Surxondaryo viloyatida turizmni rivojlantirish uchun 374 tarixiy, madaniy, san’at, me’moriy obidalar, noyob arxeologik qazilmalar mavjud.
Viloyatning tabiiy so‘lim go‘shalari, maftunkor sharsharalari, ma’danli suv va shifobaxsh tog‘ tuzlari agro-eko, tog‘ va tibbiyot turizmini keng yo‘lga qo‘yishga qulay imkoniyat yaratadi. Qadimiy bu yurtning o‘ziga xos urf-odat va an’analari, milliy hunarmandchilik buyumlari ham dunyo ahlida katta qiziqish uyg‘otib keladi.
Viloyatdagi boy tarixga ega qadamjolar, muqaddas ziyoratgohlar hududda ziyorat turizmini joriy etib, nafaqat mahalliy balki, xorijlik sayyohlar oqimini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Biroq, hozirgacha viloyatning bu boradagi salohiyatidan samarali foydalanishga e’tiborsizlik bilan yondashib kelinayotgan edi.
O‘zA xabariga ko‘ra, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasida belgilab berilgan vazifalar ijrosi doirasida ishlab chiqilgan ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” bu boradagi ishlarni yangi bosqichda ruyobga chiqarishga xizmat qilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil 19-20 yanvar kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida vohaning turizm salohiyatidan samarali foydalanib, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi daromadlarini oshirishga alohida e’tibor qaratgan edi. Shunga muvofiq viloyatda 2018-2019 yillarda Surxondaryo viloyatining turizm salohiyatini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi qabul qilinmoqda. Unda hududning yangilangan, zamonaviy qiyofasini yaratish, transport infratuzilmasini takomillashtirish, xorijdan tashrif buyurayotgan sayyohlarga sifatli xizmatlar ko‘rsatish kabi muhim masalalarga alohida ahamiyat berilgani ziyorat turizmi imkoniyatlaridan unumli foydalanishga qulay muhit yaratadi.
– O‘tmishda Surxondaryo muqaddas islom dinini targ‘ib qilgan va uni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan Hakim Termiziy, Iso Termiziy kabi ko‘plab buyuk olimlarga beshik bo‘lgan, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Surxondaryo viloyati vakili Sh.Ibragimov. – Boy tarixga ega bu yurtda So‘fi Olloyor, Alouddin Attor, Muhammad Zohid singari ulug‘ zotlar mangu qo‘nim topgan. Mazkur dastur asosida Boysun, Termiz, Jarqo‘rg‘on, Oltinsoy, Denov, Uzun, Sherobod tumanlaridagi muqaddas qadamjo va ziyoratgohlar rekonstruksiya qilinib, obodonlashtiriladi. Yo‘llar ta’mirlanadi. Savdo-hunarmandchilik do‘konlari quriladi. Xorijlik sayyohlarning emin-erkin ziyorat qilishi uchun barcha zamonaviy sharoitlar yaratiladi.
Denov tumanida Naqshbandiya ta’limotining asoschisi Hazrat Bahouddin Naqshbandning birinchi xalifasi Alouddin Attor mangu qo‘nim topgan muqaddas ziyoratgoh mavjud. Oltinsoy tumanida “Silsilai oliya” tarkibiga kiruvchi ulug‘ zotlardan yana biri – Muhammad Zohid maqbarasi, turkiy tasavvuf ta’limotining yirik namoyandasi So‘fi Olloyor qadamjosi va ul zot tomonidan barpo etilgan masjid saqlanib qolgan. Yangi yo‘nalishlarda ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”da aziz-avliyolarimiz muqaddas hoki qo‘yilgan bu maskanlarni obodonlashtirib, ziyoratchi sayyohlarning tahorat qilishi, namoz o‘qishi uchun zamonaviy qulayliklar yaratish, “halol” standartini joriy etish belgilab berilgan.
– Mamlakatimizda ziyorat turizmining yo‘lga qo‘yilayotgani yurtimizda yashab o‘tgan buyuk zotlarni yod etib, ularning haqiga duo qilish va ibratli hayot yo‘llarini chuqur o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakili A.Sayfuddinov. – Xorijlik sayyohlarning ham o‘tmishda yashab o‘tgan aziz avliyolarimizning diniy ta’limoti va islom dini rivojiga qo‘shgan salmoqli hissasi bilan yaqindan tanishishiga keng imkoniyat yaratadi. Muqaddas qadamjolar atrofi yanada obod, yanada ko‘rkam bo‘ladi.
Ziyorat turizmini rivojlantirish borasida amalga oshiriladigan keng qamrovli bunyodkorlik ishlari doirasida Termiz tumanidagi Kokildor ota, Qirq qiz, Sulton Saodat yodgorliklari, Chorgumbaz masjidi, Boysun tumanidagi Hazrati Eshonbobo ziyoratgohi va shifobaxsh suvi, Hazrati Sulton Valiy, Jarqo‘rg‘on tumanidagi Xo‘ja Samandar Termiziy ziyoratgohlari, Oltinsoy tumanidagi Xo‘jaipok ziyoratgohi va shifobaxsh suvi, Uzun tumanidagi Oq ostona bobo maqbarasi kabi tarixiy obidalar so‘lim go‘shaga aylantiriladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayhning ilm va fazllari mashhur bo‘layotgan va shuhrat qozonayotgan edi. U kishi o‘zlarining voqealarini quyidagicha so‘zlab beradilar: «Men «Siyratun-Nabiy sollallohu alayhi vasallam» kitobini olti jild qilib tamomladim. «Muhtaram Zotning siyratlaridagi biror jilva yoki ko‘rinish mening hayotimda ham bo‘lganmi yoki yo‘q? Agar bo‘lmagan bo‘lsa, u holda qanday bo‘ladi?» degan o‘y qayta-qayta qalbimda tinchlik bermas edi. Shu maqsad uchun Allohning biror valiysini qidirdim.
Thana Bhavandagi xonaqohda yashaydigan va Alloh taolo fayzlarini taratib qo‘ygan Mavlono Ashraf Ali Tahonaviy hazratlari haqida eshitgan edim. Shunday qilib, bir kuni Thana Bhavanga borishni niyat qildim va safarga chiqdim. Borib, hazrat bilan ko‘rishdim va bir necha kun u yerda turdim. Ortga qaytayotganimda hazrat Tahonaviy rahmatullohi alayhga: «Hazrat! Biror nasihat qiling», dedim. U zotning xayollariga o‘sha payt: «Shunday katta allomaga nima nasihat qilaman? Ilm va fazli butun dunyoga mashhur bo‘lsa», degan o‘y kelibdi. Keyin: «Ey Alloh! Qalbimga uning uchun ham foydali bo‘lgan va mening uchun ham foydali bo‘lgan narsani sol», deb duo qilibdi. Shundan keyin hazrat Tahonaviy rahmatullohi alayh Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayhga xitob qilib: «Ey birodar! Bizning yo‘limizda boshidan oxirigacha o‘zingizni xokisor tutishingiz kerak», debdilar.
Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayh aytadilar: «Hazrat Tahonaviy rahmatullohi alayh bu so‘zlarni aytayotganlarida qo‘llarini ko‘ksilariga olib borib, past tarafiga bir zarba berdilar, zarba xuddi mening qalbimga tushgandek bo‘ldi».
Hazratimiz Doktor Abdulhay rahmatullohi alayh aytadilar: «Bu voqeadan keyin Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayh o‘zlarini shunday xokisor tutdilarki, uning misli topilishi qiyin edi. Bir kuni qarasam, xonaqohning tashqarisida hazrat Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayh majlisga kelganlarning oyoq kiyimlarini tartiblayotgan ekanlar. Shunday tavoze’ va muhabbatni Alloh taolo u kishining qalbida paydo qildi va keyin yuksak darajalarga ko‘tarib qo‘ydi».
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan