiralarining ta’lim-tarbiyasini, odob-axloqini nazorat qilib, hayotiy tajribalari asosida to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadi.
Ota-ona vafot etganidan keyin ham ularning farzandlar ustidagi haqlari tugamaydi. Vasiyatlarini ado etish, haqlariga doim duoda bo‘lish farzandlar burchidir. Ularning qarindoshlik aloqalarini davom ettirish, tanigan-bilgan tengqurlarini yo‘qlash, mehmonga chaqirish nur ustiga nur bo‘ladi.
Rasululloh huzuriga bir kishi kelib: “Yo Rasululloh vafotlaridan keyin ham ota-onamga yaxshilik qila olamanmi?” deb so‘radi. U zot : “Ha, to‘rt ish bor, ularni bajarsang, ota-onangga yaxshilik qilgan bo‘lasan: ular haqqiga duo qilish, gunohlarini kechishini Allohdan so‘rash, ularning nasihat va shar’iy vasiyatlarini bajarish, do‘st-birodarlarini izzat-ikrom qilish va ota-ona tarafidan bo‘ladigan qarindoshlikni davom ettirish”, deb javob berdilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Xalq orasida, ota-ona mehmondir, degan ibratli so‘z bor. Vaqt g‘animat, aziz mehmonlaringizning yaxshi duolarini olib qolishga ulguring. Ularga nima qilsangiz, ertaga farzandingizdan qaytadi. Bu haqiqatga hayotda ko‘p guvoh bo‘lganmiz...
Fazliddin MUSAXOV,
Ohangaron tumanidagi “Quraysh” jome
masjidi imom-xatibi
O‘MI Matbuot xizmati
Mashina yo‘liga chiqib ketgan odamni ko‘rib haydovchi zo‘rg‘a to‘xtatib qoldi. Undan ham oldin yonidagi do‘sti tushasolib yo‘lovchining yoqasidan oldi. Uzr so‘rab dovdirayotgan odamni ko‘rib, haydovchi tez tushdi-da, do‘stidan uning yoqasini qo‘yib yuborishini so‘radi.
– Bu nima deganing?! Sal bo‘lmasa qamalib ketarding-ku buni deb, – yanada jahli chiqdi do‘stining.
– Sen uni qo‘yib yuboraver, gap bor... Bo‘ldi, aka, hushyor bo‘lib yetib oling... Yo‘q, shoshmang...
Haydovchi hatto u odamning qo‘liga pul ham berdi. Do‘stini hayron qoldirib, mashinaga qaytdi.
Do‘stining savol nazari bilan qarab turganini ko‘rib, izoh bera boshladi:
– Bir soatcha oldin dorixonaga kirgandim. Shu odamga ko‘zim tushgandi. Qo‘lida dorilar ro‘yxati yozilgan qog‘oz, puli yetmaganidan mung‘ayib turgan edi. Dorilar narxini eshitib, og‘ir qadamlar bilan chiqib ketgandi. Ortidan chiqib yordam bergim keldi. Lekin pulimni qizg‘ondim. Tashqariga chiqqanimda u onasi bilan gaplashib turgan ekan. Haligi odam onasi bilan gaplashib bo‘lgach: “Shuncha pulni qayerdan topaman? Yo Alloh! O‘zing yo‘l ko‘rsat, deganini eshitib ham indamay ketaverdim. Go‘yo unga pul bersam o‘zim och qoladiganday... Holbuki, Alloh taolo O‘z Kalomida: “Shayton sizlarni (xayr-ehson qilishda) kambag‘al bo‘lib qolishdan qo‘rqitadi” (Baqara surasi, 268-oyat) deya ogohlantirganini bilardim. Yana “Kimki (bir) hasana (savobli ish) qilsa, unga o‘n barobar (ko‘paytirib yozilur)” (An’om surasi, 160-oyat) degan va’dasini ham o‘qigandim. Baribir xomlik qildim. Sal bo‘lmasa o‘sha xasislik qilgan pulimdan o‘n, yuz hissasi chiqib ketadigan bir musibatga duchor bo‘lardim. Mayli, hechdan ko‘ra kech bo‘lsa ham, Alloh imkon berdi. Shuning uchun ayb u odamdamas, o‘zimda, deb bildim...
Ha, azizlar! Hayotimizda bunday holatlarga duch kelib turamiz. Avvalo, birov bilan tushunmovchilik bo‘lib qolsa u odamning ahvolini so‘raylik. Balki biror musibat yo tashvishda yurgandir. Darhol tilimizga kelgan so‘zlar bilan xaqorat qilib, urishib ketmaylik. Bunaqa vaziyatlarda shayton vasvasa qilishini unutmaylik. Xulosa qilishga shoshilmaylik. Hazrati inson degan nomga munosib ish tutaylik.
Akbarshoh Rasulov