Savol: Bir kunda besh vaqt namoz bor, deymiz. Vitr namozi-chi? Yoki u xufton namozi tarkibiga kiradimi?
Javob: Yo‘q, vitr xufton namozi tarkibiga kirmaydi. U alohida namoz, lekin vaqti xufton namozi vaqtidir, Payg‘ambarimizga farz, ummatlariga esa (bizning mazhabga ko‘ra) vojib qilingan (Saraxsiy. “Muhit”). Chunki Rasululloh bunday marhamat qilganlar: “Ey Qur’on ahli, vitr namozini o‘qing! Zero, Alloh taolo toqdir, toqni yaxshi ko‘radi” (Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).
“Vitr” lug‘atda toq ma’nosini bergani uchun hadisda “Alloh taolo toqdir, toqni yaxshi ko‘radi”, deyilmoqda.
Vitr namozi xufton vaqti kirganidan boshlab kechaning oxirigacha o‘qilaveradi. Ammo xuftondan oldin o‘qish joiz emas. Agar vitr xufton namozining tarkibiga kirganida, uni kechaning oxirigacha kechiktirish makruh bo‘lardi. Holbuki, uni kechaning oxirigacha (bomdod vaqtiga qadar) kechiktirib o‘qish mustahabdir (“Tabyin”).
Hanafiylikda vitr namozi uch rakat. Har bir rakatida Fotiha surasi o‘qiladi. Uning birinchi rakatida A’lo, ikkinchi rakatiga Kofirun, uchinchi rakatiga Ixlos suralarini o‘qish mandubdir. Bunga Rasulullohning vitr namozini ana shunday o‘qiganlari haqidagi Imom Ahmad, Nasaiy va Ibn Mojaning Ubay ibn Ka’bdan rivoyat qilgan hadislari dalil bo‘ladi (“Fiqhul islam va adillatuhu”).
Vitr namozining uchinchi rakatida “Qunut” duosini o‘qish, sahih qavllarga ko‘ra, vojibdir (“Javharatun nayyira”).
“So‘ragan edingiz” kitobidan
O‘MI Matbuot xizmati
Bilasizmi? Silikat moddasiga boy bo‘lgan tuproqqa dafn qilingan insonning skeleti vaqt o‘tishi bilan tosh va xarsangga aylanadi.
Agar u pirit (temir sulfidi) moddasiga boy mintaqaga dafn qilinsa, unday jasad temir haykalga aylanib qolishi mumkin!
Bu ilmiy haqiqat yaqinda aniqlangan bo‘lsa-da, Qur’onda bu haqida 1445 yil oldin hayratlanarli tarzda juda aniqlik bilan bayon etilgan. Qur’onda bunday deyilgan:
وَقَالُوا أَإِذَا كُنَّا عِظَامًا وَرُفَاتًا أَإِنَّا لَمَبْعُوثُونَ خَلْقًا جَدِيدًا
"Ular: “Biz suyaklarga va chang- tuproqlarga aylanib ketganimizdan keyin ham, yangitdan tiriltirilamizmi?” dedilar. “Sen ularga, toshga yoki temirga aylaninglar”, deb ayt"
(Isro surasi, 50-oyat).
Bu oyat yaqin yillarda kashf etilgan — suyaklari toshga aylangan yoki temir haykalga aylangan qazilmalarga ochiq va ravshan ishora qilmoqda. Go‘yoki Qur’onda xabar berilgan ushbu dalillar olimlar kashf qilishlarini uzoq asrlardan beri kutib yotgandek.
Shunday ekan, aqlli inson bunday ochiq-oydin va ravshan mo‘jizani qanday inkor qila oladi? Qur’onning bu mo‘jizasi kunduzdagi quyoshdek ravshan emasmi?
Homidjon domla ISHMATBЕKOV