Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

Abu al-Mu’iyn an-Nasafiy – ilm dengizidir!

7.03.2018   4156   5 min.
Abu al-Mu’iyn an-Nasafiy – ilm dengizidir!

«Sharqu g‘arbning olimu ulamolari Abu al-Mu’iyn an-Nasafiy ilmining dengizidin bahra topib, ul taratg‘on ziyo nurlarini ko‘zlariga to‘tiyo qilib surtg‘onlar[1]».

Abu al-Mu’iyn an-Nasafiy nomi bilan mashhur bo‘lgan allomaning to‘liq nomi Maymun ibn Muhammad Mu’tamid ibn Makhul bo‘lib, 1027 yilda Nasaf (Qarshi)da tavallud topgan. Alloma 1114 yili — 87 yoshida Samarqandda vafot etgan.

IX—X asrlarda islom keng tarqalgan Yaqin va O‘rta Sharq, Markaziy Osiyo o‘lkalarida islom ilohiyoti, falsafasi, kalom ilmi rivoj topdi. Bu sohalarga bag‘ishlangan qator asarlar va kalom masalasi bilan shug‘ullanuvchi yirik mutakallimlar vujudga keddi.

Kalom ilmining bir qancha yo‘nalishlari bo‘lib, ulardan al-ash’ariyya va al-moturidiyya yo‘nalishlari g‘oyatda keng tarqalgan. Al-ash’ariyya maktabining asoschisi bag‘dodlik olim Abdul Hasan al-Ash’ariy (873—935), al-moturidiyya maktabining asoschisi samarqandlik taniqli olim Abu Mansur al-Moturidiy (870—944) ta’limotidan saboq olgan an-Nasafiy asosan al-moturidiyya maktabiga mansub G‘azzoliyning maslagiga amal qilgan olimlardan hisoblangan. O‘z navbatida al-Iyjiy (1355- yilda vafot etgan), Sa’duddin at-Taftazoniy (vafoti 1390 yil) va boshqa ko‘plab taniqli olimlar an-Nasafiy ta’limotiga tayangan holda faoliyat ko‘rsatib, kalom ilmida barakali ijod etib, yetuk olimlar darajasiga ko‘tarilganlar.

Manbalarda keltirilishicha, an-Nasafiy o‘n beshga yaqin asar yaratgan bo‘lib, ularning aksariyati kalom ilmining turli masalalariga bag‘ishlangan. Ular quyidagilardir: «Al-U’mda fi usul al-fiqh», «Bahr al-kalom fi i’lm al-kalom», «Tabsirat al-adilliti fi i’lm al-kalom», «At-Tamhiyd li-qavoi’d at-tavhiyd fi i’lm al-kalom», «Al-O’lim val-muta’llim», «Iyzohal-mahajatiy li-kovn al-aql huj-jatan», «Sharh al-Jomi’ al-Kabir lish-Shayboniy fi furu’», «Manoxij al-aimmati fil furu’», «Mutaqidot» (Toshkentdagi Abu Ray-hon Beruniy nomli Sharqshunoslik institutida Abu al-Mu’iyn an-Nasafiyning bu asaridan bir qo‘lyozma saqlanadi (inv. № 40008/2) Arab tilida yozilgan ushbu asar 52 varaqdan iborat).

Allomaning «Bahr al-kalom» asari alohida ahamiyatga egadir. Asarning oltinchi bobidagi fasl (bo‘lim) to‘rt banddan iborat bo‘lib, ulardan birinchisi «al-Imomat» (Imomlikka oid) deb atalgan va shu bandda keltirilgan Payg‘ambar alayhissalomning ikki hadisi katta ilmiy ahamiyatga ega. Birinchisi, «Iqtadu billaziyna min ba’diy Abu Bakr va Umar» (bu hadislarni Imom at-Termiziy, Imom ibn Moja, Ahmad ibn Hanbal va boshqa bir qancha muhaddislar o‘z asarlarida rivoyat qilganlar.) — «Mendan keyin Abu Bakr va Umarga iqtido qilinglar», degan bo‘lishiga qaramay xalifalik ustida ikki kun bahs bo‘lgan.

Ikkinchi hadisdagi «Mendan keyin xalifalik o‘ttiz yil, undan keyin amirlik, podshohlik va hokazolar bo‘ladi», degan fikrlari nakadar to‘g‘riligini alohida qayd qilish zarur. Chindan ham bu muddat (ya’ni o‘ttiz yil) choryorlar paytida tugagan. Bu kitob kalom ilmi bo‘yicha al-moturidiyya maktabining asosiylaridan biri hisoblanadi. Chunonchi bu asar ash-shayx Abu Mansur al-Moturidiy asos solgan islomiy aqidaning eng bosh manbalaridan sanaladi. Ayniqsa, islom dinida turli-tuman oqimlar va ta’limotlar yaratilayotgan hozirgi paytda bu asarning ilmiy-amaliy ahamiyati beqiyos darajada kattadir.

Abu al-Mu’iyn an-Nasafiy o‘z kitobini yaratishda asosiy manba sifatida Imom Abu Mansur al-Moturidiyning «At-Tavhid», Imom Abul Hasan al-Ash’ariyning «Al-Lam’a», «Maqolot al-Islomiyyin», Imom al-Haramayn, Imom Abu al-Maoliy Abdulmaliy al-Juvayniyning «al-Irshod» asarlaridan foydalangan.

«Bahr ul-kalom» asari alloma ijodining gultoji hisoblanib, islom dini falsafasini tashkil qilgan kalom ilmi bo‘yicha eng qimmatli manbalardandir. Bu kitobning bir qancha qo‘lyozma va kitobiy nashrlarining mavjudligi ham uning muhim manbalardan ekanligidan dalolat beradi va uning qimmatli qo‘lyozma nusxalari Dubaydagi Jum’a al-Mojid nomli madaniyat va meros markazida, (1167 hijriy yilda ko‘chirilgan), Damashqdagi az-Zohiriya kutubxonasining qo‘lyozmalar bo‘limida, Bag‘doddagi «Maktabat al-Avqof»da, qohiradagi mashhur «Dor ul-kutub»ning qo‘lyozmalar bo‘limida saqlanadi. Ushbu qo‘lyozmaning 950 hijriy yilda oddiy xat bilan ko‘chirilgan nusxasi Iskandariya (Misr)ning «Maktabat al-baladiyya» nomli kutubxonasida ham bor. Asar muhim manba sifatida ikki marta nashr ham etilgan. Jumladan, 1886 yili Bag‘dodda, 1908 yili Qohirada chop etilgan. Lekin ushbu nashrlar tadqiqotsiz amalga oshirilgan bo‘lib, faqat asar matnidan iborat.

«Bahr ul-kalom»ga ayrim sharhlar ham bitilgan. Jumladan, Olim Badruddin Hasan Ibn Abu Bakr Ahmad al-Makdisi (1415 yili vafot etgan) asarga bag‘ishlagan sharhini «g‘oyat al-marom fi sharhi «Bahr al-kalom» deb atagan. Bu sharhning bir qo‘lyozma nusxasi qohiradagi «Dor ul-kutub»da, boshqasi Misrdagi «al-Maktabat al-Hadya-vaya»da saqlanadi. Taniqli arab olimi Hoji Xalifa ham o‘zining mashhur «Kashf uz-zunun» asarida «Bahr ul-kalom»ga yozilgan faqat shu sharh haqida zikr qilgan, xolos.

Sirasini aytganda, Buyuk vatandoshimiz Abu al-Mu’iyn an-Nasafiy hayoti va ilmiy merosini har tomonlama chuqur o‘rganish madaniyatimiz tarixini yoritishda katta ahamiyatga egadir.

[1] Umar ibn Muhammad an-Nasafning «Al-qand fi zikri ulamoi Samarkand» («Samarkand olimlari zikrida qanddek (shirin) kitob») nomli asarida uchratish mumkin.

Komiljon Soliyev,
«Oq tunika» jome masjidi imom xatibi

O‘MI Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Siz kutayotgan kun hech qachon kelmaydi

10.01.2025   2189   2 min.
Siz kutayotgan kun hech qachon kelmaydi

G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.

Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).

Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.

Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».

Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.

Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.

Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev 
tarjimasi.