frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Diniy idora Samarqand ziyoratiga taklif etadi

07.03.2018   8175   3 min.
Diniy idora Samarqand ziyoratiga taklif etadi

Avval, O‘zbekiston musulmonlari idorasi “ziyorat turizm” faoliyatini yo‘lga qo‘ygani haqida xabar bergan edik. Endilikda, Diniy idora huzuridagi Muqaddas qadamjolarni saqlash va obod etish xayriya jamoat fondi yurtimizdagi ziyoratgohlarni obod etish bilan bir qatorda bunday tabarruk maskanlarga ziyoratlarni ham uyushtirish ishlarini boshladi. Dastlab Fond tomonidan Samarqand viloyatidagi qutlug‘ qadamjolarga ziyoratlar tashkil etilmoqda.

 

Samarqand ziyorati dasturi bilan tanishing:

 

Yo‘nalishi:   Toshkent – Samarqand – Toshkent

Davomiyligi:   1 kun

Transport turi:  Zamonaviy transport vositasi

To‘lov miqdori:   200000 so‘m

     

Vaqt

Faoliyat (ish, xizmat)lar tartibi 

05:00

05:30

Ziyoratchilarni belgilangan joyda to‘plash;

05:30

10:00

Samarqandga jo‘nash;

10:00

10:30

“Imom Buxoriy” majmuasi ziyorati;

10:30

11:00

Samarqanda shahriga yetib borish;

11:00

12:30

“Hazrati Hizr” va “Shohi Zinda” majmualari ziyorati;

12:30

14:00

Tushlik va peshin namozi;

14:00

17:00

“Imom Moturidiy” ziyoratgohi, “Bibixonim” masjidi, “Registon” maydoni, “Go‘r Amir” maqbarasi, “Ruhobod” maqbarasi, “Xo‘ja Ahrori Valiy” ziyoratgohi va “Mirzo Ulug‘bek” rasadxonasi ziyorati;

17:00

17:30

Ziyorat sovg‘alari xarid qilish;

17:30

22:00

Toshkent shahriga qaytish.

 

Ziyoratchilarga quyidagi xizmatlar ko‘rsatiladi: 

  • zamonaviy transport (ziyoratchilar soniga ko‘ra) xizmati;
  • safar davomida ziyoratga oid suhbat, ma’ruza va Qur’on qiroati;
  • salqin ichimliklar va shirinliklar;
  • ovqatlanish (nonushta va tushlik);
  • ziyoratgohlarga kirish chiptalari;
  • ziyoratgohlar haqida batafsil ma’lumotlar (ekskursiya xizmati);
  • esdalik uchun tarqatma materiallari.

 

Murojaat uchun: O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Muqaddas qadamjolarni    saqlash va obod etish xayriya jamoat fondi 

Telefon: (71) 150-64-11, (90) 186-59-18, (99) 899-59-18 

Ziyoratchilarni to‘planish joyi:  Hazrati Imom (Xastimom) jome masjidi yonida 

Eslatma: Yakka guruh shaklida yig‘ilgan ziyoratchilarni talab va istaklariga ko‘ra, guruhni Toshkent shahrining xohlagan manzilida yig‘ish va ziyoratga jo‘natish mumkin. 

 

Ikrom AHMЕDOV, Xayriya jamg‘armasi bosh mutaxassisi;

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Muqaddas maskanga munosabat qanday bo‘lishi kerak?

14.08.2026   383   2 min.
Muqaddas maskanga munosabat qanday bo‘lishi kerak?

Imom Buxoriy majmuasi nafaqat Ozbekiston, balki butun islom olami uchun ulugva muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.

Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.

Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.

Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.

Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.

Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.

Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.

Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari