O‘zbekistonning bir guruh islomshunos, sharqshunos olimlari Buyuk Britaniyaga safari chog‘ida Kembrij universitetiga tashrif buyurib, ushbu nufuzli ta’lim dargohining professor va mutaxassislari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi, deb xabar beradi O‘zA.
Kembrij universitetining Markaziy Osiyo forumi direktori professor Sidxart Saksena bilan O‘zbekistonda yaqinda tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tatqiq etish markazi hamda Toshkent islom universitetining islomshunoslik ilmiy-tadqiqot markazi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Olimning ta’kidlashicha, Kembrij professor-o‘qituvchilari Toshkent islom universiteti, O‘zbekiston Islom akademiyasining talaba va tadqiqotchilari uchun maxsus ma’ruzalar o‘qiydi, O‘zbekistonda o‘tkaziladigan xalqaro forumlarda ishtirok etadi.
«Jahon reytinglarida Oksford universitetidan keyin ikkinchi o‘rinni muntazam egallab kelayotgan Kembrijning nufuzli nashrlarida o‘zbekistonlik mutaxassislar ilmiy maqolalari chop etiladi. Ikki tomon olimlari qo‘shma ilmiy guruhi tashkil etiladi. Hamkorlikda dolzarb mavzularda tadqiqotlar amalga oshiriladi», — deyiladi xabarda.
Tomonlar, shuningdek, Kembrij universitetida Xorazmiy va Ibn Sino stipendiyalarini ta’sis etish to‘g‘risida ham kelishib oldi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 12 fevralidan e’tiboran Kembrij universitetida o‘zbek tili darslari tashkil etildi. Erishilgan kelishuvlarga muvofiq, yangi o‘quv yilidan boshlab O‘zbekistondan kelgan mutaxassislar ushbu kurslarda dars bera boshlaydi.
O‘MI Matbuot xizmati
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi va uni tasdiqlash to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihalari ishlab chiqilib, keng jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi (https://uzbekistan2030.uz/uzc/muhokama).
Davlat dasturi loyihasida 5 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha 2025 yil uchun amaliy chora-tadbirlar, normativ-huquqiy hujjatlar ro‘yxati va maqsadli ko‘rsatkichlar nazarda tutilmoqda.
Loyihada atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” masalalari, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy, davlat boshqaruvi, sud-huquq, xavfsizlik va tashqi siyosat yo‘nalishlarida 2025 yilga mo‘ljallangan keng ko‘lamli islohotlar nazarda tutilgan.
Loyiha 2025 yil 22 yanvarga qadar keng jamoatchilik va ekspertlik muhokamalaridan o‘tkaziladi.
Har bir yurtdoshimiz 2025 yilgi Davlat dasturi loyihasi muhokamasida faol ishtirok etib, o‘z takliflarini uzbekistan2030.uz onlayn portali va regulation.gov.uz veb-saytlari orqali bildirishlari mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati