Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Iyun, 2025   |   11 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:50
Peshin
12:27
Asr
17:36
Shom
19:57
Xufton
21:34
Bismillah
07 Iyun, 2025, 11 Zulhijja, 1446

“E’lous-Sunan” asarining xizmati

08.03.2018   5182   8 min.
“E’lous-Sunan” asarining xizmati

Har bir fiqhiy mazhab o‘z ta’limotini asoslash maqsadida dastlab Qur’oni karim va Muhammad alayhissalom hadislariga suyangan holda ish tutgan. Sunniylik yo‘nalishidagi to‘rt mazhabdan biri hanafiylik mazhabi ham, aslida Qur’on va sunnatga asoslangan o‘z fiqhiy ta’limotiga ega.  

Hindistonlik mashhur olim Zafar Ahmad Usmon Tahonaviy hanafiylik mazhabiga oid hukmlar asli oyat va hadislarga asoslanganini isbotlashga urinib, yigirma jilddan iborat “E’lous-sunan” kitobini yozdi. Bu kitob 1997-2001 yillarda ikki marta Bayrut shahrida chop etildi. Muallif asarida oltita sahih to‘plam sohiblari Imom al-Buxoriy, Imom Muslim,  Imom Termiziy, Imom Abu Dovud, Imom Nasoiy,  Imom Ibn Mojja   asarlaridan  unumli foydalangan.

“E’lous-sunan” asari ham boshqa fiqhiy kitoblarning tartibidek tahorat va namoz kabi boblar bilan boshlangan va har bir fiqhiy masala oyat va hadislar hamda asarlar (sahobalarning so‘zlari) bilan dalillangan.

Hanafiylik mazhabiga bildirilgan e’tirozlar, raddiya va ixtiloflarni chuqurroq o‘rganib chiqish,  bugungi kun ilm ahillarining  ayni dolzarb vazifalari va ixtiloflarga barham berish yo‘lidagi maqsadlariga muvofiqdir. Ulamolar   ixtiloflar haqida fikr bildirib,  ular asosan ikki tur, e’tiqodiy va fiqhiy (asliy va far’iy) ixtiloflardan iborat ekanini ta’kidlashgan. E’tiqodiy masalalar dinimiz asosiga tegishli bo‘lib, bu sohada ixtilofga yo‘l qo‘yish aslo mumkin emas. Sunniylik yo‘nalishida bu masalada ixtiloflar yo‘q. Fiqhga oid masalalardagi ixtiloflarning o‘zi ham ikkiga bo‘linadi. Birinchisi masalaning turiga qarshi ixtilof bo‘lib, bu turdagi ixtilof harom hukmidadir. Chunki ixtilof qilinayotgan masalaning har ikkisi ham kitob va sunnat dalillariga asoslangandir.  Bu  turdagi ixtiloflarning o‘ziga yarasha sabablari va hikmatlari bor.

Mazhablar o‘rtasidagi “ixtilof”lar degan ibora  o‘rniga masalalarning “turli xilligi” iborasini qo‘llagan o‘rinliroqdir. Imomlari nazdida bir masalaning turli xil bo‘lishi dalillarini turli xil darajada, ya’ni “sahih”, “hasan” va “zaif”   bo‘lishi yoki  hadislarni  yetib borgan-bormaganligi sabab bo‘lgan. Mazkur imomlar xususida faqat yaxshi gumonda bo‘lish vojibdir. Ularning har birlari mujtahid ulamolar bo‘lib, qilgan ijtihodlarida to‘g‘ri yo‘l topgan bo‘lsalar ikkita ajr, xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lsalar bir ajrga sazovor bo‘laveradilar. Masalan, fiqhiy kitoblarda keltirilgan tahorat, namoz boblaridagi turli dalillarga asoslangan, turi xil ko‘rinishga ega bo‘lgan masalalarni olsak, bu masalalar turliligi Rasululloh alayhissalom sunnatlarida kuzatilgan va ularning o‘ziga xos hikmat hamda sabablari bor.

Ma’lumki, islom dini butun insoniyatga yuborilgan din bo‘lib, yer yuzining turli mintaqalarida, turli millatlarning urf-odatlarida, turmush tarzlarida namoyon bo‘ladi. Masalan, Afrika mintaqasi kabi suv tanqis hududlarda tahorat, tayammum, g‘usl kabi suv bilan bog‘liq masalalarni chuqurroq o‘rganishga hamda turli shakllarini tadbiq qilishga ehtiyoj kattadir. Shuningdek, sovuq va o‘ta sovuq mintaqalarning ham o‘ziga yarasha muammolari bor. Ulamolar bu kabi masalalarni atroflichi o‘rganib chiqib, bir masala bir mintaqa uchun o‘ta muhim bo‘lsa, manbalarga asoslanib imkon qadar yengillik yaratib, turli hil shakllarini ijtihod qilishgan. Masalan, tahorat bobidagi boshga mas'h tortish masalasida qo‘llarning orqa tomoni bilan gardanga mas'h tortishni hanafiy ulamolari mustahab amal deyishgan.“E’lous-sunan” asarida “Gardanga mas'h tortish bobi” da mazkur amalning mustahab ekaniga quyidagicha dalil keltiriladi:Kim tahorat qilganda ikki qo‘li bilan gardaniga mas'h tortsa, qiyomat kuni uning bo‘yni kishandan ozod bo‘ladi” (Abu Hasan ibn Fors rivoyati)

 Aynan shu amalni bid’at deb hisoblaydigan toifalar ham bor, ular bu kabi masalalardagi turli xillikning sabab va hikmatlarini o‘ylab ham ko‘rmaydilar va o‘z ixtiloflari bilan musulmonlar ommasi, ayniqsa,  Islom ta’limoti bilan endigina tanishib kelayotgan yoshlar o‘rtasida turli tushunmovchiliklarni keltirib chiqaradi. Natijada ko‘p o‘rinlarda yoshlar bilan ota-bobolari o‘rtasida kelishmovchilik va noroziliklar vujudga keldi. Bunday ixtiloflarning shar’iy hukmi harom hisoblanadi, chunki bu ixtiloflar bir dindagi odamlar o‘rtasida xusumat va adovatni yuzaga keltiradi. Shuningdek, tahorat asnosida quloqlarning ichi  va orqasiga mas'h qilish bid’at deb davo qilganlar ham bor, ularga raddiya sifatida dalil qilib mazkur hadisni keltirish mumkin.

 Shuayb rivoyat qiladi,  Rasululloh alayhissalomning oldiga bir kishi kelib, “Ey Rasululloh, tahorat qanday qilinadi deb so‘radi. Rasululloh bir idishda suv olib kelishni buyurdilar va ikki qo‘llarini kaftigacha uch marta yuvdilar, so‘ng yuzlarini uch marta yuvdilar, so‘ng qo‘llarini chig‘anog‘igacha  uch marta yuvdilar, so‘ng boshlariga mas'h tortdilar, so‘ng ikki  barmoqlarini quloqlarini ichiga kiritib, bosh barmoqlari bilan quloqlarini orqasini va ikki ko‘rsatkich barmoqlari bilan quloqlarini ichini mas'h qildilar, so‘ng oyoqlarini  uch marta yuvdilar, so‘ng: “Tahorat shunaqa bo‘ladi”,  Kim bundan ziyoda yoki kam qilsa, aniq bir yomon ish qilibdi va o‘ziga o‘zi zulm qilibdi dedilar” (Adu Dovud va Nasoiy rivoyatlari)

Shuni ham ta’kidlash kerakki, tahoratdagi hamma amallar  bir hadisni o‘zida mukammal aks etmagan bo‘lishi mumkin. Yuqoridagi hadisda ham tahoratdagi ko‘p amallar zikr qilinmagan, ammo bu boradagi boshqa hadislarni ham e’tiborga olish kerak. Tahoratdaga to‘rtta farz ado etilishi bilan tahorat ibodat qilishga kifoya qiladi, ammo undagi  dalillar orqali vorid bo‘lgan sunnat va mustahab  amallar farz amallarni mukammal bo‘lishi uchun garovdir.  Ulamolar tahoratdagi amallarni, tahorat masalasiga tegishli barcha hadislarni to‘plab, ularni atroflicha o‘rganib chiqib so‘ngra yakuniy xulosa berishgan. Hukm chiqarishdan oldin ayni masalaga tegishli bo‘lgan barcha manbalarni atroflicha o‘rganib chiqmaslik ixtiloflar vujudga kelishining asosiy omilidir. Shu o‘rinda bir rivoyat yodga tushadi: fil haqida eshitgan, lekin ko‘rmagan bir necha so‘qir kishilarni filning oldiga olib borib, mana qarshingizda fil turibdi, uni har biringiz ushlab ko‘rishingiz mumkin, deyilibdi. Shunda ulardan har biri alohida-alohida borib filning duch kelgan a’zosini ushlab paypaslab ko‘ribdi. Biri oyog‘ini, biri qulog‘ini va biri xartumini ushlab ko‘ribdi. So‘ngra har biridan fil haqida so‘ralibdi. Filning har xil a’zosidan tutgan so‘qirlarning xulosalari ham har xil bo‘libdi. Oyog‘ini ushlab ko‘rgan so‘qir kishi fil uzun va yo‘g‘on ustunga o‘xshagan narsa, desa; qulog‘ini ushlab ko‘rgani fil yapaloq, katta supraga o‘xshaydi, debdi; xartumidan tutgani fil uzun arqonga o‘xshagan mahluq, debdi. Fil haqidagi bu ma’lumotlar to‘g‘ri, ammo atroflicha emas.  Ikkinchi turdagi ixtiloflar ayni bir amalga qarshi chiqish, uni  yo‘qqa chiqarish ixtilofidir. Bu kabi ixtiloflar yuqorida aytilgan to‘rt manbaning birortasida qayd etilmagan amallarga qarshi yuzaga keladi hamda  o‘rinli bo‘lsa unga qarshi kurashiladi. 

 “E’lous-sunan” asarida bu kabi masalalar yetarlicha dalillar bilan yoritilgan. Bu kabi manbalarni yanada puxtaroq o‘rganish, ilmiy tahlil qilish ixtiloflarga barham berishning asosiy omillaridandir. Ixtiloflar har qanday jamiyatning ashaddiy dushmani, uni tanazzulga olib boruvchi  yomon illat ekani ma’lum. Chunonchi, Qur’oni karimda ham bu illatdan qattiq qaytarilganmiz: “Barchangiz Allohning arqonini mahkam tuting va bo‘linib ketmang. Va Allohni sizga bergan ne’matini eslang: bir vaqtlar dushman edingiz, bas, qalblaringizni  ulfat qildi. Uning ne’mati ila birodar bo‘ldingiz. Olovli jar yoqasida edingiz undan sizni qutqardi. Shunday qilib Alloh sizga O‘z oyatlarini bayon qiladi. Shoyadki, hidoyat topsangiz” (Oli Imron, 103),  Shuningdek, Anfol surasining 46-oyati hamda Rum 31-32-oyatlarida ham ixtiloflarga berilmaslik qat’iyan amr etilgan.

Rasululloh alayhissalomning hadislarida ham odamlar o‘rtalaridagi  g‘arazli tortishuvlar, ixtilof va firqabozliklar qattiq qoralanadi. Abu Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:Rasululloh alayhissalom:”Ixtilof qilmanglar. Qalblaringiz ixtilofli, bir-biriga zid bo‘lib ketadi (Imom Muslim rivoyati).

Bu kabi hadislar juda ko‘p rivoyat qilingan. Yuqorida ta’kidlanganidek ixtiloflar, o‘zaro kelishmovchiliklar har qanday jamiyat uchun zararlidir. Darhaqiqat, ixtiloflar qalblarni bir-biriga zid qilib qo‘yar ekan, insonlarning jamiyat ravnaqiga hissa qo‘shishi amrimahol bo‘lib qoladi.

Manbalar xazinasi ilmiy xodimi  Muhammadsiddiq Usmonov tayyorladi.

O‘MI Matbuot xizmati

                                             

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Muazzam kunlar og‘ushidamiz

05.06.2025   5749   4 min.
Muazzam kunlar og‘ushidamiz

Diyorimizga ulug‘ ayyom kirib kelmoqda. Qutlug‘ Iydul Azho vatandoshlarimizni xayru saxovat, mehr-oqibat sari chorlaydi. Bu bayram chin ma’noda odamiylik ayyomi. Insonlarga mehr, o‘ksik ko‘ngillarga shodlik ulashish fursati.


Qalblari himmat va karam ne’matidan bobahra xalqimiz bu muazzam kunlarni boy bermaslik uchun fursatni g‘animat biladilar va savobdan bahramand bo‘lib qolishga harakat qiladilar.


Dinimiz ko‘rsatmalari, shariat hukmlarini ustivor tutgan qodir vatandoshlarimiz qurbonliklar qilib, Haqni rozi qilishga, haqdorlar ko‘nglini olishga intiladilar. Yaratganning rahmati yog‘ilib turgan damlarda duolar mustajob bo‘ladi. Alloh taolo o‘zining kalomida “Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling”, - deb marhamat qiladi.


Bu borada sarvari koinot sayyidimiz ibratlari o‘rinli. Oila a’zolarimizni yo‘qlash, qo‘shnilar holidan xabar olishda, miskinlarni sevintirish-u, xastalar ahvolidan  ogoh bo‘lishda ularning hadisi muboraklari bizga nurli yo‘l, deymiz.


Amallar ko‘p. Ularga beriladigan savoblarning darajasi amalga qarab belgilanadi. Eng savobi ko‘p amal bu farz hisoblansa, boshqalarga yaxshilik ulashish undan keyingi o‘rinda turadigan ulug‘ ibodatdir!


Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida boshqalarga qilinadigan yaxshilikni farzdan keyingi o‘rinda turishini bayon qilib shunday dedilar: “Farzlarni ado qilishdan keyingi o‘rinda turadigan Allohga eng suyukli bo‘lgan amal bu musulmoning qalbiga xursandchilikni kiritishdir”.


Shuning uchun Shayx Abdulloh Hoshim rahmatullohi alayh qozilikdan kelgan maoshning teng yarmiga shirinlik sotib olib, o‘zlari bilan olib yurar va har doim uchratgan bolaga shirinlikdan berib, uni xursand qilar edilar.


Ulug‘ kunlarda turibmiz. Har damni g‘animat bilishlik, bir birimizga saxovatda ibrat bo‘lishimiz savobli amallar ekanini his qilmog‘imiz lozim. Bu kunda isrofgarchilikdan xoli dasturxonlar yozish, borimizni boshqalar bilan bo‘lishishga intilishimiz darkor. Xayrni,  yaxshilikni gunohga almashtirib qo‘ymaslik uchun ham uyg‘oq ko‘ngil bo‘lish talab etiladi.


Bugun muazzam kunlar og‘ushidamiz, dedik. Vatandoshlarimiz ulug‘ safarlarni ixtiyor etganlar. Ayni fursatlarda hojilarimiz Mino, Arofat vodiylarida, Muzdalifada – duolar qabul bo‘ladigan makonlarda, zamonlarda ibodatlar qilib, elu yurtga tinchlik, osoyishtalik so‘ramoqdalar. Bu duolar barakotidan diyorimiz ahliga qancha yaxshiliklar yetishadi, inshaalloh. Ibodatlar huzurini totgan odamlarning qalbi salim, ehsonu, muruvvatda peshqadam bo‘lishlari bu eng katta yaxshilik aslida. Hojilarimiz safar odoblarini tushunib, ulug‘ dargohlardan nasibador bo‘lib qaytadilar. Diyorimizga qaytganlaridan so‘ng esa yoshlarimiz ma’naviyatiga kamarbasta bo‘ladigan, Haq va haqiqat yo‘lida sidqidil xizmat qiladigan xolis Haq xizmatchilariga aylanadilar, degan umidimiz bor. Bunday ulug‘ ziyoratlar insonni qaysi yoshda bo‘lmasin, ezguliklarga xayrixox qiladi. O‘zgalar qalbini tushunishga, vatan va xalq manfaati yo‘lida sa’y-harakatga chorlaydi.


Bu kunlarning Yaratgan dargohidagi o‘rni musharraf. Hayit kechalarida duolar qabul bo‘ladi. Qurbonlik go‘shtlaridan nasibador oilalarga xursandchilik kiradi. Bu ehsonlar ortida ham mehr-oqibat, o‘zaro bag‘rikenglik maqsadi mujassam. Biz bu makonda yasharkanmiz, turli millatlar vakillari yagona O‘zbekistonning fuqarolarimiz. O‘zaro tenglik, adolat hukm surgan yurtda birodarlik, yaxshi qo‘shnichilik an’analarini qadrlab yashamoqdamiz. Mahallalarda hamkorlik bilan obodlik sari yo‘l ochilyapti. Vatanimiz kundan- kunga farovon, xalqimiz turmushi chiroyli bo‘lib boryapti. Bu ne’matlarga shukrona qilish, to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam bo‘lish ma’rifatimiz, ma’naviyatimiz kamolidan darak beradi.


Xalqimizga saodat va sano ayyomi – Qurbon hayiti muborak bo‘lsin! Barchamizni Yaratgan xayru xursandchiliklar ustida bardavom qilsin. Vatanimiz tinch, yurtdoshlarimizning oilalari farovon bo‘lsin.

Xolmurod MAMAJONOV,

Farg‘ona shahar “Ummul quro” masjidi imom-xatibi

O'zbekiston yangiliklari