Sayt test holatida ishlamoqda!
05 Iyun, 2025   |   9 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:08
Quyosh
04:51
Peshin
12:27
Asr
17:35
Shom
19:56
Xufton
21:32
Bismillah
05 Iyun, 2025, 9 Zulhijja, 1446

Bola ustozini hurmat qilishni o‘rgansin

08.03.2018   5113   4 min.
Bola ustozini hurmat qilishni o‘rgansin

 Luqmoni Hakim o‘g‘liga bunday nasihat qilgan ekan: Ey, o‘g‘lim! Olimlar bilan hamnafas bo‘l, ustozlar orasida o‘tir, chunki Alloh taolo yeru osmonni suvi bilan obod qilganiday, qalblarni ham ilmu hikmat nuri bilan munavvar qiladi”.

Ilm-irfon tarqatish, yoshlarga ta’lim tarbiya berish naqadar ulug‘ fazilat va savobli ish ekani haqida Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda bunday deyilgan: Darhaqiqat, insonlarga yaxshilik va ilmu ma’rifatni o‘rgatgan barcha ustozlarga barcha hayvonlar, hattoki dengizdagi baliqlar ham istig‘for aytadi”.

Inson hayotida bilimi, ma’rifati bilan jamiyat a’zolari o‘rtasida qadr-qimmat va obro‘ e’tiborga ega bo‘ladi, hatto Odam alayhissalomni barcha farishtalardan ham yuqori maqomga ko‘targan narsa ilm-ma’rifatdir.

Haq taolo Qur’oni karimda ilmli kishilarning va ustozlarning martabalari yuksak darajalarga ko‘tarilishini bayon qilib, shunday deydi:   “Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur. Alloh qilayotgan (barcha yaxshi va yomon) amallaringizdan xabardordir” (Mujodala, 11)..

Olimlik, ustozlik maqomi naqadar ulug‘ va bemisl ekani haqida janobi Payg‘ambarimiz bunday marhamat qilganlar: Olimning boshqalardan ortiqligi oydin kechada oyning boshqa yulduzlardan ziyoda nurli ekaniga o‘xshaydi. Darhaqiqat, ulamolar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir. Payg‘ambarlar o‘zlaridan keyin dinor ham, dirham ham meros qoldirmaganlar. Ular o‘zlaridan faqat ilmu ma’rifatni meros qilib qoldirishgan. Kim bu meros ilmni olgan bo‘lsa, u katta baxtu saodatni qo‘lga kiritibdi” (Imom Termiziy, Abu Dovud va Ibn Mojalar  rivoyat qilgan).

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu Zayd ibn Sobit roziyallohu anhuning ulovi tizginini ushlab, unga minishiga yordam berib bunday deganlar: Ulamolarga shunday xizmat qilishga buyurilganmiz. Agar shogird ulug‘lik sifatiga yetmay turib, undan faxrlanib kibrlansa, johildir. Zero, ilm-hikmat mo‘min kishining yo‘qotgan narsasidir, qachon topsa, uni olishga haqli”.

Hazrat Ali roziyallohu anhu ilm o‘rganuvchiga qarata shunday deganlar: “Ustozning sendagi haqlaridan biri – sen odamlarga ommatan salom berib, muallimga xos salom berishingdir. Uning ro‘baro‘sida o‘tirishing, uning huzurida qo‘ling bilan ishora etmasliging, ko‘zingni qismasliging, ustozga keragidan ziyoda savol bermasliging, javob berishida unga yordam bermasliging, agar xohlamasa, unga qayta-qayta savol bermasliging, ustoz turishga harakat qilganda uning kiyimlaridan ushlamasliging, uning sirlarini fosh etmasliging, ustoz huzurida biron-bir masalada xato qilishini hech qachon tilamasliging, ustoz agar nogoh adashsa, uzrini qabul etishing, ustozga qarata: “Men falonchi bunday deganini eshitdim” yoki “falonchi sizning xilofingizga gapirdi”, deb aytmasliging, ustoz huzurida biron-bir olimni tavsiflamasliging, uzun suhbatidan hech qachon malolga kelmasliging, ustoz xizmatidan o‘zingni olib qochmasliging lozim bo‘ladi. Ustozning biron yumushi chiqib qolsa, uni ado etish uchun barcha shogirdlar chopishadi. Ustoz go‘yo bir xurmo daraxtiga o‘xshaydiki, sen undan biron narsa tushishini poylab turasan”.

Sohibqiron Amir Temurning shunday gapi bor: “Ilm va dinning mashhur ustozlari o‘z maslahatlari bilan podshohlarga yordam berib kelishgan”.

Ustozlar barchamizning, xususan, shogirdlarning ehtiromiga loyiq bo‘lgan buyuk insonlardir. “Ilm bilan mustahkamlanmagan har qanday ulug‘likning oqibati xorlikdir”, degan  ekan Ahnaf ibn Qays.

Hukamolardan biri shunday degan ekan: “Ota-onalar farzandlarini dunyodagi olovdan himoya qilishsa, ustozlar esa ularni oxirat olovido‘zaxdan muhofaza etishadi”.

Ilm toliblari va shogirdlar ham doimo ilmu ma’rifati ziyoda bo‘lish yo‘lida ustozlardan bilmaganlarini so‘rab-bilishda jiddiy harakat qilishlari lozim.

 

Muslim ATAYEV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo bo‘limi xodimi,

Tarix fanlari nomzodi

O‘MI Matbuot xizmati

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Arafa kuni ushbu 5 amalni bajarishni unutmang!

04.06.2025   5590   1 min.
Arafa kuni ushbu 5 amalni bajarishni unutmang!

1. Duo qilish. Bu kun qilingan duolar eng afzal duodir.

Solihlardan biri aytadi: "Allohga qasam! Arafa kuni biror duo qilsam, bir yil o‘tmasidan turib uni xuddi yorishgan tong kabi amalga oshganini ko‘rdim".

O‘tgan solihlar ehtiyojlari uchun qiladigan duolarini arafa kuniga saqlab qo‘yishar edi. Qanchadan qancha orzu-umidlar va duolar arafa kunida ijobat qilingan.


2. Ushbu duoni ko‘p qilish. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Duolarning yaxshisi arafa kunidagi, men va mendan oldingi nabiylarning “Laa ilaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu, lahul mulku va lahul hamdu va huva ’ala kulli shayin qodiyr”, deb aytgan duosidir”, dedilar.


3. Allohdan do‘zaxdan panoh so‘rash. Bu kundan ko‘ra do‘zaxdan ko‘p ozod bo‘ladigan kun yo‘q. Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Arafa kuni, Alloh bandalarni do‘zaxdan ko‘p ozod qilganchalik boshqa biror kun yo‘q!”.


4. Takbiri tashriq aytish. Bu kunning bomdod namozidan boshlab takbir aytiladi. “Allohu akbar! Allohu akbar! Allohu akbar! Laa ilaha illallohu vallohu akbar! Allohu akbar va lillaahil hamd”.


5. Ro‘za tutish. Bu kun tutilgan ro‘za ikki yillik gunohlarga kafforot bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Arafa kunining ro‘zasi undan oldingi va undan keyingi yillardagi gunohlarga kafforot bo‘ladi deb Allohdan umid qilaman”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Arafa kuningiz muborak bo‘lsin. Alloh taolo sizni bu kunning fazilatlaridan to‘liq bahramand etsin.

 

Davron NURMUHAMMAD