Jahonning eng konservativ mamlakatlaridan sanalmish Saudiya Arabistoni 2018 yilning 1 aprelidan xohlovchilarning bariga turistik va biznes vizalar berishga qaror qildi. Shu yo‘l bilan Saudiya iqtisodiyotni rivojlantirmoqchi va uni neftga qaramlikdan xalos qilmoqchi.
Daily Mail ning ma’lum qilishicha, valiahd shahzoda Muhammad ibn Salmon tomonidan amalga oshirilayotgan bunday islohotlar 2030 yilga kelib mamlakatga sayyohlar oqimining yiliga 30 mln kishigacha yetishiga olib keladi, 2020 yilgacha esa turizm sohasiga investitsiyalar $ 54 mlrd gacha yetadi.
«Alloh taolo zaminimizga neftdan ham qimmatliroq boylikni ato etganini yaxshi anglaymiz, – dedi shahzoda. – Mamlakatimizda ikki Muqaddas Masjid va dunyodagi eng muqaddas qadamjo – Ka’batulloh bor. Har kuni dunyodagi milliardlab musulmonlar unga qarab namoz o‘qishadi».
Turizm va qadimiy obidalar qo‘mitasi rahbari Sulton ibn Salmon ibn Abdulaziz yangi turistik vizaning bahosi hozircha aniqlanmaganini, ammo u qimmat bo‘lmasligini aytdi. Chunki turizmdan keladigan iqtisodiy foyda viza narxlaridan olinadigan foydadan ancha ko‘pdir, dedi u.
Hozir Saudiya Arabistoni ma’lum davlatlar fuqarolariga viza beradi, lekin shunda ham qator talablar va cheklovlar bilan. Masalan, sayyoh faqat akkreditatsiyadan o‘tgan shirkat orqali mamlakatga kelishi va belgilangan mehmonxonalarda turishi kerak.
info.islom.uz
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Agar madrasaviy naql mutavotir bo‘ladigan bo‘lsa, unda nima uchun hanafiylarning mutavotirida molikiylarning mutavotiriga teskari keladigan joylar bor?
Darhaqiqat, hanafiy mazhabi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan mutavotir darajada yetib kelgan bo‘lsa, molikiy mazhabi ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan mutavotir darajada yetib kelgan bo‘lsa, nima uchun bu mutavotirlar o‘zaro bir xil emas?
Imom Hafs rohimahullohning qiroati bilan imom Sho‘baning qiroati mutavotir emasmi? Yetti qiroat mutavotir emasmi? Lekin ular boshqa-boshqa-ku?!
Demak, «mutavotir bo‘ldi» degani bir xil bo‘ldi degani emas ekan. Shuningdek, Buxoriyda kelgan ba’zi sahih hadislar ham aynan o‘sha Buxoriyda kelgan boshqa bir hadisga teskari kelishi mumkin. Biz esa bu kitobdagi barcha hadislarning sahih ekaniga ishonganmiz.
Shuningdek, Buxoriy va Muslimda ham bir-biriga teskari hadislar bor. Unisi ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan sahih bo‘lib yetib kelgan, bunisi ham. Demak, sahih va mutavotir bo‘lish – naqlda bir xil bo‘lish degani emas ekan, chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan hodisalar turlicha bo‘lgan.
Ba’zilar mutavotirni ma’lum bir ko‘rinishda naql qilishgan, ba’zilar esa mutavotirni yoki mustafizni boshqa bir joyda boshqa bir ko‘rinishda naql qilishgan. Bularning barchasi kitoblarda bor. Bizning mavzuimizdagi nozik nuqta mutavotir bo‘lish emas, balki naql bo‘lishi sobitroq va ko‘p takrorlanganligidir. Bunga «mutavotir» deb nom berish esa majoziy ma’nodadir.
To‘g‘ri, ba’zi dalillar mutavotir bo‘lishi mumkin. Lekin asosiysi – naql qilish sobit ekanida eng yuqori darajasiga chiqqan bo‘lishi kerak. Shuningdek, ular keltirgan naql bilan biz keltirgan naql xilma-xil bo‘lishining zarari yo‘q, chunki hanafiylar Ko‘fada istiqomat qilgan Abdulloh ibn Mas’ud, Aliy ibn Abu Tolib va boshqa sahobalar roziyallohu anhumdan naql qilishgan bo‘lsa, molikiylar Oisha, Ibn Umar va Zayd ibn Sobit roziyallohu anhumdan naql qilishgan. Molikiylarning mazhabi Zayd ibn Sobitga, hanafiylarning mazhabi esa Abdulloh ibn Mas’udga borib taqaladi.
Ushbu mavzuga yakun yasash bilan birgalikda, ko‘p xavotirga o‘rin qolmasligi uchun quyidagilarni ham aytib o‘tsak:
Fiqhiy masalalarga nisbatan hadislarning soni juda ham ozdir. Avvalgi ma’lumotlarimizda hukmlar kelgan hadislarning soni uch ming, ikki ming, besh yuz yoki yetti yuz atrofida ekanini aytib o‘tgan edik. Bu juda ham kam son.
Shuningdek, oyatlarning ham soni chegaralangan. Ammo masalalar esa millionlab topiladi. Shuningdek, hadislar ham bor, marhamat, ko‘rishimiz mumkin. Oldingi va keyingi ulamolarimiz hukmiy hadislar haqida qanchalab kitoblar yozishgan. Ular o‘z kitoblarida «Mana bu hukmiy oyat, bu esa hukmiy hadis», deb zikr qilishgan. Ammo bu o‘rinda bahs hukmiy oyatlar yoki hukmiy hadislarda emas! Siz kutubxonadan bir necha dinorga hukmiy hadislar yozilgan kitob sotib olishingiz mumkin. Qur’oni Karim esa hamma joyda bor. Xo‘sh, shu ikkalasi bilan imom mujtahid bo‘lib qoladimi?
Bahsimiz bu nuqtada ham emas! Bahs ushbu masalalarni qanday qilib chiqarib olish, hukmlarni jamlash va ularni qanday tushunishdadir. Bu yerda hadis yetib kelish-kelmasligi masalasining ahamiyati qolmaydi! Axir oradan 1400 yil o‘tib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bizga sunnat yetib keldi-ku!
Mujtahid imomlar bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘rtalarida esa bir necha yillar, ya’ni 70-80-90 yillar o‘tgan, xolos! Ularning butun turmush tarzi Islomdan iborat edi, ular oila qurishda, o‘zaro munosabatlarda, boshqaruvda va barcha holatlarda Islom bilan hamohang edilar. Qanday qilib ularga hadis yetib bormagan bo‘lishi mumkin? Qanday qilib biz hayotimizning turli jabhalarida Islomdan uzoq bo‘la turib, «Bizga hadis yetib kelgan», deymiz? Shuning uchun «Hadis yetib kelgan-kelmagan», deb bahs qilishning hech bir qiymati yo‘q! Qur’on va Sunnat bor. Endi bu o‘rindagi bahsimiz ulardan qanday hukm chiqaramiz, qanday ijtihod qilamiz, ularni qanday tushunamiz va ulardan qoidalarni qanday chiqaramiz, degan ma’noda bo‘lishi kerak.
Yahyo ibn Qatton rohimahulloh: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan yetib kelgan sahih hadislarni ko‘rsatishini so‘rab, Alloh taologa to‘rt yil duo qildim», deganlar.
Biz o‘rganayotgan mavzu faqat hadis rivoyat qilish emas, balki imom Shofe’iyning muhaddislar yo‘lidan yurib, mazhab tuza olishidir. Muhaddislardan oldingilar esa hadislarni ham rivoyat qilishar, bir-biridan farqli fatvolar ham berishar edi. Gap ushbu hadislarga tayanish uchun qanday qilib mazhab va qoidalarni chiqarishdadir. Albatta, ushbu mavzu bizdan katta e’tibor talab qiladigan muhim mavzulardandir.
«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan