Jahonning eng konservativ mamlakatlaridan sanalmish Saudiya Arabistoni 2018 yilning 1 aprelidan xohlovchilarning bariga turistik va biznes vizalar berishga qaror qildi. Shu yo‘l bilan Saudiya iqtisodiyotni rivojlantirmoqchi va uni neftga qaramlikdan xalos qilmoqchi.
Daily Mail ning ma’lum qilishicha, valiahd shahzoda Muhammad ibn Salmon tomonidan amalga oshirilayotgan bunday islohotlar 2030 yilga kelib mamlakatga sayyohlar oqimining yiliga 30 mln kishigacha yetishiga olib keladi, 2020 yilgacha esa turizm sohasiga investitsiyalar $ 54 mlrd gacha yetadi.
«Alloh taolo zaminimizga neftdan ham qimmatliroq boylikni ato etganini yaxshi anglaymiz, – dedi shahzoda. – Mamlakatimizda ikki Muqaddas Masjid va dunyodagi eng muqaddas qadamjo – Ka’batulloh bor. Har kuni dunyodagi milliardlab musulmonlar unga qarab namoz o‘qishadi».
Turizm va qadimiy obidalar qo‘mitasi rahbari Sulton ibn Salmon ibn Abdulaziz yangi turistik vizaning bahosi hozircha aniqlanmaganini, ammo u qimmat bo‘lmasligini aytdi. Chunki turizmdan keladigan iqtisodiy foyda viza narxlaridan olinadigan foydadan ancha ko‘pdir, dedi u.
Hozir Saudiya Arabistoni ma’lum davlatlar fuqarolariga viza beradi, lekin shunda ham qator talablar va cheklovlar bilan. Masalan, sayyoh faqat akkreditatsiyadan o‘tgan shirkat orqali mamlakatga kelishi va belgilangan mehmonxonalarda turishi kerak.
info.islom.uz
Savol: Masjidul haromda namozlarni jamoat bilan o‘qib, keyingi namoz vaqtini kutib o‘tirganimizda, ayrim hojilarimiz yotgan holda uxlab qolib, keyingi namozga azon aytilganda, tahorat qilmay namoz o‘qishayotganiga guvoh bo‘ldim.
Buning xukmi dinimizda qanday? Chunki uxlash tahoratni buzadi deb o‘qiganmiz va shunga amal qilamiz. Yoki masjidul haromda ayrim hukmlar o‘zgaradimi?
Javob: Bismillahir rohmanir rohiym. Hanafiy mazhabiga ko‘ra, biror narsaga suyanib, yoki yonboshlagan holda uxlash tahoratni sindiradi. Bu hukm masjidul haromga ham tegishli. Siz aytgan hojilar yerga yonboshlagan holda uxlagan bo‘lsalar, tahoratlari sinadi. Lekin ko‘zini yumib, uxlamasdan, zikr qilib yotadiganlar ham bo‘ladi. Agar shunday qilgan bo‘lsalar, tabiiyki tahoratlari sinmaydi.
Masjidul haromda dunyoning turli nuqtasidan kelgan ziyoratchilar ibodat qiladi. Ularning ichida ilmli insonlar bilan bir qatorda ibodatga endi kirgan, shar’iy hukmlarni yaxshi o‘zlashtirmaganlar ham bo‘ladi. Ularning qilayotgan ishini ko‘rib, anavilar qilyapti-ku, demak, noto‘g‘ri emas ekanda, deb qilib ketavermaslik kerak.
Qolaversa, u yerda turli mazhab odamlari ibodat qiladi. Ayrim mazhablarda uxlash, badandan qon chiqish kabi ishlar tahoratni sindirmaydi. Ammo bizning mazhabimizda har ikkisi ham tahoratni buzadi va bunga ulamolarimiz bir qancha hadislarni dalil o‘laroq keltirganlar.
Shu bois, ulug‘ makonlarga ibodatga otlanayotgan odamlar: xoh erkak, xoh ayol kishi bo‘lsin, shar’iy hukmlarni bilib olishi yoki biladigan odam hamrohligida borishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Aks holda ibodat qilaman deb, gunohga botishi hech gap emas. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.