Samarqand shahridagi Alisher Navoiy nomidagi markaziy istirohat bog‘i hududida o‘zbek va tojik adabiyotining ikki buyuk mutafakkiri – Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy haykali o‘rnatildi.
O‘zA xabariga ko‘ra, o‘tgan asr oltmishinchi yillarida taniqli haykaltaroshlar – H.Husniddinxo‘jayev va V.Lunev tomonidan qizil granit toshdan yasalgan ushbu haykal ilgari Samarqand shahridagi sobiq “Afrosiyob” mehmonxonasi yonida, ko‘rimsiz joyda edi. Keyinchalik haykal bu yerdan ko‘chirildi.
Samarqandlik ziyolilar va ijodkorlar, shahar jamoatchiligining taklifi bilan haykal uchun Alisher Navoiy nomidagi markaziy istirohat bog‘i tanlandi va nihoyatda qisqa muddat ichida ushbu maskan obod etilib, muhtasham haykal o‘rnatildi.
– Jahon adabiyotining bu ikki yirik vakili hayotida Samarqand alohida o‘rin tutadi, – deydi Samarqand davlat universiteti professori Dilorom Salohiy. – Ularning ikkisi ham yoshlik yillarida ilm-ma’rifat istab ushbu muazzam shaharga kelgan va bu ikki daho hayotida muhim ahamiyat kasb etgan. Shu jihatdan Samarqand shahrida Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy haykalining bo‘lishi va eng ko‘rkam maskanda o‘rnatilishi ayni muddaodir. Bu, shubhasiz, azaliy o‘zbek va tojik adabiyoti an’analari davom etib kelayotganidan dalolat berib, xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy aloqalarning rivojlanishiga xizmat qiladi.
Haykalning ochilish marosimida Samarqand viloyati hokimi T.Jo‘rayev O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida tobora mustahkamlanib borayotgan aloqalar, davlatimiz rahbarining yaqinda Tojikiston Respublikasiga amalga oshiriladigan davlat tashrifi haqida so‘z yuritdi. Mazkur ma’rifat maskani ikki qardosh xalqning azaliy do‘stlik va hamkorligini yanada kuchaytirishini ta’kidladi.
Haykal poyiga viloyat hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari tomonidan gullar qo‘yildi. Talaba va o‘quvchi-yoshlar ikki buyuk alloma ijodidan namunalar o‘qidi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Shu yil 16 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasi talabalari bilan ochiq muloqot o‘tkazdilar.
Suhbat avvalida Homidjon domla keyingi yillarda yurtimizda yoshlarning ta’lim-tarbiyasini yuksaltirishga katta e’tibor berilayotgani ta’kidlash barobarida O‘zbekiston musulmonlari idorasining tarixi va bugungi faoliyati haqida so‘zlab berdi. Xususan, ilk nomi “O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari idorasi” bo‘lgan tashkilot 1943 yil 20 oktyabrda tashkil topgani, 1992 yili “Movarounnahr musulmonlari idorasi”, 1995 yili “O‘zbekiston musulmonlari idorasi” deb davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani, istiqlolgacha 80 ta masjid faoliyat yuritgani, O‘rta Osiyoda yagona bo‘lgan Mir Arab madrasasida jami 10 nafar talaba o‘qitilganini aytib o‘tdi.
Homidjon domla o‘z so‘zi davomida mustaqillik ne’mati nasib etgandan so‘ng diniy-ma’rifiy sohada ulkan o‘zgarishlar bo‘lgani, xususan, so‘nggi yillarda muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan sohada amalga oshirilayotgan ko‘lamli islohotlar natijasi va muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari sa’y-harakatlari bilan yurtimiz masjidlari soni 2145 taga, diniy ta’lim muassasalari soni 14 taga yetgani, Fatvo va ilmiy-tadqiqot markazlari, diniy adabiyotlar nashri, “Vaqf” fondi jadal faoliyat olib borayotgani, umra bo‘yicha kvota olib tashlangani, hajga boruvchilar soni yildan-yilga ortib borayotgani, eng qadimiy va nodir qo‘lyozma sanalgan “Usmon mus'hafi”, “Langar Qur’oni” yuqori darajada ta’mirlangani, Diniy idora Kutubxona fondida 20 dan ziyod toshbosma va qo‘lyozma asarlar yaxshi holatda saqlab kelinayotgani va bu kabi amaliy ishlarning sanog‘i va salmog‘i ko‘pligini ta’kidlab, ana shu e’tibor va imkoniyatlarning qadriga yetish va har kim o‘z yo‘nalishida yetuk mutaxassis bo‘lib yurt rivoji va xalq farovonligiga hissa qo‘shishi lozimligiga urg‘u qaratdi.
Muloqot yakunida har bir talabaga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining “Yoshlarga nasihatim”, “Fitna ko‘z ilg‘amas xatar” kitoblari taqdim etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati