«Yana shundaylari ham borki, ular: «Ey Rabbimiz, bizga bu dunyoda ham yaxshilik ato etgin, oxiratda ham yaxshilik (ato etgin) va bizni do‘zax azobidan asragin», – deydilar» (Baqara, 201).
*****
«Jolut va uning lashkarlari bilan to‘qnashganlarida: «Ey Rabbimiz! Bizga sabr (va toqat yomg‘iri)ni yog‘dir, qadamlarimizni sobit qil va kofirlar qavmi ustidan bizga g‘alaba ato et!» – dedilar» (Baqara, 250).
*****
«Alloh hech bir jonga toqatidan tashqari narsani taklif etmaydi. Uning kasb etgani (yaxshiligi) – o‘ziga va orttirgani (yomonligi) ham o‘zigadir. (Yana dedilarki:) «Ey Rabbimiz, agar unutsak yoki xato qilsak, bizni javobgar etma! Ey Rabbimiz, bizdan ilgari o‘tganlarning zimmasiga ortgan mashaqqatni bizning zimmamizga ortma! Ey Rabbimiz, toqatimiz yetmaydigan narsani bizga yuklab tashlama! Bizlarni afv et va kechir hamda bizlarga rahm qil! Sen bizning Xojamizsan. Bas, bizlarga kofirlar qavmi ustidan g‘oliblik ato et!» (Baqara, 286).
Samarqand shahridagi xalqaro konferensiya doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qirg‘iz Respublikasi musulmonlari idorasi raisi, muftiy Abdulaziz Zakirovni qabul qildilar.
Uchrashuvda keyingi yillarda diniy idoralar o‘rtasida aloqalar rivojlanayotgani, qardosh ulamolar hamkorligi taraqqiy etayotgani, xalqaro anjumanlarda birgalikda ishtirok etishi, fatvo ishlab chiqish va muhim sanalarni belgilashdagi kengashlar yaxshi natija berayotgani qayd etildi.
O‘tgan mart oyida Xo‘jand shahrida Tojikiston, O‘zbekiston va Qirg‘iz respublikalari rahbarlari davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risidagi shartnoma imzolagani tarixiy voqea bo‘lgani, ushbu hujjat bahs-nizolarni ortda qoldirib, abadiy do‘stlik va qardoshlik rishtalarini yanada mustahkamlagani ta’kidlandi.
Qirg‘iz muftiysi so‘nggi yillarda O‘zbekistonda Islom dini ma’rifatini keng yoyish, mo‘min-musulmonlar ehtiyojini ta’minlash, masjid-madrasalarni obod etish va ulug‘ allomalar merosiga ehtirom ko‘rsatish, mintaqada tinchlik-osoyishtalikni ta’minlash va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini shakllantirish yo‘lida olib borilayotgan ishlarni yuqori baholadi.
Muftiy Abdulaziz Zakirov Markaziy Osiyo ijtimoiy hayotida diyorimiz ulamolarining o‘rni katta ekani, ular qardosh ahli ilmlarga ustoz sifatida qadrlanishi, har bir dolzarb mavzudagi diniy masalani kengashgan holda amalga oshirilishini bildirdi. Shuningdek, mintaqa uchun ahamiyatli masalalarda fatvolar e’lon qilish va muhim sanalarni belgilashda O‘zbekiston ulamolari yetakchiligini e’tirof etdi. Bundan tashqari xalqlar ittifoqchiligi ta’minlanishida Mir Arab madrasasida ta’lim olgan qardosh ulamolarning roli katta ekanini ta’kidladi.
Imom Moturidiy merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘zaro hamkorlikning uzviy davomi ekani, unda mo‘tabar ulamolar tomonidan muhim mavzular keng muhokama qilinib, bugungi kundagi dolzarb aqidaviy va ixtilofli masalalarga yechim topilishiga Qirg‘iz muftiysi ishonch bildirdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati