Sayt test holatida ishlamoqda!
07 May, 2025   |   9 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:42
Quyosh
05:13
Peshin
12:25
Asr
17:20
Shom
19:30
Xufton
20:55
Bismillah
07 May, 2025, 9 Zulqa`da, 1446

Qur’on zabt etgan qalblar: Mansur ibn Ammorning qiroati

07.03.2018   9255   3 min.
Qur’on zabt etgan qalblar: Mansur ibn Ammorning qiroati

Abu Sa’iyd Ju’fiy aytadi: “Mansur (Iroq ahlining voizi)ning bunday deganini eshitdim:

“Kufada edim. Bir kuni kechasi tong otdi deb o‘ylab tashqariga chiqqandim, qarasam, hali tong otmagan ekan. Tong otishini kutib uylarning eshigi oldida o‘tirdim. Shu payt eshik ortidan bir kishining Robb azza va jallaga munojot qilayotganini eshitib qoldim. U o‘z munojotida “Robbim! Izzatingga va Jalolingga qasamki, ma’siyatim bilan Senga xilof qilishni iroda qilmadim. Lekin gunoh qilganimda, johilligim sababli qildim. Uqubutingdan qo‘rqaman. Gunoh qilganim nazar solib turganingni yengil sanaganimdan emas, balki, johilligimdan, nafsimning yomonligidan, gunohni chiroyli ko‘rsatganidan. Agar arqoning mendan uzilsa, kimning arqoniga bog‘lanaman? Ertaga qiyomat kuni huzuringda qanday turaman? Gunohkorlarga “do‘zaxga kiringlar” deyilib, solihlarga “Sirotdan o‘tinglar, Jannatga kiringlar” deyilganda, gunohkorlar bilan birga do‘zaxga kiramanmi yoki solihlar bilan birga Sirotdan o‘tib Jannatga kiramanmi? Holimga voy bo‘lsin, yoshim katta bo‘lgani sayin gunohlarim ham ko‘paydi. Holimga voy bo‘lsin, umrim uzaygani sayin ma’siyatlarim ham ziyoda bo‘ldi. Necha marta tavba qildimu, yana necha marta gunohga qaytdim? Robbimdan hayo qilish vaqti kelmadimi?!” der edi. Eshikka yaqin keldim-da, baland ovozda: 

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا قُوا أَنفُسَكُمْ وَأَهْلِيكُمْ نَاراً وَقُودُهَا النَّاسُ وَالْحِجَارَةُ عَلَيْهَا مَلَائِكَةٌ غِلَاظٌ شِدَادٌ لَا يَعْصُونَ اللَّهَ مَا أَمَرَهُمْ وَيَفْعَلُونَ مَا يُؤْمَرُونَ

“Ey iymon keltirganlar! O‘zingizni va ahli ayolingizni yoqilg‘isi odamlaru toshdan bo‘lgan o‘tdan saqlang. Uning tepasida qo‘pol, darg‘azab farishtalar bo‘lib, ular Allohning amriga isyon qilmaslar va nimaga buyurilsalar, shuni qilurlar” (Tahrim surasi, 6-oyat) oyatini o‘qidim.

Ichkaridan o‘sha odamning qattiq iztirobga tushganini eshitdim. O‘zimcha: “U kishi haliyam o‘sha holatda” deb o‘yladim-da, yo‘limda davom etdim.

Tong otgach, o‘sha hovli yoniga keldim. Qarasam, hovli yonida janozaga hozirlik ko‘rilyapti. Bir keksa xotin hovliga kirib-chiqib turibdi. “Ey onaxon, bu kimning janozasi?” deb so‘radim. Ayol: “Mendan nari ket! Yaramni yangilama!” dedi. Men unga: “Onaxon, men bir musofir odamman. Sizdan samimiy ma’noda so‘rayapman” dedim. Shunda ayol: “Agar musofir bo‘lmaganingda, janoza kimnikiligini aytmasdim. Bu mening o‘g‘lim. Shu kechasi bir odam uyimiz yonidan o‘tayotib, bir oyatni tilovat qilibdi. Unda do‘zaxning zikri bor ekan. O‘g‘lim o‘sha oyatni eshitib, qattiq iztirobga tushib, shu holda vafot etibdi” deb javob berdi. Shunda men: “Alloh azza va jalladan qo‘rqish mana shunday bo‘ladi” dedim”.

Bu qissani Ibn Javziy rahimahulloh “Sifatus sofva” nomli asarlarida zikr qilganlar.

 

Abu Is'hoq Sa’labiyning “Qotla-l-Qur’an” nomli

asaridan Nozimjon Iminjonov tarjimasi

O‘MI Matbuot xizmati

 

 

Qur'oni karim
Boshqa maqolalar
Maqolalar

O‘zbekiston – ziyorat turizm o‘chog‘i

05.05.2025   3907   5 min.
O‘zbekiston – ziyorat turizm o‘chog‘i

Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan O‘zbekiston islom dunyosi xaritasidagi eng muhim nuqtalardan biri sanaladi. Uning qadimiy shaharlari - Samarqand, Buxoro, Termiz, asrlar davomida nafaqat savdo va ilm-fan markazlari bo‘lib xizmat qilgan, balki musulmon olamining barcha burchaklaridan ziyoratchilarni o‘ziga jalb etgan muqaddas maskanlarga aylangan.


Bugungi kunda O‘zbekiston ziyorat turizmi sohasida tobora ko‘zga tashlanayotgan yo‘nalishga aylanmoqda, bunda ma’naviy meros, boy tarix va mehmondo‘stlikning noyob uyg‘unligini taqdim etmoqda. 


Buyuk allomalar va avliyolar zamini 


O‘zbekistonga ziyoratchilarni jalb etadigan eng muhim omillardan biri - bu mashhur islom ulamolari, shayxlar, so‘fiy ustozlar va solih insonlar bilan bog‘liq ko‘plab maqbaralar va ziyoratgohlarning mavjudligidir. Bu yerda buyuk Imom al-Buxoriyning maqbarasi joylashgan. U mashhur “Sahihul Buxoriy” hadislar to‘plamining muallifi bo‘lib, bu asar ahamiyati jihatidan faqat Qur’oni karimdan keyingi o‘rinda turadi. Samarqand yaqinida joylashgan uning maqbarasi butun dunyo musulmonlari uchun muhim ziyoratgohga aylangan. 

 


Buxoroda islom olamining ma’naviy hayotida muhim o‘rin tutgan naqshbandiya tariqati asoschisi Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qilish mumkin. Uning ta’limoti kundalik hayotda botiniy poklanish va ibodat qilishning ahamiyatini ta’kidlagan bo‘lib, Hindistondan to Yaqin Sharqqacha bo‘lgan musulmonlar tafakkuriga chuqur ta’sir ko‘rsatgan.


Bundan tashqari, O‘zbekiston Imom at-Termiziy, Imom al-Moturidiy, Imom Marg‘uziy kabi buyuk allomalarning vatanidir. Ularning asarlari diniy falsafa, shariat ilmi va hadisshunoslikning poydevorini tashkil etgan. Bu allomalarning maqbaralarini ziyorat qilish nafaqat ma’naviy ehtirom ko‘rsatish, balki islom ilmining ildizlariga yaqinlashish imkoniyatidir.


Ma’naviy sayohatlar uchun zamonaviy infratuzilma


So‘nggi yillarda O‘zbekiston rahbariyati ziyorat turizmini faol rivojlantirib, islom mamlakatlaridan tashrif buyuradigan mehmonlar uchun infratuzilma va sharoitlarni takomillashtirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Masjid, maqbara, madrasa va boshqa muqaddas joylar asl ko‘rinishini saqlab qolgan holda ta’mirlanmoqda. Ularning atrofida qulay sharoitlar yaratilmoqda: mehmonxonalar, dam olish maskanlari, qulay transport vositalari, arab, ingliz, fors va boshqa tillarda xizmat ko‘rsatuvchi tarjimonlar hamda gidlar ishtirokidagi sayohat dasturlari tashkil etilmoqda.


Fors ko‘rfazi mamlakatlaridan kelgan ziyoratchilar uchun safar davomidagi barcha diniy va madaniy jihatlarni inobatga olgan holda maxsus ziyorat dasturlari tashkil etiladi. O‘zbekiston nafaqat oddiy sayohat qilinadigan mamlakat, balki har bir mo‘min-musulmon ehtirom va tarixiy vorislik ruhini his eta oladigan haqiqiy ma’naviy tiklanish markaziga aylanmoqda.

Madaniy va diniy boyliklar 


O‘zbekistonga ziyorat qilishning o‘ziga xos jihatlaridan biri islom sivilizatsiyasining madaniy merosi bilan yaqindan tanishish imkoniyatidir. Samarqanddagi Registon, Buxorodagi Poi Kalon majmuasi, Xivadagi Ichan-qal’a kabi me’moriy ansambllar o‘zining ulug‘vorligi va ma’naviy teranligi bilan kishini hayratga soladi. Bu yodgorliklar arab xattotligi, geometrik naqshlar, gumbazli me’morchilik va Sharq falsafasi uyg‘unlashgan boy islom san’atining yorqin namunasidir. 


Bu yerga ziyorat qilish nafaqat diniy sayohat, balki Samarqand va Buxoro o‘z ahamiyati jihatidan Bag‘dod, Qohira va Qurtuba bilan teng bo‘lgan Islomning Oltin davri tarixiga madaniy cho‘mish hisoblanadi. 


O‘zbekiston - Sharq va G‘arb o‘rtasidagi ko‘prik 


O‘zbekiston tarixan sivilizatsiyalar chorrahasida joylashgan. Bu xususiyat ko‘p millatli va ko‘p konfessiyali madaniyatning rivojlanishiga turtki bo‘ldi, bu yerda islom nafaqat din, balki sivilizatsiya birligining asosiga aylandi. Bugungi kunda respublika Sharq va G‘arb o‘rtasida madaniy va ma’naviy ko‘prik vazifasini bajarishni davom ettirmoqda.


Bu, ayniqsa, haqiqiy ma’naviy qadriyatlarga, hayot ma’nosi va ichki muvozanatni izlashga qiziqish ortib borayotgan zamonaviy dunyoda muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston o‘z mehmonlariga aynan shunday yo‘lni - mehr va hurmat bilan saqlanib kelinayotgan buyuk islomiy meros bilan tanishish orqali ildizlarga, haqiqatga, Allohga erishish yo‘lini taklif etadi.

Arab mamlakatlaridan kelgan musulmonlar uchun O‘zbekistonga qilgan safar shunchaki sayohat emas, balki haqiqiy ma’naviy kashfiyotga aylanishi mumkin. Bu islom tarixining kam ma’lum, biroq ulug‘vor joylarini o‘zlari uchun kashf etish, mahalliy aholi bilan muloqot qilish, qardoshlik, birdamlik va islomiy hamjihatlik muhitiga sho‘ng‘ish imkoniyatidir.


O‘zbekiston nafaqat islomiy merosni saqlab qolmoqda, balki uni butun dunyo bilan baham ko‘rmoqda, odamlarni ma’naviyatni izlashga, tarixni hurmat qilishga va musulmon xalqlari o‘rtasidagi birodarlik aloqalarini mustahkamlashga ilhomlantirib kelmoqda.


Ziyovuddin Nuriddinov, O‘zA

Ibratli hikoyalar